OʻzNNTMA va Ekopartiya oʻrtasida memorandum imzolandi

16:01 24 Avgust 2019 Siyosat
348 0

Bugun Toshkent shahrida Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy ascotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan tomonidan mustaqilligimizning 28 yilligiga bagʻishlab tadbir oʻtkazildi. Bu haqda OʻzNNTMA matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, OʻzNNTMA xodimlari, partiya aʼzolari, ekologiya va tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ekolog-olimlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Boriy Alixonov xalqimizning asriy orzusi boʻlgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli aʼzosiga aylantirgan Oʻzbekiston mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi butun yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotganini eʼtirof etdi.

Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, jonajon yurtimiz boʻylab istiqlol tarovati taralayotgan, mustaqillik shodiyonalariga qizgʻin hozirlik koʻrilayotgan shu kunlarda bugungi farovon kunlar, ulkan yutuq va marralar zamirida xalqimizning manfaatlari yoʻlida uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrishimiz mumkin.

Tadbir davomida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Shundan soʻng OʻzNNTMA Kengashi raisi Nasimjon Alimov soʻzga chiqdi.

– Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishga erishish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash hamda hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratishga yoʻnaltirilgan ekologik siyosatini roʻyobga chiqarish, ekologiya sohasiga ixtisoslashtirilgan NNTlarni qoʻllab-quvvatlash dolzarb vazifadir, – dedi N.Alimov. – Binobarin, bu boradagi tadbir va dasturlar ijrosini taʼminlashda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish muhimdir. Imzolangan ushbu ezgu yoʻlda dasturilamal boʻladi. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, aholining ekologik xabardorligini oshirish, har ikki tomon mutaxassislarini jalb qilgan holda turli tadbirlar, aholi, xususan yoshlar va rahbar xodimlarning ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida oʻquv seminarlari, kurslari va anjumanlar, treninglar tashkil qilish ushbu memorandumning maqsadi hisoblanadi.

Tadbirda oʻzaro hamkorlik kelgusida atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?