Oʻzini er bilgan, oʻzgani sher biladi

16:36 17 Fevral 2020 Jamiyat
246 0

Odatda, tobimiz qochsa, “tez yordam”ga telefon qilib, doʻxtir yuborishni soʻraymiz. “Marhamat, kiring”, deb peshvoz chiqamiz. Shifokorga bemor oldiga joy tayyorlaymiz. Kasal shikoyatini aytadi. Doʻxtir tanometr olib qon bosimini, termometr bilan haroratini oʻlchaydi. Bemor maʼlumotlariga koʻra yo shifoxonaga yotqiziladi, yo dori-darmon belgilaydi.

Egnidagi oq xalatlari kabi niyatlari oppoq kasb sohiblari davlatimiz eʼtiborida, xalqimiz ardogʻida.

Jizzaxda Ulugʻbek Mamatqulov degan shifokor bor. U oʻzi xizmat qilayotgan Xayrabod hududidagi deyarli hammani taniydi. Odamlar hamUlugʻbekni yaxshi biladi. “Tez yordam” chaqirigʻiga shu kishi kelsa, xursand boʻlishadi. Qarang, shifokor samimiy boʻlgach, aholi ham unga mehr koʻrsatadi...

Biroq bugungi kunda hayotimizda shunday holatlar ham yuz bermoqdaki, bunga ajablanmay ilojimiz yoʻq. Gap keyingi paytlarda tez-tez kuzatilayotgan “tez yordam” shifokorlariga jismoniy tazyiqlar haqida ketmoqda.

... Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemorning oʻgʻli ortopediya va jarohatlar oqibatlari boʻlimi xodimi Bobur Shavkatovning qoʻlini bogʻlab, ustidan benzin sepib, oʻt qoʻyishga ahd qilibdi. Yaxshiyam, odamlar vaqtida yordamga kelib, qutqarishibdi. Shifokor boʻlaman, deb qancha oʻqib, odamlarga yordam berishdek savobli ishda ishlayotgan mutaxassis shunday holga tushsa, alam qilmaydimi?! Maʼlum boʻlishicha, Bobur Shavkatov xususiy tibbiyot muassasasiga oʻtib ketibdi. Axir shifokorlik dunyoda eng tinchlikparvar, savobli kasb emasmi?!

Navoiy viloyati Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasiga qoʻngʻiroq boʻldi. “Tez yordam” yuborishlarini soʻrashdi. Shifokor Najmiddin Boliqulov va feldsher Ulugʻbek Rajabov birgalikda aytilgan manzilga yetib borishsa, ularni musht koʻtarib, qarshi olishdi. Endigina institutdan keyin ish boshlaganiga ikki oy boʻlgan Najmiddin bunday munosabatdan hafsalasi pir boʻlgan.

Yaqinda Fargʻonada yuz bergan voqea hammasidan oʻtib tushdi. Oilaviy poliklinikaga kelgan ona oʻz qizi bilan birga hamshira Matluba Maʼmurovaga tajovuz qilib, unga jiddiy jarohat yetkazishdi.

Ajabo! Yordam beraman deganga minnatdorlik oʻrniga qoʻl koʻtarilsa! Bunday xurmacha qiliq xalqimizga qanday yopishdi? Nega buncha badjahl, burgaga achchiq qilib koʻrpani ham yoqadigan, yengiltak boʻlib qoldik? Qanchadan-qancha ogʻir damlarda sinovdan oʻtgan doʻstlik, inoqlik, mehr-oqibat qayoqda qoldi?

Biz bunday mojarolarning hammasida shifokorlar haq, degan fikrdan yiroqmiz. Ularning baʼzida oʻz ishiga loqaydlarcha qarayotgani, ayrim hollarda masʼuliyatsiz, tajribasizlik, bilimsizlik qilayotgani bor gap. Lekin bu bezorilikni, birovga nisbatan jabr-zulmni oqlay olmaydi. Shifokordan norozimisiz, marhamat, shikoyat yozing, juda oshib ketsa, sudga bering. Haqligingiz isbotlansa, chora koʻriladi. Lekin hech kimning insonga qoʻl koʻtarishga haqi yoʻq!

Ziyoli kasb egalari deganda, avvalo, oʻqituvchilarni va shifokorlarni tushunamiz. Oʻqituvchilarning jamiyatdagi oʻrni davra toʻrida ekanligi anchadan buyon maʼlum, keling, koʻnglida inson salomatligidan boshqa narsani oʻylamayotgan shifokorlarning obroʻ-eʼtiborini yuksaklarga koʻtaraylik, xalqimiz bu savobli kasb sohiblarini “jonga jon shifokorlar” deb eʼzozlab kelishgan. Oʻzini hurmat qilgan, madaniyatli, tarbiya koʻrgan odamlar atrofdagi hamma insonlarga yaxshilik bilan, xayrixoh munosabatda boʻladi. Oʻzini er bilgan, oʻzgani sher biladi.

Shuhrat JABBOROV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?