Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global omillar

13:59 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
105 0

Samarqand davlat universitetida ana shu mavzuda halqaro konferensiya oʻtkazildi.

Anjumanda Xitoy, Rossiya, AQSH, Italiya, Bolgariya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi xorijiy davlatlardan 10 dan ortiq soha mutaxassislari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAJ) Markaziy Osiyo boʻyicha masʼullari ishtirok etdi.

BMT oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining qishloq xoʻjaligi siyosati boʻyicha katta maslahatchisi D.Kinlay, AQSHning “VetVittles” kompaniyasi rahbari, akademik E.Gurman nutq soʻzladi.

200 nafarga yaqin mutaxassis va olimlar tomonidan oziq-ovqat xavfsizligining dolzarb masalalariga qaratilgan maʼruzalari tinglandi. Mamlakatimizda eksport-import operatsiyalarini tartibga solish, ehtiyoj katta boʻlgan oziq-ovqat tovarlarini eksport qilishdagi toʻsiqlar, nosogʻlom raqobat, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan import mahsulotlarining monopoliyalashtirilishi, buning oqibatida narx-navoning sunʼiy oshirilishi, taqchillikning yuzaga kelishi kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Konferensiya faoliyatida oziq-ovqat havfsizligining milliy va xalqaro meʼyorlari, mahsulotlarning sifati, qayta ishlash va ozuqalarning biologik qiymatini saqlash masalalari, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi va salomatlik strategiyasi, ilmiy asoslangan ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish muammolari ham oʻrtaga tashlandi.

Ishtirokchilar qishloq xoʻjalik mahsulotlari koʻrgazmasini tomosha qildilar.

Anjumanning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Gulchehra BERDIYOROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?