Oʻzi xon, koʻlankasi maydon boʻlgan mulkdorlardan 876 mln soʻmdan ortiq mablagʻ undirib olindi

09:11 06 Iyul 2019 Iqtisodiyot
481 0

Prezidentimizning 2018-yil 4-sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur qaror ijrosi doirasida oʻtkazilayotgan oʻrganishlar jarayonida xususiylashtirilgan, lekin yillar davomida foydalanilmasdan turgan koʻplab obyektlar aniqlanmoqda.

–Qaror ijrosi doirasida Andijon tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida 130 ta obyekt egasi binolaridan foydalanmayotgani aniqlangan,–deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi bosh mutaxassisi Dilmurodjon Parpiyev. – Oʻtgan vaqt mobaynida shuncha boʻsh turgan binolardan faqat 12 tasi boʻyicha investitsiya loyihalari taqdim etilgan, xolos. Shu bois, imkoniyati boʻla turib, mulkiga nisbatan loqayd munosabatda boʻlganlarga taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash chorasi koʻrilgan.

Andijon tuman soliq inspeksiyasi tomonidan 84 ta obyekt rahbariga talabnomalar yuborilgan. Ularga nisbatan 989 million soʻm qoʻshimcha yer va mol-mulk soligʻi qayta hisob-kitob qilindi. Ayni paytga qadar mazkur subyektlardan 876 million 400 ming soʻm mablagʻ undirib olindi. Jumladan, tumandagi “M.K.S” korxonasiga Idoralararo komissiyaning tegishli xulosasiga koʻra, taʼsirchan soliq mexanizmi qoʻllanilgan. Unga muvofiq, birinchi olti oyga 39 million 895 ming, ushbu muddat yakunlangach, 115 million 105 ming soʻm yer va mol-mulk soligʻi qayta hisoblanib, mablagʻ toʻliq undirib olindi.

Achinarlisi shundaki, bu toifa kishilar obyektlarni xor qilgani yetmagandek, mol-mulk, yer soligʻini ham oʻz vaqtida toʻlamaganlar. Ular bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, oʻzgarishlardan toʻgʻri xulosa chiqarib, yillar davomida xalqning, davlatning mablagʻlari hisobiga qurilgan, odamlarga foyda berib kelgan ana shunday inshootlar bekor turmasligi lozimligini anglab yetishlari darkor.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?