OʻzMU rektori Surxondaryo maktablarida saboq berdi

16:23 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
427 0

Xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni ushbu masalaga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, ularning kafedra va dekanatlarini maktablarga biriktirish, yaʼni, ular maktablarni “otaliqqa olish”lari lozimligi alohida qayd etildi. Bunda oliy taʼlim muassasalari salohiyatidan unumli foydalangan holda maktablarda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish koʻzda tutilgan edi.

Shu munosabat bilan respublikamizning bir guruh vazirlik va idoralari masʼul xodimlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari Surxondaryo viloyati maktablariga borib, bu taʼlim maskanlaridagi muammolarni hal etish, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, taʼlim sifati nazoratini kuchaytirish, tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qoʻllash ishlarini tashkillashtirishga yaqindan koʻmaklashishga kirishdilar. Ular viloyat maktablari va boshqa oʻquv dargohlarida ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan interfaol suhbatlar oʻtkazmoqdalar.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori, professor Avazjon Marahimov Sherobod tumanidagi 29 va 2 maktablarda bir guruh pedagoglar bilan suhbatlashdi.

– Maktab hayot-mamot va kelajak masalasi ekan, uni samarali hal etishda barchamiz bir tan-u bir jon boʻlib kurashmogʻimiz zarur,– dedi OʻzMU rektori.– Buning uchun maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, taʼlim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda yosh avlodni bolalikdan milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun bahamjihatlik bilan kurashaveramiz. Davlatimiz rahbarining qatʼiy saʼy-harakatlari bilan maktab oʻqituvchisini moddiy ragʻbatlantirish, uning hayot sifati darajasini oshirish masalalari ijobiy hal etilayotgan ekan, harbir pedagog shunga yarasha faoliyat koʻrsatishi darkor. Inchunin, oʻqituvchi va murabbiylar bilim va kasb mahoratini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obroʻsini oshirishi kerakligini izohlashga hojat boʻlmasa kerak.

Yuzma-yuz muloqotlarda oiladagi taʼlim-tarbiya muhiti, ota-onalarning masʼuliyati va oʻqituvchilar bilan hamkorligi masalalari yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

OʻzMU rektori maktab oʻquvchilariga maʼnaviy-maʼrifiy mavzuda saboq berdi.

– Biz ham mana shunday maktabda taʼlim-tarbiya olib ulgʻayganmiz, – dedi professor Avazjon Marahimov. – Shu dargohda siz oʻz kelajagingiz uchun poydevor yaratasiz. Avvalo puxta bilim oʻrganasiz, odobli boʻlib ulgʻayasiz, kasb tanlaysiz. Aʼlo bahoga oʻqib, fan sirlarini mukammal egallashga intilganlarga Milliy universitetimiz va boshqa oliy taʼlim muassasalari hamisha muntazir. Siz qanchalik yetuk kadr, komil inson boʻlib kamolga yetsangiz, jamiyatimiz rivojiga shuncha samarali hissa qoʻshasiz.

OʻzMU rektorining “Oʻqituvchi faxri – Ustoz” mavzuida oʻtkazgan interfaol suhbati oʻgʻil-qizlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Aytish joizki, ayni damlarda OʻzMU professor-oʻqituvchilari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari ham maktablarda ana shunday saboq berishni rejalashtirgan. OʻzMU va maktablar hamkorligi shu zayl davom etaveradi.

Toʻlqin ESHBEK,

OʻzMU axborot xizmat rahbari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?