Oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtayotgan OTMlar roʻyxati tasdiqlandi

15:30 05 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
399 0

“Oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida” Hukumat qarori (967-son, 03.12.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali xabar berdi.

Qaror bilan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan 10 ta oliy taʼlim muassasalari roʻyxati tasdiqlandi.

Bunda ushbu OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnika bazasi yetarli darajadaligi, taʼlim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi inobatga olindi.

Shuningdek, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan OTMlarga bir qator qoʻshimcha vazifalar belgilandi.

Qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislarining malakasini oshirish va boshqa pullik xizmatlarni joriy etish shular jumlasidandir.

Qarorga koʻra, oʻzini-oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan OTMda toʻlov-kontrakti asosida taʼlim olayotgan talabalarning kontrakt toʻlash muddatlari tomonlar kelishuviga koʻra shartnoma asosida belgilanadi.

Oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilgan OTMlar

1) Samarqand davlat chet tillari instituti

2) Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

3) Toshkent davlat yuridik universiteti

4) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

5) Toshkent moliya instituti

6) Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

7) Toshkent farmatsevtika insituti

8) Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti

9) Urganch davlat universiteti

10) Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti

Maʼlumot uchun: Prezidentning 2019-yil 11-iyuldagi qarori (http://lex.uz/docs/4415478) bilan 2020-yildan boshlab ayrim OTMlar bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtishi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?