OʻzMU jamoasi 5 tashabbus ijrosiga bel bogʻladi!

10:35 30 May 2019 Jamiyat
426 0

Arxiv foto

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari Madaniyat saroyi katta zalida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-may kuni OʻzMUda bir guruh bir guruh olimlar va talabalar bilan suhbatini ekran orqali katta qiziqish bilan tingladilar. Bu tadbir davlatimiz rahbari bilan bamisoli yuzma-yuz muloqotdek ajib taassurot qoldirdi.

Yurtboshimizning mamlakatimizda ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixtisosliklar boʻyicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini koʻtarish boʻyicha bayon etgan gʻoyalari va qator tashabbuslari ilm ahlining ayni koʻnglidagi gaplar ekanligini alohida taʼkidlash joiz. Xususan, Oʻzbekiston Milliy universiteti negizida ilmiy maktablar yaratish, nanotexnologiyalar, materialshunoslik, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, biofizika va bioximiya, biotexnologiyalar boʻyicha olimlar avlodini shakllantirish bagʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur uchrashuvda toʻrtta yoʻnalish boʻyicha doimiy komissiyalar tuzishga kelishib olinganini professor-oʻqituvchilar teran anglab yetdilar. Maʼlum boʻlishicha:

Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini doimiy tahlil qilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy yordam koʻrsatadi.

Ikkinchi komissiya oliy taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayoni hamda taʼlim sifatini tahlil qiladi va unga baho beradi.

Uchinchi komissiya oliy oʻquv yurtlaridagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, 5 ta tashabbusning amalga oshirilishini tahlil qiladi.

Toʻrtinchi komissiya oliy taʼlim va ilm-fan sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizda mutaxassisligi boʻyicha faoliyatga jalb qilish boʻyicha ish olib boradi.

Olimlar, professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, talabalarga zamonaviy shart-sharoit yaratish, ular orasidan boʻlajak ilm-fan vakillarini topib, kamolga yetkazish borasida bildirilgan fikrlar OʻzMU jamoasini toʻlqinlantirib yubordi. 

Davlatimiz rahbari belgilagan vazifalardan kelib chiqqan holda OʻzMU rektori Avazjon Marahimov avvalo universitetimiz jamoasi faoliyatiga tanqidiy-tahliliy baho berdi.

– Universitetimizga Milliy maqom berilganiga 19 yil boʻlyapti. Oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar salmogʻi kam emas. Biroq, bu bilan qanoatlanib qolmasligimiz kerak. Yutuqlar – oʻzimizniki! Kamchiliklarimiz-chi? Ilmiy salohiyatimizni oshirishimiz, turli sohalar uchun eng zarur tadqiqotlar ustida jiddiy izlanishimiz lozim. Milliy maqomga yarasha ishlashimiz kerakligini izohlashga hojat yoʻq. Respublika oliy taʼlim muassasalari uchun tayanch universitetga aylanishimiz darkor. Bu vazifalarni bajarishga qodir akademik va professorlarimiz bor. Ortimizdan fikri teran, iqtidorli tadqiqotchilar yetishib kelmoqda. Xorij tajribasini oʻrganish, ular bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarimiz yetarli,– dedi Rektor kuyunchaklik bilan.– Mana, koʻrib turganingizdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga taqdim etilgan beshta tashabbus bugun oʻzini jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishga burchliman, degan insonlarning shuurini uygʻotib yubordi. Masalan, shu paytgacha katta bir taʼlim dargohining rahbari sifatida mening universitet faoliyatini tashkil etish, oʻquv dasturlari, professor-oʻqituvchilar, talabalar muammolari kabi toʻgʻridan-toʻgʻri vakolatimga kiradigan ishlarim koʻlami mavjud edi. Ochigʻini aytganda, bu ishlar shu darajada bir-biriga bogʻlanib ketgan ediki, boshimizni koʻtarishga vaqt topolmasdik. Oʻz vakolat doiramizda ishlab, kerakli, keraksiz hisobotlar bilan mashgʻul boʻlib qolayotgandek. Yon-atrofimizda esa mamlakatimiz taraqqiyoti, aytish mumkinki, davrni oʻzgartirish, ommaning dunyoqarashini shakllantirish bilan bogʻliq tub islohotlar boshlanib ketganidan biroz boʻlsa-da, kechroq xabar topdik. Bevosita oʻz faoliyatimizdan kelib chiqadigan boʻlsak, besh tashabbusning barchasi bizga ham tegishlidir. Buni amalga oshirishda universitetning ichki imkoniyatlari yetarli. Biz besh tashabbus bergan ilhom bilan oʻz rejalarimizni ishlab chiqqanmiz. Hozir bunga tayyorgarlik ketyapti. Hatto Olmazor tumanidagi mahallalar, maktab mutasaddilari bilan birgalikda shu ishlarni amalga oshiryapmiz ham. Kelgusida buni respublika boʻyicha joriy qilamiz. Fanda yuqori koʻrsatgichlarga erishgan olimpiada gʻoliblari, xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yosh mutaxassislarning amaliyotini maktablarda oʻtkazishga kirishganmiz. Olmazor tumanida 35 ta maktab bor, ulardan 3 tasi ixtisoslashgan oʻquv muassasasi. Ilgʻor talabalar, boʻlgʻusi pedagoglarimizni yozgi oromgohlarga jalb etish orqali besh tashabbus yoʻnalishlari boʻyicha yoshlar ongiga taʼsir etish, ularda adabiyot, sanʼat, tasviriy sanʼat, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini hosil etishga erishish bosh maqsadimizdir. Xuddi shunday amaliy uchrashuvlar mashgʻulot koʻrinishida qator maktablarda ham amalga oshiriladi. Bu tashabbus respublika boʻyicha qanot yozayotgan ekan, hech kim bu xayrli ishdan oʻzini chetga tortmasa kerak. Bir guruh fidoyi professor-oʻqituvchilarimiz bugun bu ishlarga katta ishtiyoq bilan kirishib ketgan. Biroq, bu borada qilishimiz zarur boʻlgan ishlarimiz juda koʻp. Bugun kimdandir koʻrsatma kutib oʻtiradigan davr oʻtdi. Har bir professor-oʻqituvchimiz oʻzlari tashabbus koʻrsatishlari zarur. Davlatmiz rahbarining “Ziyo nuri – oliygohdan boshlanadi” degan soʻzlari zamirida olamcha maʼno mujassam.

Tadbirda soʻzga chiqqan akademik Azimboy Saʼdullayev, Matematika fakulteti professori Aziz Vorisov va boshqalar davlatimiz rahbarining ziyolilarga bildirgan katta ishonchini oqlashimiz zarurligi, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar haqida oʻz taklif hamda mulohazalarini oʻrtoqlashdilar.

Toʻlqin ESHBEK, OʻzMU Axborot xizmati rahbari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?