Oʻzgarishlar natijasi xotin-qizlar hayotida aks etyaptimi?

11:20 15 Fevral 2019 Jamiyat
413 0

Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila ­institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganiga ham bir yil toʻldi. Ochigʻini aytish kerak, ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish uchun bu kam muddat emas, albatta. Bu boradagi saʼy-harakatlar natijasida tizimda bir qator oʻzgarishlar va yangilanishlar kuzatilayotganini hayotiy misollar orqali koʻrish mumkin. Biroq negadir ajrashishlar soni koʻpayayotgani, jinoyatga qoʻl ­urgan ayollar safi tobora ortib borayotgani ogʻriqli masalalardan sanaladi. ­Muxbirimiz bu haqda, qolaversa, opa-singillarimizning jamiyatda ­tutgan oʻrni xususida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ­oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi ­raisi Tanzila Norboyeva ­bilan ­suhbatlashdi.

— Mamlakatimiz ijti­moiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarimiz qanchalik faol? Bu rahbar sifatida sizni qoniqtiradimi?

— Yoʻq, xotin-qizlarimizning ­siyosiy faolligini oshirish borasida hali hamkorlikda qiladigan ­ishlarimiz ­talaygina. ­Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik memorandumlari ­imzolangan boʻlishiga qaramasdan, ularning ijrosini taʼminlashga ­yetarli eʼtibor qaratilmayapti.

Vakillik organlari hamda par­lament deputatligiga nomzod ­koʻrsatish jarayonida xotin-qizlar uchun ­belgilangan 30 foizlik kvota qamrab olin­mayapti.

Bugungi kunda vakillik organlari va parlament deputatlari orasidagi ­xotin-qizlar ulushi 15 foizni ham tashkil etmaydi. Sababi koʻrsati­layotgan nomzodlarni tayyorlash borasida tizimli ish olib borilmayapti, ayniqsa, rahbarlik lavozimlariga ­xotin-qizlardan nomzod soʻralsa, ­topib ham bera olmayapmiz.

Hozirgi kunda rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borayotgan ayollar soni 1 foizni ham tashkil ­etmaydi.

Joylarda xotin-qizlarning yetak­chiligini taʼminlashda asosiy boʻgʻin boʻlgan boshlangʻich tashkilotlar ­fao­liyatlari ham qoniqarsiz ahvolda.

— Sizningcha, muammolarni bartaraf etish yuzasidan qanday choralar koʻrish ­lozim?

— Avvalo, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining kadrlar bilan ishlash konsepsiyasini ishlab chiqishimiz va qabul qilishimiz lozim.

Bunda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni oʻqitish, malakasini oshirish, turli rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimini yaratish zarur.

Siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda vakillik organlariga, parlament deputatligiga nomzodlarni tayyorlash va 2019 yilgi saylovlarda xotin-­qizlar nomzodini koʻrsatilishini 50 foizgacha yetkazish hamda ­deputatlar orasida ular ulushining 30 foizdan kam boʻlmasligiga ­erishishni oʻzimizga vazifa qilib ­olishimiz kerak.

— Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni ish, uy bilan taʼminlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda? Shu haqda ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Oʻtgan yili respublika boʻyicha 47 ming nafarga yaqin ogʻir turmush sharoitida yashayotgan, shundan 14 ming 600 nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizning roʻyxati shakllantirilib, ular bilan manzilli ishlar olib borildi.

Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 1 ming 464 nafar ogʻir turmush sharoitida yashayotgan va nogironligi boʻlgan xotin-qizga arzon uy-joylar uchun 54,6 mlrd. soʻm boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi. Bu raqamlarning ortida ayollarimizning, aynan qiynalgan, yordamga muhtoj taqdirlar yotadi. Ularning koʻngli juda koʻtarildi. Hayotga ishonchi, umidi ortdi. Oʻzi qiynalib katta qilayotgan farzandlarining quvonchini aytmaysizmi?! Bu ­ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi.

Jamoat fondi uchun ajratilayotgan mablagʻlardan nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga moddiy yordam berish, ularni reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrishimiz kerak.

2019 yilda davlatimiz ­rahbari tomonidan berilgan topshiriq, yaʼni xotin-qizlar bandligini taʼminlash yuzasidan dastur tasdiqlandi, ayniqsa, ogʻir ijtimoiy vaziyatga ­tushib qolgan 13 ming nafar ­xotin-qizni ish, 1600 nafar ­xotin-qizni uy bilan taʼminlash boʻyicha roʻyxat shakllantirildi.

Fond mablagʻlaridan har yili 1 ming 500 nafarga yaqin ayollarga uy-joy summasining boshlangʻich badallarini shakllantirishga amaliy yordam ­beramiz.

