Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash davr talabi

14:23 11 May 2020 Iqtisodiyot
124 0

Dunyoda, qolaversa, respublikamizda aholi sonining kundan-kunga koʻpayishi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning ham oshishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda isteʼmol talabini qondirish, aholini oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash, eng asosiysi qishloq aholisi bandligi va daromadlarini oshirish kabi qator muhim ijtimoiy -iqtisodiy vazifalar dolzarb ahamiyat kasb etadi. Samarqand viloyatida ham ana shunday talablardan kelib chiqqan holda istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqdaki, natijada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish darajasining oʻsishiga erishilyapti.

Bulunugʻur tumani asosan meva-sabzavotchilik, uzumchilik va kartoshkachilikka ixtisoslashgan hududlardan sanaladi. Azaldan tuman ahli ushbu yoʻnalishda oʻziga xos maktab ham yaratgan. Bugun esa davlatimiz tomonidan berilayotgan keng imkoniyatlar bu ishlarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Tumanda birgina bogʻdorchilik, sabzavotchilik, issiqxonachilik, chorvachilik, parrandachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash sohalarida misli koʻrilmagan natijalarga erishilmoqda.

Aniq misollarga oʻtamiz. Bundan bir yil avval tuman hududidagi toshloq va tashlandiq holatdagi yer tadbirkorga ajratib berilgach, bu yerda “Yangi ariq issiqxonasi” fermer xoʻjaligi tashkil qilindi va 2 gektar maydonda zamonaviy, yirik issiqxonaga asos solindi. Ayni paytda issiqxonada pomidor, bodring va bulgʻor qalampiri yetishtirilmoqda. Albatta, tartib bilan terilgan hosillarni koʻrsangiz koʻzingiz yashnaydi. “Odamning qoʻli gul” degan naqlga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.

Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, 810 ming AQSH dollarlik imtiyozli kredit evaziga ish boshlagan issiqxonada 20 ga yaqin ish oʻrinlari yaratildi. Bu yerga asosan shu atrofda yashovchi qishloq xotin-qizlari ishga joylashtirildi. Ular uchun esa barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Shu vaqtga qadar ishsiz boʻlgan ayollar ish bilan taʼminlanganidan mamnun albatta.

“Izlagan imkon topar” deyishadi. Xoʻjalik aʼzolari bugun issiqxonadagi har bir niholni mehr bilan parvarishlamoqda. Yerdan yana-da samarali foydalanish maqsadida bulgʻor qalampiri, qator oralariga esa bodring ekilgan. Bugun ular ham allaqachon hosil nishonalarini koʻrsatib turibdi. Bu esa omilkorlik bilan qoʻshimcha daromad olish degani.

— Issiqxonada parvarishlanayotgan 20 ming toʻp pomidor, 34 ming toʻp bulgʻor qalampiri va bodringlar shigʻil hosilga kirgan, — deydi fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Mirzabek Shermonov. - Hademay ular bozorga chiqarilib, aholi dasturxoninini bezaydi. Biz ushbu isssiqxonada yiliga hozircha ikki marta, kelajakda esa uch martagacha hosil olishni moʻljallamoqdamiz. Mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozorga yetkazish, balki ekchport qilish ham koʻzda tutilgan.

Quvonarli tomoni shundaki, issiqxonada barcha jarayonlar avtomatik ravishda boshqariladi. Ekinlar tomchilatib sugʻoriladi, bu bilan esa oʻgʻit, suv tejaladi. Ishchi kuchi iqtisod qilinadi. Issiqxonadagi belgilangan havo harorati ham ayni shu tartibda nazorat qilib boriladi.

Bulungʻur tumanida keyingi yillarda chorvachilik tarmogʻini yana-da rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda tumandagi chorvachilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarda ikki mingga yaqin naslli chorva mollari parvarishlanyapti. Ushbu xoʻjaliklar tomonidan esa aholiga sifatli va arzon goʻsht va sut mahsulotlari tayyorlanib, yetkazib berilmoqda. Tumanda ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da kengaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida ham istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan.

— Hozirda Bulungʻur tumanidagi barcha toifadagi xoʻjaliklarda 106 ming 740 bosh chorva mollari boqib kelinmoqda, — deydi “Chorvanasl” jamiyatining Bulungʻur tumanidagi vakili Jamshid Hasanboyev. — Chorvachilik fermer xoʻjaliklarida esa 1797 bosh qoramollar parvarishlanadi. Shulardan biri tumanimizdagi “Zarbdor zar zamini” fermer xoʻjaligi 2019-yilda kredit mablagʻlari hisobidan 66 bosh qora mollarni Germaniya davlatidan olib kelib parvarishlamoqda. 2020-yilda ham 4 ta loyiha tashabbuskori aniqlangan boʻlib, ular tomonidan ham Germaniya, Avstriya davlatlaridan chorva mollarini olib kelish moʻljallangan.

Tumandagi “Zarbdor zar zamini” fermer xoʻjaligida bugun 120 bosh naslli qoramol boqilmoqda. Oʻtgan yili 232 ming AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit evaziga olib kelingan 66 bosh qoramol bugungi kunda 120 boshga yetdi. Hozirda kuniga ulardan 1 tonnadan ortiq sut sogʻib olinib, qayta ishlash korxonalariga yetkazilmoqda. Naslli ona sigirlardan olingan buzoqchalar ham belgilangan meʼyor asosida parvarishlanyapti. Kelgusida xoʻjalik qoshida sutni qayta ishlash sexini tashkil etish moʻljallangan.

Parrandachilik yetti xazinaning biri sanaladi. Shu bois ham tumanda ushbu tarmoqni rivojlantirish, bozorlarimizga tuxum va parhezbop tovuq goʻshti yetkazib berishga ham ustuvor ahamiyat qaratilgan. Bugungi kunda birgina “Dostonbek Najmidddinov chorvasi” fermer xoʻjaligida 35 ming bosh tovuq boqilmoqda. Asosan goʻsht yoʻnalishiga ixtisoslashgan xoʻjalikda yiliga 40 tonna parhez tovuq goʻshti ichki bozorga yetkazib beriladi. 10 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan xoʻjalikda 200 tonna sigʻimga ega muzlatgich ham barpo etilgan. Bu esa yetishtirilgan mahsulotni saqlash va peshma-pesh bozorga yetkazib berish imkonini bermoqda.

— Fermer xoʻjaligimizda 65 gektar yer maydoni bor. Gʻalla, makkajoʻxori kabi ozuqalarni oʻzimiz yetishtiramiz, — deydi — deydi xoʻjalik rahbari Fazliddin Boymurodov. — Davlatimiz tomonidan parrandachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Bundan tashqari qator imtiyoz va qulayliklar berilyapti. Bulardan foydalanib kelgusida tovuq goʻshti ishlab chiqarishni yana-da oshirib, xalqimizga arzon va sifatli mahsulot yetkazib berishni moʻljallaganmiz.

Darhaqiqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, uni qayta ishlash, qadoqlash va saqlash hamda eksportga yoʻnaltirish borasidagi bu kabi keng koʻlamli saʼy-harakatlar mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini hamda bozorlarimizda yil davomida mahsulot serobligini, arzonchilikni taʼminlash barobarida, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini yana-da oshirish imkonini bermoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?