Oʻzi uysiz boʻlgan sirdaryolik tadbirkor butun mamlakat boʻylab xayriya tadbirlari oʻtkazmoqchi

17:47 06 Fevral 2019 Jamiyat
354 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryolik yakka tadbirkor Dilfuza Mansurovaning Yangi yil arafasida Guliston shahridagi ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalardagi qizchalarga bayramona koʻylakchalar sovgʻa qilganligi haqida xabar bergan edik. Kuni kecha saxovatli ayol Qoraqalpogʻiston Respublikasining bir necha hududlarida ana shunday xayrli ishni amalga oshirdi.

Dastlab u Nukusdagi respublika tugʻruqxonasida 11 nafar ayolga chaqaloq buyumlari toʻplamini tuhfa qildi. Nukus va Xoʻjayli tumanlaridagi 20 nafar oilalar farzandlariga esa oʻz korxonasida ishlab chiqarilgan bolalar kiyimlarini topshirdi.

Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turgan Dilfuza Mansurova bilan telegram kanali orqali bogʻlanganimizda u quyidagi xabar orqali oʻz niyatini bildirdi:

“2019 yilda ishlab chiqargan mahsulotlarimdan bir qismini butun Oʻzbekistondagi kam taʼminlangan oilalarga tarqatishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻyganman. Men bu ishimni Qoraqalpogʻistondan boshladim. Xudo xohlasa bunday tadbirni Oʻzbekistonimizning qolgan 12 ta viloyatida ham oʻtkazaman”.

Maʼlumot uchun, Dilfuza Mansurova bosh boʻlgan jamoa arzon va sifatli chaqaloq kiyimlari toʻplami ishlab chiqaradi.Qizigʻi, koʻpchilik bilmaydiki, qoʻli ochiq, saxovatlilikni oʻzining eng oliy fazilatiga aylantirgan bu ayolning uy-joyi yoʻq, ijara xonadonda yashaydi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?