OʻzLiDeP siyosiy kengashi vakili fermerlarni Ekopartiyaga aʼzo boʻlishga chaqirdimi?

09:40 14 Avgust 2019 Jamiyat
72 0

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi rasmiy saytida “Bizda siyosiy partiya bormi? Yoki ular faqat saylovoldi qishki uyqudan uygʻonishadimi?” nomli maqolaga raddiya berildi:

“Darakchi” gazetasining 2019-yilning 27-iyun № 26(1053)-sonida jurnalist-bloger Toshpoʻlat Rahmatullayev qalamiga mansub maqola chop etilgan. Muallif ushbu maqolani ӯzining blogida joriy yil 11-avgust kuni qayta joylashtiribdi. Unda muallif mavzuga umumiy-nazariy jihatdan yondashib, siyosiy partiyalarning vazifalari, jamiyatda tutgan oʻrni borasida fikr bildirgan. Xatboshilarning aksariyati “lozim”, “kerak”, “iborat” tarzidagi tavsiyaviy xarakterda yakunlanganini inobatga olsak, muallif mazkur materialni tayyorlashda jahonda mavjud siyosiy partiyalar tajribasiga tayangani va mutlaqo mustaqil nuqtayi nazari hosilasidan kelib chiqib yozgani ayonlashadi.

Shular barobarida T. Rahmatullayev butun maqola mobaynida fikrlarini umumiy tarzda bildirib kelib, soʻngida ayricha misol keltiradi. Yaʼni:

“...Yaqinda internetda oʻziga xos bir xabar tarqaldi. Unda aytilishicha, Jizzax viloyati fermerlar kengashi rahbari tumanlarga xat yuborib, Ekologik partiyaga har bir tumandan 50 kishini aʼzo qilishni soʻragan. Eng qizigʻini eshiting. Ekologik partiyaga fermerlarni aʼzo qilish haqida xat chiqargan viloyat fermerlar kengashi raisining oʻzi OʻzLiDep siyosiy kengashi aʼzosi. Endi oʻzingiz xulosa chiqaravering...” deya xulosa yasagan.

Ushbu ajratilgan kontekst yuzasidan shuni maʼlum qilamizki, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatan ham “Jizzax viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan hududlarga Oʻzbekiston Ekologik partiyasiga aʼzo qabul qilishda amaliy yordam berish boʻyicha xat chiqarilgan” degan mazmundagi maʼlumotlar tarqalgan edi. Shundan soʻng maʼlumotlar qanchalik asosli yoki asossiz ekanligi boʻyicha koʻplab bahs-munozaralar yuzaga keldi.

Lekin, Jizzax viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisining rasmiy xati ushbu maʼlumotlar gʻirt boʻhton, asossiz ekaniga oydinlik kiritdi. Unda Kengash raisi A. Eshmatov tomonidan aʼzo qabul qilish boʻyicha hech qanday topshiriq yoki koʻrsatma berilmaganligi aniq bayon etilgan. Mazkur xat Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi veb-saytida, OʻzLiDeP rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarlardagi sahifalarida (facebook, telegram, twitter,) izohi bilan chop etildi. Tushunmovchilikning oldini olish maqsadida oʻz vaqtida rasmiy munosabat bildirildi.

T. Rahmatullayev esa ushbu mavzu yuzasidan tarqatilgan maʼlumotlar davriyligining oxiriga yetmasdan birlamchi pala-partish xulosaga kelgan hamda uni koʻpming tirajli gazetada eʼlon qilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, T. Rahmatullayevni ayni masalaga biryoqlama yondoshgan va OAV sohasiga oid professional kasb faoliyati majburiyatlarini toʻla bajarmagan, deb hisoblaymiz”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?