Oʻzgarish va yangilanishlar qadr-qimmati odamlarning oʻz hayotidan, davlatdan rozi boʻlib yashashlarida yaqqol koʻrinadi

12:12 02 Aprel 2019 Jamiyat
475 0

Avval xabar qilinganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatida boʻldi. Mazkur tashrif hududdagi oʻzgarish va yangilanishlarni yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan saʼy-harakatlarga yanada shiddat bagʻishladi, yangi tashabbuslarga yoʻl ochdi

Buxoro viloyati hokimi Oʻktam BARNOYEV barcha sohani izchil rivojlantirish yuzasidan berilgan topshiriqlar, yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ularning ahamiyati xususida “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari uchun eksklyuziv intervyu berdi.

— Oʻktam Isoyevich, davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Abduxoliq Gʻijduvoniy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Yurtboshimiz buyuk ajdodimiz qoldirgan boy meros haqida toʻxtalib, “Bunday maʼnaviy xazina hech qayerda yoʻq”, deya alohida taʼkidlagani kishida faxr-iftixor hissini uygʻotadi, albatta. Ayting-chi, bu boy madaniy-maʼrifiy merosni asrab-avaylash, xalqimizni, qolaversa, dunyo ahlini ulugʻ allomalarimizning umumbashariy gʻoyalaridan bahramand etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Darhaqiqat, yurtimiz qadimiy qadamjolarga boy. Buxoro zaminida diniy va dunyoviy ilm rivojiga katta hissa qoʻshgan koʻplab allomalar yetishib chiqqan. Ular mangu qoʻnim topgan tabarruk maskanlarni obod manzillarga aylantirish davlatimizning doimiy eʼtiborida.

Prezidentimiz 2017 yilning 10 mart kuni Bahouddin Naqshband majmuasida boʻlganida Yetti pir ziyoratgohini yanada obod maskanlarga aylantirish, ziyoratchilarga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun koʻrsatmalar bergandi. Shunga muvofiq, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas maskan sanalgan Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoʻja Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband singari meʼmoriy majmualarni oʻz ichiga olgan Yetti pir ziyoratgohini obodonlashtirish, ularni rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha bino va inshootlar qurish loyihalari ishlab chiqilib, Yurtboshimiz tomonidan maʼqullandi. Ayni paytda shu asosda qurilish ishlari jadal davom ettirilyapti. Ziyoratchilar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratilmoqda. Mehmonxona, tahoratxona, hunarmandlar va kitob savdo majmualari barpo etilyapti. Ushbu bunyodkorlik ishlarining loyihaviy qiymati 83,5 milliard soʻmni tashkil etadi. Bu xayrli tashabbus yurtdoshlarimizni ham befarq qoldirgani yoʻq. Jumladan, hozirgacha ular tomonidan 15,8 milliard soʻmlik homiylik yordami koʻrsatildi. Prezidentimiz amalga oshirilayotgan yumushlar bilan tanishar ekan, bu hali katta ishlarning boshlanishi ekanligini taʼkidladi.

Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti — ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb eʼlon qilingan. Bu tadbirni nishonlash zimmamizga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Qolaversa, davlatimiz rahbari Abduxoliq Gʻijduvoniy majmuasini maʼrifat markaziga aylantirish, imom-xatiblarning shu maktabda saboq olishlarini tashkil etish yuzasidan topshiriq ham berdilar. Chunki ulugʻ allomaning odamlarni halol va tinch mehnatga, ezgulikka, savob ishlarga, komil inson boʻlib yetishishga daʼvat qiluvchi gʻoyalari bebaho xazinadir. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu xazinani mukammal oʻrganish, uni odamlar, xususan, yoshlar ongu shuuriga singdirishimiz darkor. Toki, farzandlarimiz bu ulugʻ allomalarga ergashsin, boy maʼnaviy merosimizdan bahramand boʻlishsin, ular bilan faxrlanishsin.

— Buxoro haqida gap ketganda uning yuksak turistik salohiyati xususida soʻz ochmaslikning iloji yoʻq. Bugungi kunda ushbu salohiyatdan oqilona foydalanish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun qanday saʼy-harakatlar olib borilyapti?

