Oziq-ovqat xavfsizligi: Bugungi harakatimiz ertangi hayotimizda aks etadi

12:38 22 Aprel 2020 Siyosat
492 0

Bugungi koronavirus pandemiyasi sharoitidan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash jahon hamjamiyatini oʻylantirayotgan muammolar qatoriga kirdi. Binobarin, iqtisodiy jarayonlarning sekinlashuvi mahsulotlar ishlab chiqarishga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Shu bois har bir mamlakat bu borada aniq vazifalarga asoslangan choralarni koʻrmoqda.

Aytish joizki, Oʻzbekistonning bu boradagi imkoniyatlari keng. Saxovatli zaminimiz, “yer bilan tillashadigan”, mehnatkash dehqonlarimiz bor. Ayni paytda koʻrilayotgan chora-tadbirlar esa ularga yerdan, oʻz tomorqasidan yana-da samarali foydalanish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlardir. Zero, bugungi harakat ertangi turmush tarzimizda namoyon boʻladi.

Qoʻshma qaror ijrosi — amalda

Joriy yilning 21-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida parlament palatalari Kengashlarining 2020-yil 13-apreldagi “Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorining ijrosi yuzasidan hisobot eshitildi.

Albatta, oʻtgan vaqt unchalik koʻp emas. Biroq shu qisqa pallada ishchi guruhi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda ularning hududiy organlariga aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etishda amaliy yordam berib kelinmoqda. Bunda ishchi guruhi har bir aʼzosining tomorqa yerlaridan foydalanishni oʻrganish boʻyicha tumanlarga chiqish rejalari ishlab chiqilgani qoʻl keldi. Natijada 5 kun ichida tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish ishlari karantin qoidalariga amal qilgan holda jami 39 ta tumanning 194 ta mahallasidagi 768 ta xonadonda tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish natijasida xonadon egalari tomonidan 182 ta muammoli masala koʻtarilgan va deputatlar tomonidan 158 ta masalaning (mahalliy oʻgʻit yetkazish, sugʻorish ¬ishlari, kredit olish, koʻchat yetkazish va boshqalar) yechimida amaliy yordam berildi.

Shu bilan birga, aholi tomorqalarini oʻz vaqtida sugʻorish, mahalliy oʻgʻitlar bilan taʼminlash ishlari deputatlarning doimiy nazoratida boʻlmoqda. Albatta, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirish boʻyicha taʼsirchan jamoatchilik hamda deputatlik nazoratini tashkil etishga koʻmaklashish, shuningdek, kam taʼminlangan, qarovchisi yoʻq oilalarga ilgʻor fermerlarni biriktirish, tomorqa yerlariga ishlov berish, ekin ekish va parvarishlashda yordam berilishi hamda bu maqsadda mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi ustidan samarali deputatlik nazorati olib ¬borilmoqda.

Mamlakatimizda 432,4 ming gektar tomorqaning 125,3 ming gektariga toʻqsonbosti ekinlar oʻtgan yilning noyabr oyida ekilgan boʻlib, 307,2 ming gektarga ertagi ekinlar rejalashtirilgandi. Amalda 291,9 ming gektar yerga (95 foiz) ekilgan. Shundan 141,8 ming gektarida sabzavot, 25 ming gektarida poliz, 43,3 ming gektarida kartoshka, 20,2 ming gektarida dukkakli ekinlar, 3 ming gektarida moyli ekinlar va 58,6 ming gektarida boshqa ekinlar parvarishlanmoqda.

Tomorqa yer uchastkalaridan foydalanishda yangi qonun zarur. Nega?

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarorida aholining tomorqasi hamda dalada ajratilgan yerlardan foydalanishni huquqiy tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatini ishlab chiqish borasida ham topshiriq mavjud.

Bu nimani anglatadi?

Qayd etish kerak, mamlakatimizda tomorqa yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanishda 15 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud. Ammo tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish, tomorqa yer egalarining mahsulot yetishtirishdagi kooperatsiyasi masalalari hozirgacha tartibga solinmagan.

Shu nuqtayi nazardan, ayni paytda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi tuzildi. Amaldagi qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili mamlakatda tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga soladigan hamda tomorqa yer uchastkalari egalari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan yagona qonun hujjati mavjud emasligini, shuningdek, ushbu sohaning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladigan bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatdi.

Xoʻsh, xorijiy davlatlarda bu tajriba qanday?

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, koʻplab mamlakatlarda, xususan, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Moldova, Tojikiston hamda Ukrainada huquqiy maqomga ega “shaxsiy yordamchi xoʻjalik” tushunchasi mavjud boʻlib, xoʻjalik faoliyatini tartibga solishga qaratilgan maxsus yaxlit qonunlar qabul qilingan. Ahamiyatli jihati, mazkur qonunlarda shaxsiy yordamchi xoʻjalikda mahsulotlar yetishtirish va ularni realizatsiya qilish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani maqsadga muvofiqdir.

Albatta, mazkur qonun loyihasida bir qator yangiliklar koʻzda tutilmoqda.

Chunonchi, unda tomorqa yer uchastkasining huquqiy maqomi va fuqarolik muomalasidagi oʻrni belgilanyapti. Tomorqa yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erkin savdo hamda oila ehtiyojlari uchun yetishtirish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyatida tomorqa yer egalari va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning tartibga solinishi hamda tomorqa yer egalari manfaatlarini himoya qilish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar va subsidiyalar berish tartibi joriy etilishi nazarda tutilyapti. Ularning huquqlari va majburiyatlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish tartibi, oʻzaro kooperatsiya munosabatlaridan iborat. Tomorqa yer uchastkalarini hisobga olish va ularga boʻlgan huquqning bekor boʻlishi haqidagi normalarni inobatga olish taklifi bildirilmoqda.

Jamoatchilik oʻrtasida keng muhokama qilinib, takliflar asosida tayyorlangan qonun loyihasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Ravshan MAMUTOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?