OʻzLiDeP fraksiyasi: 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan

08:30 20 Oktyabr 2020 Siyosat
179 0

Mamlakatimizda kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgani, hisob-kitob boʻlmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlib ketgan. Xususan, 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan. Bir milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yoʻq. Demak, sohadagi muammolarni bartaraf etish uchun yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni taʼminlash zarur.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Chunki mazkur hujjatda sohani ilgʻor tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini toʻliq yuritish va raqamlashtirish boʻyicha kompleks vazifalar belgilangan.

Kecha, 19-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda maʼlum qilindi.

Unda dastlab Prezidentimiz raisligida 15-oktyabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan va undan kelib chiqadigan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari. Agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan taʼminlansa, bu boradagi muammolar bartaraf etilishi mumkin.

Yigʻilishda yerdan unumli foydalanish, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilish boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari joylarda doimiy nazorat va monitoringni olib borishi kerakligi taʼkidlandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarliligi xalq roziligining asosiy omillaridan biri. Shu boisdan koronavirus pandemiyasining narx-navoga taʼsiri inobatga olinib, joriy yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona toʻlovlaridan ozod qilindi.

Lekin shunga qaramay, oxirgi vaqtlarda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar mahsulotlarining narxi keskin oshdi. Dunyo bozorida oʻtgan 9 oyda oʻsimlik yogʻi 15 foizga, Oʻzbekistonda esa 26 foizga ortgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, yurtimizda 23 foizga qimmatlagan.

Fraksiya yigʻilishda Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga boʻlgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitob boʻlishi kerak.

— Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi, – dedi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov. – Negaki, oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisini shu kabi asosiy mahsulotlar bilan oʻzini oʻzi, mustaqil taʼminlashga qodirligini ifodalaydi. Aytish mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali boshqa mamlakatlarning oziq-ovqat taʼminotiga ham hissa qoʻshmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligidagi har tomonlama puxta oʻylangan va uzoqni koʻzlagan siyosati, keng koʻlamli islohotlarining samarasidir.

Yigʻilishda bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻyilgan strategik vazifalarni amalga oshirishda OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari jonbozlik bilan mehnat qilishi lozimligi taʼkidlanib, videoselektor yigʻilishidagi maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi.

Qonunchiligimizda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki chiqarib qoʻyish uchun jazolar belgilangan. Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 91-moddasida koʻrsatilganidek fuqaro noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan boʻlsa, hozirgi kunda 669 ming soʻm jarima toʻlaydi. Avtomashinadan chiqindini tashlaydigan boʻlsa 123-moddaga asosan hozirda 223 ming soʻmgacha jarimaga tortiladi.

Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

OʻzLiDeP fraksiyasining avvalgi yigʻilishida “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 911-moddasida (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish) sanksiyasidagi jarima miqdorlarini oshirish, shu bilan birga moddaning ikkinchi qismiga huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish qanchalik toʻgʻri boʻladi, hozirgi kunda chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash uchun chiqindi tashlaydigan maxsus qutilar qoʻyilganmi, degan savollar oʻrtaga tashlangan edi.

Lekin xalq vakillari tomonidan koʻtarilgan barcha savollar ochiq qolgan edi. Fraksiya aʼzolari shularni inobatga olib, mazkur qonun loyihasini kun tartibidan chiqardi.

Deputatlar avvalgi yigʻilishda koʻtarilgan masalalarni inobatga olingani, shuningdek, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitni asrash borasidagi masʼuliyatini yana-da oshirilishiga erishilishini aytib, qonun loyihasini maʼqulladilar.

Yigʻilishda shuningdek, “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi va “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunida fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?