Oʻzini oʻzi band qilgan aholi daromad soligʻidan ozod qilinadi

15:51 11 Iyun 2020 Siyosat
1346 0

Endi bunday shaxslarni roʻyxatga olish xabar berish tartibida yoʻlga qoʻyiladi. Vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi esa bekor qilinadi.

Yurtdoshlarimiz orasida biror korxona, idora yoki tashkilotda oʻziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega boʻlmagan, biroq turli mavsumiy mehnat bilan band boʻlgan yoki oilasida tomorqa bilan shugʻullanib, daromad topadiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ammo shu kunga qadar ularning faoliyati hech qayerda qayd etilmasdi. Bu esa pensiya yoshiga yetganda nafaqa tayinlash uchun talab qilinadigan mehnat staji yoʻqligi muammosini keltirib chiqaradi.

Ayni holat 2020-yilgi Davlat dasturida ham alohida qayd etilib, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga qator yengilliklar yaratish lozimligi belgilandi. Xoʻsh, kimlar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sanaladi? Ularga qanday imtiyozlar berilgan? Bu tajriba haqiqatda bandlikni taʼminlashga hissa qoʻshyaptimi?

Daromad uchun soliq toʻlanmaydi

Darhaqiqat, soʻnggi vaqtlarda “oʻzini oʻzi band qilish” atamasi tez-tez tilga olinmoqda. Xoʻsh, aslida ular kim? Oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolar — mehnat daromadi olishga yoʻnaltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinmagan va oʻz faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar hisoblanadi.

Aslida, bugungacha ham xalqimiz bunday faoliyat turlari bilan shugʻullanib kelgan. Hunarmandchilik, ustachilik, zargarlik, novvoylik, duradgorlik, sartaroshlik kabi kasb egalari shular jumlasidan. Endi esa bunday faoliyatga huquqiy baho berildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi “Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

Unga muvofiq, 2019-yil 1-sentyabrdan bunday shaxslarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi. Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga koʻra, 1 oydan 12 oygacha muddatga, mehnat organlari tomonidan fuqarolarning doimiy yashash joyidan qatʼi nazar beriladi. Guvohnomada koʻrsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi. Shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga banklardan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi. Eng ahamiyatlisi, oʻzini oʻzi band qilayotgan, qoʻlida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida ular daromad soligʻidan ozod qilingan. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilishning oʻzi kifoya.

Vaqtinchalik guvohnoma bekor qilindimi?

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan sohada yangi tartiblar joriy etildi. Jumladan, 1-iyuldan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati kengaytirildi. Mazkur faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari faqatgina 24 ta edi. Endi ularning soni 67 tani tashkil etadi. Bu esa, norasmiy sektorda band boʻlganlar sonini yana-da kamaytirishga xizmat qiladi. Eng eʼtiborli jihati shundaki, amaldagi tartib boʻyicha fuqaro vaqtinchalik mehnat guvohnomasini 12 oylik muddatga olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravari miqdoridagi toʻlovni amalga oshirishi kerak edi. Bu fuqarolarning oz boʻlsa-da eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi. Ushbu mablagʻning faqat 60 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga — oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro tomonidan yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashga yoʻnaltirilgandi. Prezidentimizning mazkur qaroriga koʻra, endilikda bunday shaxslar 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida toʻlaydi. Ushbu summa toʻliqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va undan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oʻrnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Bundan tashqari, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish xabar berish tartibida yoʻlga qoʻyiladi. Bu jarayon maxsus mobil ilova yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Amaldagi vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi.

Muhim jihat — qaror bilan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmasligi hamda ish beruvchiga ega boʻla olmasligi toʻgʻrisidagi talab saqlanib qoladi.

Frilanserlarga qator huquqlar berildi

Soʻnggi vaqtlarda yana bir atama paydo boʻldiki, u rivojlangan davlatlarda ancha ommalashib bormoqda. Frilanser! Bu — erkin ishchi boʻlib, asosan, bir martalik yoki mavsumiy ishlarni bajarish uchun yollanuvchi, buyurtma asosida qaysidir ish yoki xizmatni muayyan haq evaziga kelishilgan vaqt davomida amalga oshirib beruvchi insondir. Frilanser har qanday joydan turib istalgan mamlakatdagi loyiha boʻyicha haq evaziga xizmat koʻrsatishi mumkin.

Bugungi kunda yurtimizda ham koʻplab yoshlar uyida oʻtirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlarni koʻrsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, yaʼni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, toʻlovlarni qabul qilishda qator toʻsiqlar mavjud. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida bu jihatlar ham oʻz aksini topib, internet tarmogʻi orqali xizmatlar koʻrsatuvchi (ishlar bajaruvchi) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar (frilansing)ga qator huquqlar berildi.

Jumladan, endi ular koʻrsatilgan xizmatlar uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar — norezidentlardan xorijiy valyutadagi toʻlovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli maʼlumotlarni kiritmagan holda, Oʻzbekiston Respublikasining banklaridagi hisob raqamlariga qabul qilish mumkin.

Shuningdek, kontrakt tuzmasdan, kelishuv toʻgʻrisidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yoʻli bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatishi mumkin.

Yana qanday yangiliklar bor?

Qaror bilan 1-iyulga qadar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni masofadan turib roʻyxatga olishni nazarda tutuvchi mobil ilova ishlab chiqiladi. Tadbirkorlar uchun “Biznes navigator” axborot tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma unda tadbirkorning fotosurati aks ettirilgan holda beriladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar boʻlgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlaydilar.

Mazkur hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, mazkur qaror aholi bandligini taʼminlashda, bu sohada yangi mexanizmlarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi va albatta aholi farovonligini oshishiga xizmat qiladi.

Mavludaxon XOʻJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?