Oʻzligimiz timsoli — ona tilim

12:29 14 Oktyabr 2020 Jamiyat
294 0

«Oʻzbek tili nafaqat qadimiy til, u gʻoyatda nafosatga boy til, u har qanday maʼnoni eng inja qatlamlarigacha ochib bera oladigan, oʻzining goʻzalligi bilan odamga zavq-shavq ulasha oladigan, bahri dilini ochib, goʻzallik tuygʻusini qondira oladigan tildir»

(Ozod Sharafiddinov, Oʻzbekiston Qahramoni)

Inson uchun oliy neʼmat deb atalmish ona tili har bir millatning eng asosiy belgilaridan boʻlib, birinchi prezidentimiz I.Karimov taʼkidlaganidek: “ Ona tili oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar va ajdodlar oʻrtasidagi ruhoniy- maʼnaviy bogʻliqlik ustunidir”. Bu kurrai zamin osmonidagi porlab turgan yulduzlar kabi xalqlar ham koʻp. Har bir xalq oʻz tili, milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalari , oʻziga xos turmush tarzi bilan ajralib turadi. Chunonchi, xalqning, millatning oʻzligini anglashi, tarixini namoyon qilishida oʻz “Oliy zaboni” boʻlmish ona tilining oʻrni beqiyosdir.

Anglashimiz lozim boʻlgan yana bir haqiqat shulkim, inson dunyo yuzini koʻribdiki, oʻz ona tili bilan koʻz ochadi , uygʻonadi, ulgʻayadi va kamolga yetadi. Shu til bilan yashab oʻtadi. Til inson kamolotida betakror ahamiyat kasb etadi. Ona tili eng ezgu fazilatlar, yuksak tuygʻular manbaidir.

Bu yil Davlat tili bayramining 31 yilligi arafasida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75 sessiyasida jahon xalqlari oldida sof ona tilimizda baralla nutq soʻzlagani xalqimizni behad toʻlqinlantirdi, biz yoshlarga yana-da joʻshqinlik ato etdi. Jahon hamjamiyatida esa tilimizga boʻlgan hurmat, ishonch va qiziqish ortishiga xizmat qildi.

Tilimizni keng targʻib qilish, yosh himoyachilari boʻlmish barkamol avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning har tomonlama yetuk insonlar boʻlib kamol topishida koʻmaklashish, iqtidorlarini yana-da rivojlantirish maqsadida Muhammad Rizo Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya , Ibrohim Yusupov , Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva va Muhammad Yusuf nomidagi maʼrifat maskani deb atalmish ijod maktablari qad rostlagani va  “Adiblar xiyoboni” majmuasining barpo etilishi milliy yuksalish nishonalaridir. Bu va shu kabi maʼrifat maskanlari til va adabiyotning yashnash va yuksalishning haqiqiy oʻchoqlaridir. Bizning mana shunday serqirra ajdodlarimiz asarlarini oʻzbek tilida yozgan va hanuzgacha bu anʼana davom etmoqda. Shonli tariximiz va boy madaniyatimiz bilan birga ajdodlar meroslari ham shu til vositachiligida bizga yetib kelmoqda. Shu meroslar va anʼanalarni asrab-avaylash, kelajak avlodga ham yetkazish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimizning bayrogʻini koʻklarga koʻtarishda oʻz hissasini qoʻshayotgan tengdoshlar, aka-opalar, biz yoshlar va ayniqsa jahon mamlakatlarida sportchilarning gʻalabalari sharafiga oʻzbek tilida madhiyamiz yangrayotgani soʻz bilan ifodalab boʻlmas, osmon qadar ishonchni yuksaltiradigan , ahillikka chorlaydigan ulkan yutuq , bu quvonch, bu faxr, bu iftixor...

Oʻzbek tili va uning ohangini eshitgan hatto bulbul ham mahliyo boʻlib qoladi , shunday ekan, tilimiz jozibasiga maftun boʻlib, oʻzgacha qiziqish bilan oʻrganayotganlar ham talaygina. Tilimizning yana-da yashovchan va barhayotligini taʼminlash uchun oʻzbek tili taraqqiyoti yoʻlida hamfikr, hamkor boʻlib, qoʻlni qoʻlga, kerak boʻlsa jonni jonga berib boʻlsa-da, birlashmogʻimiz darkor. Bu chorlov tashabbusi yoshlardan chiqishi ajdodlar izidan sobitqadamlikdir. Tengdoshlarimga shaxsiy namuna sifatida shuni aytishim mumkinki, oʻzim ham koʻp badiiy asarlar, mumtoz adabiyotimiz namunalarini mutolaa qilaman. Toʻlqinlanib, qalban joʻshib kichik yuragimdagi tugʻyonlarni sheʼr, hikoya va maqola tarzida qogʻozga muhrlayman. Prezidentimizning besh muhim tashabbusi tarkibiga kiruvchi toʻrtinchi yoʻnalish ham “Kitobxonlik”, 2019-yil bunday olamshumul imkoniyatlardan unumli foydalanib ilk kitobimni “ Umid soʻnmasin” nomi ostida chop ettirishga muvaffaq boʻldim. Sheʼriyat shaydolari va adabiyot oshnolari bilan yuksalish yoʻlida birlashib, 2020-yil “Vatanga vafo ” nomli kitob toʻplamimizni chop ettirdik. Bu joʻshqinlik, bu shijoat, bu gʻayrat, bu ijodni men taraqqiyot yoʻlidagi yakdillik, ravnaq yoʻlidagi ahillik, tilimiz yashovchanligini taʼminlash yoʻlidagi jonbozlik deb bilaman. Xalqimizning duolari, bobo- buvilarimizning “Baraka top, jon bolam!” degan soʻzlarining ona tilida yangrashining oʻzi eng katta baxtdir. Ota-onalarimizga bergan oq suti , toʻgʻri tarbiyalari uchun aytilgan rahmatlar saodatdir.

Men oʻzbek millati va xalqining bir yosh farzandi sifatida oʻz tariximizni, madaniyatimizni, anʼana va urf -odatlarimiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni oʻz ona tilimizda angladim va shuni tushunib yetdimki, “Oʻzligimiz timsoli- Ona tilimiz” deya bejiz aytilmas ekan.

Biz ishonamizki, shunday farzandlari bor xalqning tili hech qachon oʻlmaydi, aksincha gullab -yashnayveradi.

Moxichehra XURSANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi IIV
Sirdaryo akademik litseyi oʻquvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?