OʻzLiDeP fraksiyasining 2020-yil olti oyi davomidagi faoliyati sarhisob qilindi

18:19 13 Avgust 2020 Siyosat
286 0

2020-yil 13-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi tomonidan brifing oʻtkazildi. Unda OʻzLiDeP fraksiyasining 2020-yil olti oy davomidagi faoliyati yuzasidan matbuot va OAV xodimlariga axborot berildi.

Brifingni OʻzLiDeP fraksiyasi rahbarining oʻrinbosari Shuhrat Bafayev kirish soʻzi bilan ochib, fraksiya faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-yanvardagi Qonunchilik palatasi birinchi yigʻilishida, 21-yanvardagi Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida qilgan nutqlarida, shuningdek 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifa va yoʻnalishlar parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining faoliyatiga ham zamonaviy yondashuv hamda mutlaqo yangicha maʼno-mazmun olib kirdi.

OʻzLiDeP fraksiyasi joriy yilning birinchi yarmi davomidagi faoliyatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va fraksiyaning ish rejalari va dasturlarida belgilangan muhim vazifalardan kelib chiqqan holda amalga oshirdi. Xususan, oʻtgan vaqt davomida fraksiya tomonidan 37 ta yigʻilish oʻtkazilib, ularda 215 ta qonun loyihasi birinchi va ikkinchi oʻqishlarda muhokama qilindi. Shuningdek, Prezidentimizning muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va tashqi siyosat sohalaridagi dolzarb masalalar boʻyicha maʼruzalari, farmonlari va qarorlaridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan 21, fraksiya faoliyati bilan bogʻliq 13, deputatlar tomonidan hududlardagi haqiqiy holatni oʻrganish natijalariga oid 5 ta hamda shu kabi boshqa masalalar muhokama qilindi.

Fraksiyaning qonun ijodkorligidagi faoliyati har bir qonun loyihasi boʻyicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanmoqda. Fraksiya deputatlarining qonun ijodkorligi faoliyati «qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart» degan ustuvor tamoyilga asoslandi. Bu borada toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan, yaʼni ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqilishini talab etmaydigan qonunlarni qabul qilishga eʼtibor kuchaytirildi.

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 1 ta, shuningdek boshqa fraksiyalar aʼzolarining ishtirokida hamtashabbuskor sifatida yana 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Oʻtgan davrda deputatlar tomonidan «Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida»gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari tubdan qayta ishlanib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlar sifatida qabul qilindi.

Fraksiya tomonidan parlament nazoratining barcha shakllaridan foydalanilgan holda, sohaviy vazirlik va davlat qoʻmitalari faoliyati ustidan samarali parlament hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish boʻyicha muayyan ishlar olib borildi.

Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasining tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Hukumat soati”da Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi «Yer maydonlarini tanlash va tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer fondining samarali ishlatilishi boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga javob berdi.

Fraksiya tashabbusi bilan Qonunchilik palatasining majlisida tashkil etilgan parlament eshituvida esa, Qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayevning «Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning
2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi bajarilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida»gi axboroti tinglandi.

Bulardan tashqari, fraksiya tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.Norqobilovga “Mamlakatda chorvachilikni rivojlantirish, shuningdek chorva mahsulotlari yetishtirish hajmini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi yuborildi.

Fraksiya aʼzolari tomonidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga saylovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan 78 ta deputat soʻrovi yuborildi.

Joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlab mamlakatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish boshlanganligi munosabati bilan OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi asosiy eʼtiborni jamiyatda ushbu muammoga qarshi toʻgʻri fikr shakllantirishga, pandemiya xavfining asl mohiyatini anglagan holda unga qarshi turishda davlat idoralari koʻrsatmalariga toʻla amal qilishga aholini tayyorlashga qaratdi.

Shu yil 8-aprel kuni Prezident raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlan-tirish boʻyicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar yuzasidan OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolarining 19 ta munosabati eʼlon qilindi.

«Saxovat va koʻmak» umumxalq harakati doirasida «Saxovatlimiz ish oʻrni yaratamiz» shiori ostida fraksiya aʼzolari, partiya faoli boʻlgan tadbirkorlar, deputatlar tomonidan ishsiz qolgan fuqarolar bandligini taʼminlash maqsadida qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish aksiyasi doirasida 10 dan ortiq videolavhalar partiya ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylandi.

Hisobot davrida OʻzLiDeP fraksiyasi pandemiya sharoitida qiynalgan aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga ham katta eʼtibor qaratdi. Masalan, “Mehr-shafqat va salomatlik” fondi eʼlon qilingandan fraksiya aʼzolarining avvaliga bir kunlik, keyinchalik yana ikki kunlik oylik ish haqlarini ushbu jamgʻarmaga begʻaraz oʻtkazib berishdi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida fraksiya aʼzolarining shaxsiy tashabbuslari bilan bir qator amaliy ishlar qilindi. Xususan, Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishning ilk kunlaridanoq Urganch shahridagi dehqon bozorining 2 ta asosiy darvozasi oldiga birinchilardan boʻlib “Dezinfeksiya tunneli” oʻrnatildi. Asaka tumanidagi Ozod MFYdagi ehtiyojmand oilalarga 5000 tup pomidor, 5000 tup bodring, 5000 tup bulgʻor qalampiri koʻchatlari yetkazib berildi, shuningdek Shahrixon tumanidagi 100 ta oila 3 oy davomida otaliqqa olindi. Namangan shahrida 6 nafar fuqaroga foydalanilmayotgan 30 sotix yer maydoni ekishga tayyorlandi, Uychi tumani Qahramon mahallasida yashovchi aholi vakillariga 10 ming tup pomidor va bodring koʻchatlari yetkazib berildi.

Mazkur tadbirlar Prezidentimizning Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan videoselektordagi maʼruzasidan kelib chiqib oʻtkazilgan amaliy tadbirlar qatoridan oʻrin olgan. Bu yoʻnalishda har bir hududdan saylangan OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari, shuningdek mahalliy kengash deputatlari va partiya faollaridan iborat Ishchi guruhlar tuzildi, 50000ta xonadonga kirib, ularning tomorqasi oʻrganildi, 10000 nafar namunali tomorqachilar ishtirokida master-klasslar oʻtkazilib, 20000 nafar kam taʼminlangan qarovchisi boʻlmagan oilalarga ilgʻor fermerlar biriktirildi va ularga amaliy yordam koʻrsatildi.

Brifingda davomida fraksiya faoliyatini OAVda yoritilishi haqida soʻz yuritilib, amalga oshirilayotgan ishlarni, xususan qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati, ularning joylardagi ijrosini xalqimizga toʻgʻri va haqqoniy tarzda yetkazishda OAV vakillari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining oʻtgan davrdagi faoliyatiga bagʻishlangan axborot maʼlumot uchun qabul qilindi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar belgilab olinib, ularni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?