OʼzLiDeP yoshlarga oid yangi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqdi

14:58 12 Sentyabr 2020 Siyosat
311 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya hududiy kengashlari vakillari hamda “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etgan muloqotda OʼzLiDeP “Yoshlar qanoti”ning maqsad va vazifalari, partiyaviy loyihalar doirasida qilingan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, asosiy maqsadi — yangilik yaratishga chanqoq, el-yurt ravnaqi va Vatan manfaatlari uchun fidoyi boʻlgan, zamon ruhini teran ilgʻaydigan, ishbilarmon-tadbirkor yoshlarni oʻz atrofida jipslashtirib, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirishdan iborat boʻlgan “Yoshlar qanoti” tomonidan soʻnggi yillarda bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, ijtimoiy-siyosiy sohaga qiziqqan yoshlarni qamrab olgan “Yangi avlod kadrlari”, “Parlamentda mening oʻrnim” va “Kelajak deputatlari” loyihalari bu borada muhim ahamiyatga egadir. Chunki, birgina “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida mamlakatimizning 28 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, OʼzLiDeP gʻoyalariga qiziquvchi va qoʻllab-quvvatlovchi 2 ming 321 talaba-yoshlar maʼlumot bazasi shakllantirilgan. Eng muhimi, ulardan 860 nafari partiya aʼzoligiga qabul qilingan boʻlsa, 697 nafari partiyaning istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish, kasb malakasini oshirish orqali ularning bandligini taʼminlash eng asosiy masala hisoblanadi. Shu maʼnoda partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan tadbirkorlikka qiziqqan va oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan yoshlar uchun “Ishbilarmon yoshlar”, “Yosh tadbirkorlar”, “Yosh fermer” loyihalari doirasida salmoqli ishlar qilindi.

Istiqbolli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan «Yosh innovatsiyachilar» stipendiyasi, “Startap”, «Startap-innoveyshn» loyihalari doirasidagi ishlar ham eʼtirofga loyiq.

Muloqotda “Yoshlar qanoti”ning oʻtgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. “Yoshlar qanoti” guruhlari faoliyatini yana-da jonlantirish va yoshlarning partiya faoliyatidagi ishtirokini ragʻbatlantirish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Partiya “Yoshlar qanoti” faoliyatida uch yil va undan koʻproq muddat davomida faol ishtirok etib, tashabbuskorligi va intilishi bilan boshqa yoshlarga namuna boʻlayotgan yoshlarni oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli kirishlarida partiya tavsiyanomasi vakolatlarini belgilash, partiyaning har bir tuman va shaharlarida “Yoshlar qanoti” guruhlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maosh olib ishlovchi xodim ajratish lozimligi aytib oʻtildi. 

Qayd etildiki, partiya oldida turgan asosiy vazifa faol yoshlarni bir gʻoya atrofida jipslashtirib, partiyaning targʻibot-tashviqot ishlarida keng va samarali foydalanishning yangicha mexanizmini yaratishdan iborat. Shu boisdan “Yoshlar qanoti” faoliyatini mutlaqo yangicha talablar asosida qayta koʻrib chiqish, partiya aʼzolari safini bilimli, vatanga sodiq, shijoatli yoshlar bilan kengaytirish, ularning salohiyati hamda intilishlarini faol qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan aniq dasturiy chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

“Yoʻl xaritasi”da partiya tarkibidagi faol yoshlarni partiya tavsiyasiga koʻra yiliga kamida ikki marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi tizimidagi kurslarda oʻqitish, partiyaning “Parlamentda mening oʻrnim” loyihasi doirasida “Agar men deputat boʻlsam” Respublika tanlovini oʻtkazish, “Yosh blogerlar klubi”ni tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida keng muhokama qilingan masalalarga bagʻishlangan “Yoshlar minbari” ijtimoiy-siyosiy muloqot forumini tashkil etish, hozirda mavjud “OʼzLiDeP kutubxonalari” kitob fondini yuz mingdan, 500 mingga yetkazish hamda yoshlarimiz orasida ommalashgan biznes kitoblarning audio formatini tayyorlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoshlar mavzusida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarini keng muhokama qilish vazifalari ham OʼzLiDePning yoshlarga oid siyosatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.

Tadbir soʻngida OʼzLiDeP “Yoshlar qanoti”ning hududiy hisobot-saylov konferensiyalari va Respublika konferensiyasini oʻtkazish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?