OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari farmon loyihasiga oʻz takliflarini berdi

15:54 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
184 0

Ayni paytda Prezidentimizning “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi va partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan yigʻilish ham ayni ushbu farmon loyihasi muhokamasiga bagʻishlandi.

Parlament quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Haitov kun tartibidagi masala yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirar ekan, shu kunlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan farmon loyihasini yana-da takomillashtirish, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish lozimligini taʼkidladi.

— Loyihada Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining umumtaʼlim muassasasini saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdorini kamaytirmagan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi navbatlilik koeffitsiyenti past boʻlgan umumtaʼlim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilmoqda, – dedi A.Haitov. –Bunda ishonchli boshqaruvchiga umumtaʼlim muassasasida taʼlim olayotgan hamda unga biriktirilgan mikrohudud oʻquvchilarini oʻqitish, ularni raqobatbardoshligini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish va umumtaʼlim muassasasining binolarini taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari yuklatiladi. Qolaversa, ishonchli boshqaruvchiga nodavlat taʼlim tashkiloti faoliyatini tashkil etish uchun umumtaʼlim muassasasining boʻsh turgan binolari va yer maydonlari ajratiladi. Bu taklif amalga oshishi uchun ishonchli boshqaruvchiga yanayam kengroq imkoniyat berish biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir.

Yigʻilishda soʻz olgan deputatlar jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlar, ularning yuksak malakasi bilan bogʻliq boʻlib kelganini aytib, taʼlim tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish har qachongidan ham muhimroq ekanini taʼkidladilar.

Shuningdek, mazkur farmonning qabul qilinishi mamlakatda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etib, loyiha yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

Farmon loyihasi 6-bandi uchinchi xatboshisini quyidagi ikkinchi abzas bilan toʻldirish taklif etilmoqda: “Bitiruvchi kurs talabalari taʼlim olish davomida pedagogik kurslarga qoʻshimcha ravishda turdosh yoʻnalish boʻyicha qayta tayyorlash kurslarida ham qatnashlari uchun imkoniyat yaratilsin”.

Bu qoʻshimcha bitiruvchilarga oʻqishni tugallaganidan soʻng turdosh yoʻnalish boʻyicha ham maktablarda dars berish imkonini beradi. Natijada hozirgi paytda maktablarda maʼlum bir fan boʻyicha dars soatlari vakant turgan bir paytda ishga kelayotgan bitiruvchi qayta tayyorlashdan oʻtmagunicha bunday dars berishga qoʻyilmasligi holatlarining bartaraf etilishga erishiladi. Eng muhimi, olis va chekka hududlardagi maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida mutaxassis pedagog kadrlar yetishmovchiligi muammosining maʼlum darajada yechilishiga qoʻshimcha asos yaratiladi.

Yigʻilish yakunida koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?