OʻzMUda yangi markaz tashkil etildi

15:47 24 Iyul 2019 Jamiyat
189 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi, deb xabar berdi OʻzMU matbuot xizmati.

Bu ilmiy amaliy markaz respublikamizning iqtidorli, innovatsion gʻoyalarga boy, ijodkor yoshlari uchun tajriba maydoni boʻladi.

Texnologik jarayonlarni loyihalashtirish, boshqaruv faoliyatiniintellektuallashtirish va avtomatlashtirishning ilmiy-texnikaviy masalalari yechimiga yoʻnaltirilgan dasturiy mahsulotlarni yaratish Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Olimlar esa markazda faoliyat olib borishlari asnosida universitetni davlat iqtisodiyotida muhim rol oʻynaydigan obyekt darajasiga koʻtarishni maqsad qilgan. Mablagʻlarni esa davlat granti loyihalaridan emas, balki ishlab chiqarishdan jalb etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, xalqaro arenalarda oʻzbek olimlarining obroʻsini yanada oshirish, ilmiy platformalarda xalqaro jurnallarning formatiga mos loyihalarni taqdim etish boʻyicha tajriba almashishni ham koʻzda tutilgan.

Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar OʻzMU rahbariyati tashabbusi bilan 2018-2019 oʻquv yilida universitetga tashrif buyurib, maʼruzalar oʻqigan edi. U turkiy xalqlarning bolalari ilm olishi kerakligi, ularga imkoniyatlar borligi va yoshlarning ilmga intilishi, shijoati eʼtiborga loyiqligi haqida toʻlqinlanib gapirgan.

Joriy yilning may oyida OʻzMU olimlari Isroilning Xolon texnologiyalar instituti vakillari bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya tashkil etishdi. Konferensiya doirasida Xolon texnologiyalar instituti aqlli texnologiya-robotlar koʻrgazmasini namoyish etdi. Ikkita robot OʻzMU talabalari ixtiyoriga berilgan edi. Bugungi kunda OʻzMU-Xolon qoʻshma fakultetida 120 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning tajriba amaliyoti ham yangi tashkil etilgan Markazda olib boriladi.

- Markazning maqsadi zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirish, eksportga moʻljallangan raqobatbardosh dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, yangi axborot tizimlarini keng joriy etishdan iborat, - deydi Markaz ijrochi direktori Aziz Atabekov. - Shuningdek, markazda iqtidorli talabalar va yoshlar oʻrtasida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, innovatsion fikrlashni shakllantirish, dasturiy taʼminot sohasida biznes rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashiladi.

Markaz axborotni qidirish tizimlari va intellektual tasvirni aniqlash tizimida oʻz tashabbuskor loyihalarini ishlab chiqishni ham rejalashtirmoqda.

OʻzMU rahbariyati ham xonalar, auditoriyalar va texnik vositalardan foydalanish uchun Markazni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Markaz bu yerda faoliyat yuritish uchun xalqaro tajribaga ega boʻlgan malakali mutaxassislar, shuningdek, mahalliy va xalqaro universitetlar bitiruvchilarini hamkorlikka taklif qilmoqda.

Maʼlumot uchun, ayni paytda ommaviy axborot vositalarida OʻzMUning innovatsion texnologiyalar, sunʼiy ong, amaliy matematika, raqamli tibbiyot boʻyicha nafaqat respublika, balki xalqaro maydonda amalga oshirayotgan qator loyihalari borasida turkum materiallar berib borilyapti. Isroilnig Xolon texnologiyalari instituti bilan ilmiy laboratoriyalarni takomillashtirish, “sunʼiy ong” laboratoriyalarini tashkil etish va ularni ishlab chiqarishga keng jalb etish, tibbiyot, amaliy matematika sohasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik buning tasdigʻidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?