Oʻzlashtirish imkoni boʻlgan 1 million gektardan ortiq maydon mavjud

17:47 04 Iyun 2019 Siyosat
680 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Yer va suv resurslaridan oqilona hamda unumli foydalanilsagina yuqori hosildorlik va baraka boʻladi. Lekin soʻnggi 30 yil davomida irrigatsiya tarmoqlariga eʼtibor berilmagani va yerga xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlish oqibatida 450 ming gektar sugʻoriladigan maydonlar foydalanishga yaroqsiz holga kelib qoldi.

Ayni paytda mamlakatimizda oʻzlashtirish imkoni boʻlgan 1 million gektardan ortiq maydon mavjud. Ushbu yerlarni irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga oʻzlashtirish choralarini koʻrish zarurligi aytildi.

Yigʻilishda ushbu maydonlarni qayta oʻzlashtirish boʻyicha samarali tizimni joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xalqaro tajriba asosida foydalanishdan chiqqan yerlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oʻzlashtirish tartibini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Bunda investorlar oʻzlashtirilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish, yer maydonlarini ikkilamchi ijaraga berish va zarur infratuzilma obyektlarini qurish huquqiga ega boʻlishlari lozimligi aytib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari Jahon bankining foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bitta tumanda namuna sifatida davlat-xususiy sheriklik asosida oʻzlashtirishga qaratilgan taklifini maʼqullab, tegishli vazirliklar rahbarlariga mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Irrigatsiya tarmoqlarini ham davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish mexanizmini joriy qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Davergeodezkadastr” qoʻmitasiga 2019-2021-yillarda oʻzlashtiriladigan 281 ming gektar maydonni tashabbuskorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida berish tartibini puxta ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Bu yerlarda eksportbop meva va sabzavotlar yetishtirish, shu bilan birga, suvsizlikka chidamli ekinlarning yangi navlarini yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzlashtirilgan yerlarning unumdorligini oshirish hamda meliorativ holati va suv taʼminotini yaxshilash texnologiyalarini joriy qilish, shu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibini joriy qilish boʻyicha takliflar aytildi.

Yigʻilishda foydalanishga qaytarilgan yerlarni suv bilan uzluksiz taʼminlash, buning uchun faqat suvni tejovchi texnologiyalarni qoʻllash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Yer osti suvi zaxirasini oʻrganish masalasi muhokama qilinar ekan, Geologiya va ekologiya qoʻmitalari, Suv xoʻjaligi vazirligiga lalmi va yaylovlarni sugʻorish uchun yaroqli boʻlgan yer osti suvi zaxirasini aniqlash hamda undan samarali foydalanish choralarini koʻrish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Yerdan noqonuniy foydalanishni oldini olish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni belgilash hamda bu boradagi nazorat tizimini qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Yer kadastri maʼlumotlarining aniqligini taʼminlash va samarali boshqarish maqsadida yagona avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha mutasaddilarga yana qator tegishli topshiriqlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?