“Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi Telegramʻda tarqalgan zararli ilova haqida maʼlumot berdi

18:14 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
121 0

Sentyabr oyi boshida Telegramʻdagi kanallar va guruhlarda fotosurat fayliga oʻxshash zararli ilova tarqalgani, internet foydalanuvchilari bu kabi fayllarni yuklab olib oʻrnatishi oqibatida, qurilmaning dasturiy taʼminotiga zarar yetishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ularda ushbu fayl ochilganidan keyin smartfon yoki kompyuterdagi maʼlumotlar oʻgʻirlab olinishi mumkinligi, tizim ishlamay qolishi yoki boshqa texnik xatoliklar yuz berishi haqida ogohlantirilgandi.

"Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, SCR kengaytmali fayllar orqali turli dasturlarni yaratish mumkin.

Odatda, SCR fayllar ularni yaratgan tegishli dasturning ijro qiluvchi fayl skriptlari hisoblanadi. SCR faylni ochish tizimda muayyan buyruqlar roʻyxatining amalga oshirilishiga sabab boʻladi. Bunday buyruqlar faylda muayyan tartibda joylashadi.

SCR fayllarining aksariyati matnli format shaklida saqlanadi. Ularni matn muharrirlari dasturlari yoki ilovalarida ochish va koʻrish mumkin.

Bunday fayllarga oʻzgartirish kiritish ancha qiyin, sababi ular, koʻpincha, qoʻshimcha va oʻzgarishlardan himoyalangan boʻladi.

Ushbu turdagi fayllar yaratilganidan keyin troyan turidagi zararli viruslar va boshqa zararli dasturlar bilan birga ishlay oladi.

SCR fayl ochilganida, odatda, antivirus dasturlarini koʻp hollarda bloklab qoʻyadigan buyruqlar ishga tushadi.

Virus yozuvini oʻzgartirmaslik himoyasi mavjudligi yoki SCRda yashiringan EXE-fayl tufayli antiviruslar, koʻpincha, bunday dasturiy taʼminotni oʻchira olmaydi.

SCR fayli ichiga joylashtirilgan troyanlar va viruslarni topish va oʻchirish mushkul boʻlgani sababli axborot xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar mazkur shakldagi nomaʼlum fayllarni ochmaslikni tavsiya qiladilar“ deyiladi ”Oʻzkomnazorat" inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?