“Oʻzneftgazinspeksiya”: “Ayrim tashkilotchilar isteʼmolchilarni aldash va talon-taroj qilish orqali rivojlanishga harakat qilyaptilar”

11:11 07 Avgust 2019 Jamiyat
91 0

Bugungi kunda Oʻzbekistonda mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu imkoniyatlardan ishning koʻzini biladigan tadbirkorlar oqilona foydalangan holda samarali biznes yuritmoqda, oʻz nufuzini mustahkamlab, yangi ish joylari tashkil etmoqdalar. Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy Oʻzbekistonda tadbirkorlik bilan shugʻullanish – demak, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda oʻz ishini yuritish ishga masʼuliyat bilan yondashilgan holda doimiy tarzda takomillashtirib borilyapti.

Afsuski, hamma joyda ham vaziyat shunday emas va ayrim tashkilotchilar oʻzlarining hamkorlari – isteʼmolchilarni aldash va talon-taroj qilish orqali rivojlanishga harakat qilyaptilar, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bunday holatlar, jumladan, “Oʻzneftgazinspeksiya” tomonidan neft mahsulotlari va gazni oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berilishini oʻrganish boʻyicha butun mamlakat boʻylab oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan.

Xususan, joriy yilning 22-iyulida Toshkent viloyati hududida oʻtkazilgan tekshirishlarda qator jiddiy qonunbuzarliklar fosh etildi.

Misol uchun, Chinoz tumanidagi “Paxta neft bazasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan fermerlarga yoqilgʻi taqsimlash paytida 81 ming 365 litr kamomad yuzaga kelganligi, shuningdek, ortiqcha 140 litr EKO dizel yoqilgʻisi mavjudligi aniqlangan. Hisobotlardagi maʼlumotlar va dizel yoqilgʻisini amalda qoʻllash oʻrtasida 854 ming 730 litr nomuvofiqlik paydo boʻlgan. Shuningdek, texnik va metrologik singari boshqa kamchiliklar ham aniklandi.

Agar isteʼmolchilar oldidagi majburiyatlarni bajarish borasida aniq dalillarga murojaat etadigan boʻlsak, Oxunboboyev nomidagi FYOTP №13 12 ming 235 litr, FYOTP №11 51 ming 209 litr, H.Olimjon nomidagi FYOTP №41 7 ming 130 litr, Toshovul nomli FYOTP №36 10 ming 791 litr yoqilgʻi kamomadiga yoʻl qoʻygan.

Fermerlarga yoqilgʻi tarqatish punktlarida aniqlangan ortiqcha EKO dizel yoqilgʻilari haqida gap ketganda, bunday holatlarga Abay nomidagi FYOTP №22 (63 litr), Ulugʻbek nomidagi FYOTP №8 (77 litr) yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻlgan.

Talon-taroj etish orqali boyish faktlari Oʻrta Chirchiq tumani hududida oʻtkazilgan tekshirishlar jarayonida ham aniqlandi. Jumladan, “Kuchlik neft bazasi” MCHJ fermerlarga yoqilgʻi taqsimlash punktida ekologik toza dizel yoqilgʻisi kamomadi 200 litr, AI-80 markali benzin kamomadi 8 ming 190 litrni tashkil etishi maʼlum boʻldi. Shuningdek, bu yerda 8 ming 44 litr ortiqcha dizel yoqilgʻisi mavjudligi aniqlanib, mazkur turdagi yoqilgʻining haqiqiy taʼminoti va hisobotlardagi raqamlar oʻrtasidagi farqi 40 ming 5 litrni tashkil etishi aniqlandi.

Tekshiuvlar vaqtida xuddi shunday qonunbuzarliklarga “Turon” FYOTP - №1, “Navbahor” FYOTP №20, M.Ulugʻbek nomli FYOTP №37 hamda “Achamayli” “Achamayli” №77 da yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻldi.

Ayni bir vaqtning oʻzida yoqilgʻi taqsimlash punktlarida saqlanayotgan neft mahsulotlarining sifati ham oʻrganilgan. Ushbu maqsadda olingan namunalar hozirgi kunda “Oʻzneftgazinspeksiya” kimyo-nazorat laboratoriyalarida nazoratdan oʻtkazilmoqda.

Qayd etish kerak, tabiiy gazdan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan subyektlarda bu borada qonunlarga rioya etilishini oʻrganishga qaratilgan nazorat tadbirlarini oʻtkazish ham muhimdir. Xususan, bu jarayonda beshta ulgurji isteʼmolchi gaz quvurlariga noqonuniy ulanib olgani aniqlandi.

Ushbu holatlar yuzasidan tezkor hisob-kitoblar olib borilib, qoidabuzarlar hisobiga 11 million 807 ming metr kub tabiiy gaz yozildi.

