“Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” AJ: Ishchi nega anonim xat yozdi?

11:37 05 Avgust 2019 Jamiyat
211 0

Illyustrativ foto

Avvalo taʼkidlash kerakki, keyingi bir-bir yarim yil davomida Qorovulbozor tumanida joylashgan mazkur yirik korxonaning ishlari bir oz yurishmay qoldi. Buning sabablari juda koʻp. Lekin hozir ular xususida batafsil toʻxtalish niyatida emasmiz. “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” aksiyadorlik jamiyati ishchisi tomonidan yozilgan anonim xat sabab bu yerdagi ahvolga bir qur nazar solishimizga toʻgʻri keldi.

Shubhasiz, har qanday maktub ortida odamlar taqdiri yotadi. Qolaversa, shikoyat xati oʻz–oʻzidan yozilmaydi. “Bizga toʻrt oydan beri oylik maoshimizni korxona maʼmuriyati berolmayapti, buning sababi oddiy — ishchilarga bogʻliq emas. Xayriyatki, oyning 15 kunida uyda boʻlamiz va qishloqlarda vaqtincha mardikorlik qilib, roʻzgʻor tebratayapmiz”, deya yoziladi xatda.

Sirasini aytganda, bu jamiyat ishchilari tomonidan ish haqining oʻz vaqtida berilmayotgani va boshqa kamchiliklar yuzasidan ommaviy axborot vositalariga qilingan dastlabki murojaat emas. Bundan avvalroq kun.uz saytida “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” aksiyadorlik jamiyatining “Shoʻrtan” uchastkasida ishlovchi xodimlarga oylik ish haqlarining oʻz vaqtida toʻlanmayotgani, mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasi meʼyorlariga rioya etilmayotgani toʻgʻrisida maqola eʼlon qilingan edi. Natijada tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi, kamchiliklarni tugatish yuzasidan chora–tadbirlar koʻrildi. Jamiyatda yangi rahbar ish boshladi. Ammo aftidan bu yerdagi ahvolni oʻnglash, yirik korxonaning avvalgi nufuzini tiklash uchun hali koʻp ish qilishga toʻgʻri keladi. Gap shundaki, kadrlar qoʻnimsizligi kuzatilmoqda. Deylik, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Buxoro viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan shu yilning 15-iyulida korxona rahbari A. Normatovga yoʻllangan xatdan maʼlum boʻladiki, 1-aprel holatida aksiyadorlik jamiyatida 2280 nafar ishchi–xodim bor. Korxona rahbariyatining bizga bergan maʼlumotga koʻra esa jamiyatda ayni damda 1950 nafar ishchi-xodim ishlamoqda. Binobarin, juda qisqa fursat oraligʻida korxonadan turli sabablarga koʻra, 300 nafardan ziyod kishi ishdan ketgan. Respublika, viloyat, tuman miqyosida aholi bandliginitaʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida katta ishlar olib borilayotgan pallada ushbu korxonada bunday manzarani koʻrish xavotirli, albatta. Negaki, yangi ish oʻrni yaratish joʻngina bitadigan yumush emas. Qolaversa, korxona kasaba uyushmasi rahbari Nazir Hamdamov biz bilan suhbatda taʼkidlaganidek, eski neft va gaz quduqlarini taʼmirlash ishchilardan yuqori malaka talab qiladi. Bunday malakali kadrlar osmondan tushib qolmaydi. Afsuski, maoshlarning kamligi, uning ham oʻz vaqtida berilmasligi, shart–sharoitlarning haminqadarligi tufayliayrim malakali ishchilar nisbatan yuqori ish haqi taklif qilayotgan turdosh korxonalarga oʻtib ketishyapti. Yoki boshqa bir kasb etagidan tutishga majbur boʻlishyapti.

Endi bevosita xatda aytilgan ish haqidan qarzdorlik masalasiga toʻxtalamiz. Korxona rahbariyatining tahririyatimizga yozma tarzda bergan maʼlumotiga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi buyurtmachilar tomonidan bajarilgan ish hajmi uchun toʻlanadigan toʻlov mazkur AJ sxemasi orqali berilishi sababli 2019-yil 31-iyul holatida ish haqidan mavjud qarzdorlik anonim xatda yozilgani kabi toʻrt oy emas, balki ikki oyni tashkil etmoqda. Aynan shu masalani jamoatchilik nazorati asosida oʻrganib borayotgan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi mehnatkashlarning ijtimoiy–iqtisodiy manfaaatlarini himoya qilish boʻlimi mudiri Jasur Toshev ham buni tasdiqladi. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, korxonaning may va iyun oylari uchun ish haqidan qarzdorligi 4 milliard 730 million 530 ming soʻmni tashkil etmoqda. Lekin ikki oy davomida maosh olmay roʻzgʻor tebratish kimga oson? Oʻziga tazyiq oʻtkazishlari mumkinligidan xavotir olib anonim xat yozgan ishchini shu maʼnoda tushunish mumkin. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154–moddasiga koʻra, ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼiy nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq toʻlashi shart. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-martdagi “Ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishiga doir qoʻshimcha chora–tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxonalar va tashkilotlar rahbarlari xodimlarga ish haqi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi uchun shaxsan javob berishadi. Binobarin, korxonaning yangi rahbari zimmasida juda katta masʼuliyat turibdi.

Maqolamiz soʻnggida obyektlari minglab kilometr masofalarda joylashgan, ishchilari murakkab tabiiy iqlim sharoitlarida mehnat qilayotgan, oʻziga xos anʼanalarga ega “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” aksiyadorlik jamiyatijamoasi taqdiri koʻp jihatdan “Oʻzbekneftgaz” AJga ham bogʻliqligini taʼkidlamoqchimiz.

Istam IBROHIMOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?