— Bugun hayotning oʻzi jinoyatchilikka qarshi ­kurashishda yangicha yondashuv zarurligini taqozo etmoqda. Unga qarshi ­kurashishning tizimli choralarini amalga oshirishda qoʻmitaning rejalari nimalardan iborat?

— Bu borada ham koʻpgina ­loyihalar amalga oshirilyapti. Mahallalar kesimida jinoyat­chilik va huquqbuzarliklarga ­moyilligi boʻlgan xotin-qizlarning aniq roʻyxatlari shakl­lantirilib, ularga murabbiylar biriktirildi.

Olib borilgan profilaktika ishlari natijasida respublika boʻyicha xotin-qizlar jinoyat­chiligi mos ravishda 2016 yilda 5 foiz, 2017 yilda 11 foiz kamaygan boʻlsa, 2018 yilda 35,7 foiz kamayishiga erishildi.

Xotin-qizlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud jarayonlarida qoʻmita vakillarining ishtirokini taʼminlash tizimi joriy qilinishi natijasida 2018 yilda jinoyat sodir etgan 113 nafar va huquqbuzarlik qilgan

780 nafar xotin-qiz kafillik asosida jazodan ozod etildi.

Oliy sud bilan birgalikda Zangiota tumanidagi jazoni oʻtash muassasasi hamda koloniyada suhbat va sayyor sudlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirda 9 nafar ayolning jazoni oʻtash tartibi yengillashtirildi, 6 nafar ayol ozodlikka chiqarildi.

Xotin-qizlar tomonidan, ­asosan, firibgarlik, iqtisodiy va oʻgʻrilik jinoyatlari sodir etilmoqda.

Albatta, ushbu sohada ham oʻziga xos muammolar mavjud. Biz oʻtgan davr davomida turli jabhada ishlayotgan xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan yetarli hamkorlik oʻrnatmadik. Bu esa ayrim tarmoqlarda firibgarlik, iqtisodiy jinoyatlarning oshishiga olib keldi.­

Birgina Qashqadaryo viloyati misolida aytadigan boʻlsak, qayd etilgan iqtisodiy jinoyatlarning 30 foizi maktabgacha ­taʼlim, 20 foizi xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan.

Mavjud muammolarni bartaraf qilish yuzasidan bir necha vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, jinoyatchilikka moyilligi bor xotin-qizlarni doimiy ­ravishda aniqlab borish va ular bilan ishlashni tashkil etishimiz kerak.

Mahallalarda profilaktika inspektorlarini xotin-qizlardan tayinlash tajribasini respublikaning barcha mahallasiga tatbiq qilish hamda xotin-qizlar mutaxassislari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ularning har biri muammosini aniqlash va hal etishga hamda bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratish zarur

boʻladi.

— Oilalarni mus­tahkamlash, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy ­muhitni sogʻlomlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar ajralishlarning oldini olishda yetarli samara beryaptimi?

— Tizimda boʻlgan oʻzgarishlardan yana biri shundaki, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralari Adliya vazirligidan olinib, tuman yoki ­shahar hokimi oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga boʻysundirildi.

Oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sudga yoki FHDYO organlariga ajrashish uchun ariza bergan shaxslar toʻgʻrisida mahalla fuqarolar yigʻinlarini xabardor qilish boʻyicha alohida norma kiritildi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan alimentlarni oldindan toʻlash, shuningdek, aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov shartnomasini tuzish tartibi belgilab qoʻyildi.

Oliy sud bilan Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida memorandum imzolanib, ajrashishga ariza berganlar bilan dastlab Xotin-qizlar qoʻmitasida suhbat oʻtkazish va ish yuzasidan xulosasini olish yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida joriy yilning oʻzida 27 mingta ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning 78 foizi yarashtirildi.

Lekin olib borilgan ishlar, xususan, oilaviy ajralishlar boʻyicha tahlillar koʻrsatmoqdaki, 2014 — 2017 yillar davomida bunday holat soni har yili oʻrtacha 3-4 foiz ortib borgan, birgina 2018 yilning 11 oyi davomida ham oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 43 taga oshgan.

Natijada esa joriy yilning oʻzida 22 ming nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan.

Oilaviy ajralishlarning 50 — 60 foizi xonadondagi kelishmovchilik, qolgani farzandsizlik, uzoq muddat bir oila boʻlib yashamaslik, xiyonat, ichkilik va giyohvandlikka ruju qoʻyish sababli kelib chiqmoqda.

Biz bugungi kunda qayd etilgan salbiy holatlarning, asosan, oqibati bilan ishlayapmiz. Biroq oldini olish borasida yoshlar bilan ishlash, ularni hayotga tayyorlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar tashkil qilinmayapti.

Shu sababli, mazkur yoʻnalishda barchamiz birlashgan holda yoshlarni hayotga tayyorlash boʻyicha yagona konsepsiyani ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilishimiz ­zarur.

Munisxon KARIMOVA (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?