Olmaliq shahridagi “Fruit intensiv“ ohak ishlab chiqarish korxonasi ana shunday yirik huquqbuzarlardan biridir. Ushbu korxona gaz taʼminoti shoxobchasi bilan shartnoma tuzmasdan 1 million 323 ming m3 gazni noqonuniy ishlatgan. Xuddi shunday noqonuniy yoʻl bilan Yuqori Chirchiq tumanidagi “Sifat ohak biznes” ohak ishlab chiqarish korxonasida ham 501 ming metr kub tabiiy gaz isteʼmol qilingan.

Suyultirilgan gazni aholi uylari va ijtimoiy muassasalarga belgilangan tartibga muvofiq yetkazib berilishi yuzasidan ham jiddiy tahlil oʻtkaziladi.

Afsuski, bu borada ham qonunbuzarliklar aniqlandi. Xususan, “Toshkent viloyati buyicha gaz taʼminoti” mintaqaviy filialining “Boʻka gaz taʼminoti” boʻlimi faoliyati tekshiruvdan oʻtkazilganda, umumiy hajmi 170 ming 42 kg boʻlgan maqsadga koʻra foydalanilmagan gaz ballonlari mavjudligi fosh etilgan.

Bundan tashqari, tekshiruv vaqtida ushbu boʻlimda 2019-yil yanvar-iyun oylarida isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi paytida 2 ming 360 kg kamomadga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida isteʼmolchilarga gaz yetkazib berilgani toʻgʻrisidagi hisobot varaqalarida imzolarni qalbakilashtirilgani ham taqqoslash yoʻli bilan aniqlandi. Yaʼni, aksariyat hollarda, uy egalari oʻrniga boʻlim ishchilarining oʻzlari imzo chekkanlar. Bundan tashqari, 140 ming 740 kg suyultirilgan gazga doir hujjatlar hisobot hujjatlaridan yoʻqotilgan. Yaʼni, qoʻpol qoidabuzarliklar, shu jumladan hisobotni soxtalashtirish holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Bunday soxta tadbirkorlar shu tarzdagi qonunbuzarliklar bilan boyish mumkin va ular hech qachon fosh etilmaydi, deb oʻzlarini ishontiradilar. Biroq, bunday boʻlmaydi. Tekshirishlarda aholi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlarning bank tizimiga yetib bermaslik faktlari ham aniqlandi. Gaz boʻlimlarining maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-may oylari mobaynida aholiga suyultirilgan gazni sotishdan olingan 71 mln soʻm yoki 13 ming 360 kg gaz haqqi “Xalq banki”ga toʻliq topshirilmagan.

Bu kabi jiddiy qonunbuzarliklarga nafaqat Toshkent viloyatida, balki Andijon, Samarqand, Xorazm, Namangan viloyatlarida ham yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, joriy yilning 24-25-iyul kunlari Andijon viloyati hududida neft mahsulotlaridan foydalanishning qonuniyligini oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda qator texnik nuqsonlar va kamchiliklar, kamomad va ortiqcha mahsulot mavjudligi kabi holatlar aniqlandi.

Joriy yilning 29-30-iyul kunlari Samarqand viloyati hududida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari ham natija berdi.

Bu yerda aholiga suyultirilgan uglevodorod gazining imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish masalasi oʻrganildi. Tadbir vaqtida, suyultirilgan gazning asossiz chiqarib tashlanishi 312 ming 938 kg, mavjud maishiy gaz ballonlarida va maxsus avtotransport vositalarida va xisob-fakturalarda 23 ming 120 kg gaz ortiqcha gaz borligi, 5 ming 112 kg suyultirilgan gaz yetishmasligi aniqlandi.

Xorazm viloyatida oʻtkazilgan tekshirishlar ham yuqoridagi kabi kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.

Misol uchun, “Shovot” GTPda texnologik yoʻqotishlarni hisoblash notoʻgʻri qoʻllanilishi oqibatida 26 ming 560 kg suyultirilgan gaz asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan. Nasos tizimiga 2 ta monometr oʻrnatilishi shart boʻlgani holda, amalda 1 ta monometr oʻrnatilgan. Saqlagichlardagi suyultirilgan gaz miqdorini koʻrsatuvchi oʻlchov asboblari mavjud emas. Natijada 2019-yil yanvar-iyun oylarida Yangibozor tumaniga yetkazib berilishi rejalashtirilganidan 17 ming 90 kg suyultirilgan gaz kam yetkazib berilgan. Oqibatda, aholining 854 uyi suyuq gazsiz qolgan. Shuningdek, asossiz ravishda 7 ta maishiy gaz ballonidagi 140 kg suyultirilgan gaz hisobdan chiqarilgan boʻlsa, 8 ta maishiy gaz balonnidagi suyultirilgan gaz kamomadi 60 kg ni tashkil etgan.

Ushbu salbiy holatlar shunki koʻrsatadiki, hozirda barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar halol va samarali mehnat ortidan daromad olishga harakat qilmayapti. Ammo, bunday harakatlar uchun jazo muqarrarligi shubhasiz.

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?