Oʻziga oʻxshamagan “professional” liga yoxud taqdirlash marosimining “tomosha”lari...

12:33 17 Dekabr 2018 Sport
605 0

Kuni kecha Oʻzbekiston professional futbol ligasi yangicha tartibda tashkil etilgan 2018 yilgi mavsum laureatlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Ushbu jarayon saytimiz va turli ommaviy axborot vositalari orqali jonli tarzda keng yoritildi. Hozir bu haqda soʻz yuritmoqchi emasman, aksincha, ayrim mulohazalarim bilan oʻrtoqlashishni lozim topdim.

Yil yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan ushbu marosimda quyidagi nominatsiyalarda, yaʼni Oʻzbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi, eng yaxshi yosh futbolchisi, eng yaxshi murabbiyi, eng yaxshi darvozaboni, eng chiroyli goli, eng yaxshi ayol futbolchisi, eng yaxshi futzalchisi, PEPSI Superliga-2018 toʻpurari, “Fair Play” sovrini, Oʻzbekiston PFL maxsus sovrini, shuningdek, mavsum davomida oʻz sohasi boʻyicha qolgan klublarga oʻrnak boʻladigan tarzda faoliyat koʻrsatgan eng yaxshi matbuot xizmati, eng yaxshi marketing xizmati, qolaversa, muxlislar bilan ishlashda yaxshi natijalarga erishgan fan-klublar ham taqdirlanishdi.

Taqdirlash marosimining “tomosha”lari...
Bir qarashda hammasi binoyidek tashkillashtirildi, lekin... Avvalo eng yaxshi yosh futbolchi nominatsiyasiga toʻxtalsak. Bu nomga “Nasaf” klubi hamda mamlakat olimpiya terma jamoasi hujumchisi Bobir Abduholiqov, “Navbahor” aʼzosi Oston Oʻrunov hamda “Bunyodkor” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi Jasur Jamoliddinov daʼvogarlik qilishi biroz ilgari PFL saytida ham eʼlon qilingandi. Ayonki bu kurashda Jasurga non yoʻq edi. Xolisona baho beradigan boʻlsak, Bobir mavsum-2018da nafaqat Oʻrunov, balki boshqalardan ham yorqinroq oʻyin namoyish etdi. Va yakunda uni Superliga-2018 ramziy terma jamoasiga kiritishdi. “Navbahor” vakili esa adashmasam ramziy terma jamoaga nomzodlar qatoridan ham oʻrin olmagandi. Ammo, “Yilning eng yaxshi yosh oʻyinchisi” nominatsiyasida PFL Ostonni gʻolib deb eʼlon qildi, Bobirni emas. Bu hol sizga biroz erish tuyulmayaptimi?

“Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida Andrey Fyodorov gʻolib boʻldi. Bunisi tushunarli, negaki u yangi tartibda oʻtkazilgan Superligada “Lokomotiv”ni chempion qildi, boz ustiga prinsipial raqibi “Paxtakor”ni hal qiluvchi bosqichning har ikki uchrashuvida magʻlubiyatga uchratdi. Demak, u eng yaxshi murabbiy boʻlishga har jihatdan munosib. Biroq, MAVSUM-2018ning ramziy terma jamoasiga bosh murabbiylik uchun Mirjalol Qosimov nomzodi loyiq koʻrildi. Mirjalol akaning joriy mavsumda “Bunyodkor”da amalga oshirgan xizmatlarini kamsitmagan holda PFLga shunday savol bilan murojaat qilmoqchiman: nega ramziy terma jamoa murabbiyi boshqa-yu “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida boshqa kishi gʻolib boʻladi? Bu bilan mamlakat ichki futboliga masʼul tashkilot dallollik vazifasini bajaryaptimi, yaʼni “siz bu sovrinni qoʻlga kiritdingiz, bunisini esa boshqaga beramiz”, qabilida. U holda qandaydir ovoz berish jarayonlarini oʻtkazish kimga kerak?!

Va nihoyat koʻpchilikni ajablanishiga sabab boʻlgan “Yilning eng yaxshi futbolchisi” nominatsiyasiga ham yetib keldik. Bu nomga daʼvogarlar qatorida “Lokomotiv” hujumchisi Marat Bikmayev, “Bunyodkor” sardori Javlon Ibrohimov hamda “Paxtakor” toʻpurari Tyago Bezerra nomzodi koʻrsatilgan edi. Javlon mavsumni yomon oʻtkazmadi, biroq “qaldirgʻochlar” safida biron-bir unvonni qoʻlga kiritolmagani uning zarariga ishladi nazarimda. Bezerra “Paxtakor”da yetakchilik mavqeini qoʻlga oldi, chempionat yakunida mavsum toʻpurarligini ham qoʻlga kiritdi. Biroq, eng muhim oʻyinlarda, yaʼni “Loko”ga qarshi chempionlik taqdiri hal boʻlgan hamda AGMKga qarshi Oʻzbekiston kubogi finalida nima karomat koʻrsatdi?

