“Oʻzmetkombinat”da oʻrtacha oylik ish haqi 3 million soʻmdan oshdi

17:54 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
114 0

“Oʻzmetkombinat” AJ 2019-yilning avgust oyida xodimlarining ish haqqisini oshirgan, ularning soni esa 10 ming nafardan ortiq. Bu haqida korxonaning matbuot xizmati xabar maʼlum qilmoqda.

Bugungi kunda “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyodagi yirik sanoat obyektlaridan biri sanaladi. Korxona tomonidan ishchi xodimlar va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻz ijtimoiy majburiyat dasturi amalga oshirilmoqda, Bekobodda uy-joy va tegishli infratuzilma qurilmoqda.

“Korxona oʻz xodimlarining ish haqisini muntazam oshirib kelmoqda. 2018-yilning noyabr oyida maoshlar oʻrtacha 17 foizga indeksatsiya qilindi. 2019-yilning avgustida xodimlarning oʻrtacha ish haqqi oʻtgan yilning shu davri (2018-yilning avgust oyi)ga nisbatan 30 foizga oshirildi. Oxirgi oshirishdan soʻng korxonadagi oʻrtacha ish haqqi 3 million soʻmdan oshdi va bu hali oxiri emas. Kombinat tomonidan oʻz rivojlanish dasturi faol amalga oshirilmoqda, quvvatlar modernizatsiya qilinmoqda va mahsulot ishlab chiqarish tobora oshmoqda. Buning natijasida ish samaradorligi oshib, xarajatlar qisqarmoqda. Pirovardida qoʻlga kiritilgan daromad va tejalgan mablagʻlar oylik maoshlarini oshirish va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishga sarflanadi” – deya maʼlum qilindi kombinatda.

Kombinat tomonidan moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanayotgan muhim ijtimoiy loyihalardan biri – bu xodimlar uchun uy-joy sotib olishdir. 2018-2019-yillarda 235 nafar metallurgga Bekobodning koʻp qavatli uylaridan xonadon sotib olishga kreditlar ajratilgan. Bu maqsadga 8 milliarddan ortiq mablagʻ sarflangan.

Metallurglar salomatligiga ham alohida eʼtibor berib kelinmoqda. 2019-yilda qariyb 1938 nafar kishi sanatoriy va profilaktoriylarga imtiyozli yoʻllanmani qoʻlga kiritish va oʻz sogʻliqlarini tiklash imkoniyatidan foydalanishgan.

Oʻsib kelayotgan yosh avlod ham korxona eʼtiboridan chetda qolmagan. 2019-yilda 1440 nafar bolalarning salomatligini mustahkamlash rejalashtirilgan boʻlib, amalga 1507 nafar bola qamrab olingan. Ular orasida 242 nafar oʻgʻil va qizlar Toshkent viloyatidagi “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va kam taʼminlangan oilalar farzandlari ekanligi alohida eʼtirofga loyiq.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda “Oʻzmetkombinat” mamlakatimizdagi yagona qora metallurgiya korxonasi hisoblanadi. 2019-yilning mart oyida korxona 75 yoshga toʻldi. 2017-yilning iyul oyida ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan ishonchli boshqaruvchi sifatida xorijning SFI Management Group kompaniyasi jalb qilingan edi. Natijada 2018-yilda Bekobodliklar poʻlat va mis ishlab chiqarishda yuqori natijalarni koʻrsatishdi. 911 ming tonna elektr poʻlat ishlab chiqarilgan boʻlib, 2017-yilga nisbatan ishlab chiqarish surʼati 137.9 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, kombinatda 1.06 million tonnadan ortiq prokat mahsulotlarini ishlab chiqarilgan. Bu koʻrsatkich ham oʻtgan yilga qaraganda 45 foizga koʻproqdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?