Marat esa “Lokomotiv” bilan qatorasiga uchinchi marotaba chempion boʻldi, ayniqsa oltin medal taqdiri hal boʻlgan “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda oʻziga xos qahramonlik koʻrsatdi. Qolaversa Bikmayev milliy termamiz tarkibida ham chiroyli oʻyinlar namoyish etdi, ayniqsa bosh jamoamizning argentinalik ustozi Ektor Kuper boshchiligida hozircha yorqin boʻlib turgan KXDR va Qatar terma jamoalariga qarshi oʻyinlarda haqiqiy hujumchi qanday boʻlishi kerakligini koʻrsatib qoʻydi. Endi oʻzingiz baho bering, “Yilning eng yaxshi futbolchisi” boʻlishga kim munosibroq edi?!

Ikki ogʻiz MAVSUM-2018 haqida
Joriy yildan Oʻzbekiston chempionati yangi tartibda oʻtkazildi. PFL qaroriga koʻra ilgarigi Oliy liga Superligaga aylantirildi va unda 12 jamoa qatnashdi. 1-liga esa Pro-liga deb nomlandi va jamoalar darajasiga koʻra ikki guruhga taqsimlangan holda bahslarga kirishdi.

“V” guruhida oʻyinlar guyoki rasmiyatchilik uchun oʻtkazildi va mavsum oxiriga kelib baʼzi jamoalar hattoki safar oʻyini tugul oʻz maydonidagi uchrashuvni ham tashkil etishga imkon topolmadi. “A” guruhidagi oʻyinlar esa ancha murosasiz kechdi, deyish mumkin. Ammo klublarning moddiy ahvoli, maydonlar holati borasida Pro-liga tugul, hatto Superligada ham amalga oshiriladigan ishlar talaygina.

Zamonaviy futbolda marketing tizimi muhim oʻrin tutadi, ammo bizning klublarda bu masalaga hali ham panja ortidan qarash holatlari davom etmoqda va negadir PFL mana shu jihatlarga ham eʼtibor qaratishda oqsamoqda.

Stadionlarga muxlislarning tashrifi borasida mavsum avvalida anchagina ijobiy koʻrsatkich qayd etildi. Biroq, joʻjani sanaydigan pallaga kelib Superliga va Pro-ligada oʻyinlarni tomosha qilish uchun stadionga kelgan tomoshabinlarni bemalol sanab chiqish mumkin edi. Bundan xulosa qiladigan boʻlsak, yangi tartib muxlislarga manzur boʻlmagan. Aks holda mavsum oxiriga kelib muxlislar tashrifi bu qadar pasayib ketmasdi, yana bilmadim.

Har bir mavsum yangi isteʼdodlarni kashf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, biroq 2018 yilgi Oʻzbekiston chempionatida biron-bir yosh futbolchini yarq etib porladi, deyishga ochigʻi istihola qiladi kishi. Negaki bunday futbolchining oʻzi yoʻq. Demak, PFL bu borada ham jiddiy ishlashi, klublarimiz oldiga yoshlarga katta eʼtibor qaratish talabini qoʻyishi kerak. Ha, qanchalik achinarli boʻlmasin, xalqimiz biron-bir vazifani rahbariyat talab qilgandagina bajarishga koʻnikib qolgan, chunonchi futbolimiz korchalonlari ham.

Endi nima qilish kerak?!
Nazarimda Superligada 12ta jamoa tizimi oʻzini oqlamadi. Bu borada Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi jiddiy bosh qotirishi kerakka oʻxshaydi. Toʻgʻri, futbolimiz elitasi ishtirokchilari sonini oshirish muammo emas, lekin klublar bunga tayyormi, degan savol tugʻiladi. Shunday mulohaza yuritadigan boʻlsak, joriy mavsum Superligada ishtirok etgan 12ta klubdan qanchasi iqtisodiy qiyinchilikni boshdan kechirmadi, deb aytolasiz. Mening bilishimcha 2018 yilgi mavsumda “Paxtakor”, AGMK, “Metallurg”, “Qizilqum” singari uch-toʻrtta klubni hisobga olmaganda aksariyat jamoalar moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirishdi, ayrimlari hamon kechirishmoqda, futbolchilar oldidagi qarzlarini uzisholmayapti. Demak, iqtisodiy baquvvat klublargina Superligada qatnashadi, degan talab oʻzini oqlamaydi. 14ta jamoa variantiga keladigan boʻlsak, bunda chempionatda jamoalar ikki davrali tizimda atigi 26ta oʻyin oʻtkazishadi, bu esa futbol ustalari mavsum davomida jismoniy holatini bir maromda ushlab turishi uchun kamlik qiladi. Ammo, 14ta jamoani oqlaydigan omil, hukumat topshirigʻiga koʻra mamlakatimizda 14ta futbol akademiyasini ochish belgilangan va ularda kamolga yetishadigan futbolchilar faoliyatini davom ettirishda muammoga duch kelmasligiga umid qilish mumkin. Lekin, biz uchun eng optimal variant baribir 16ta jamoa. Toʻgʻri, ayni paytda yurtimizda OFKning litsenziyalash talabiga javob beradigan buncha jamoa topish amri mahol. Lekin, masalaga bunday yondashadigan boʻlsak, 12ta jamoamiz ham OFK va FIFA talablarini bajarishda muammoga duch kelishayotgani hech kimga sir emas. Shunday ekan, vaziyatga real qaragan holda milliy futbolimizni rivojiga xizmat qiladigan qarorni qabul qilish kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?