— Turizm milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tarmoq hisoblanadi. Bu borada viloyatimiz katta salohiyatga ega. Dunyoda maʼnaviyat va maʼrifat beshigi sanalgan, ne-ne ulugʻ allomalar yetishib chiqqan Buxoroi Sharifni bir koʻrish istagidagilar oz deysizmi?!

Mamlakatimizda soha ravnaqi uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, kiritilayotgan investitsiyalar tufayli sayyohlar oqimi ortmoqda. Masalan, 2018 yilda viloyatga 2,5 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu avvalgi yildagiga nisbatan salkam ikki baravar koʻpdir. Bultur chet ellik sayyohlardan tushgan naqd xorijiy valyuta 41,9 million AQSH dollarini tashkil etib, 2017 yildagiga qaraganda 3,5 baravar oshdi.

Turistlarga zamon talablari darajasida xizmat koʻrsatish eng dolzarb vazifa sanaladi. Shu oʻrinda bir dalilga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Agar respublikamiz mustaqillikka erishgunga qadar Buxoroda atigi uchta mehmonxona faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda 4800 dan ziyod oʻringa ega 126 ta mehmonxona faoliyat yurityapti.

Xorijdan sayyohlar uchun 44 ta yangi zamonaviy avtobus, 22 ta mikroavtobus keltirildi. “Oʻzbekiston” turizm logotipi tushirilgan yoʻnalishsiz taksilar xizmatiga buyurtma berish yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, chet ellik mehmonlar ogʻirini yengil qilish maqsadida birgina 2018 yilda 65 ta joyda valyuta ayirboshlash shoxobchasi ochildi, xalqaro toʻlovlarni qabul qiluvchi 298 ta terminal oʻrnatilib, xalqaro plastik kartochkalarga xizmat koʻrsatuvchi 20 ta bankomat qoʻyildi.

Umuman, 2019 — 2021 yillarda viloyatimizda yana 209 ta yangi mehmonxona barpo etilishi evaziga 2 mingta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Hozirgi paytda esa Hindistonning “Metric Ventures” kompaniyasi koʻmagida zamonaviy mehmonxona qurilayotgan boʻlsa, xitoylik investorlar ishtirokidagi “Beston Machinery“ masʼuliyati cheklangan jamiyati “Zarafshon” mehmonxonasini, Buyuk britaniyaliklar sarmoyasi asosida faoliyat koʻrsatayotgan “Wide Tent System” aksiyadorlik jamiyati esa “Buxoro-Palas” mehmonxona majmuini rekonstruksiya qilyapti.

Bu kabi loyihalar ijrosi uchun chet ellik investorlarni koʻproq jalb etish yuzasidan amaliy ishlar koʻlami tobora kengaytirilayotgani eʼtiborga molik. Masalan, Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Turizm sohasidagi birinchi investitsion forumda Xitoy Xalq Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Eron davlati sarmoyadorlari bilan umumiy qiymati 15,7 million AQSH dollariga teng shartnomalar imzolandi.

Yaqinda Buxoroda oʻtgan Xalqaro ziyorat turizmi forumi ham hudud sayyohlik salohiyatini namoyish etish nuqtai nazaridan foydali boʻldi. Unda dunyoning 34 ta davlatidan soha mutaxassislari, investorlar ishtirok etdi.

2018 yil boshida esa viloyat hokimligida yigirmaga yaqin davlatlarning Oʻzbekistondagi elchilari bilan muloqotlar uyushtirilib, hududning turistik (ziyorat turizmi) va investitsiya salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Sayyohlik salohiyatini dunyoga keng targʻib qilish va turistik mavsumning davomiyligini oshirish maqsadida har yili turli tadbirlar uyushtirilyapti. “Ipak va ziravorlar”, “Nasriddin Afandi” festivallari, “Qovun sayli”, Buxoro shahri kuni, “Milliy taomlar” tadbirlari shular jumlasidandir.

Lekin tan olishimiz kerakki, boy madaniy-maʼrifiy merosga, tarixiy obidalarga ega Buxoroning sayyohlik salohiyatidan toʻliq foydalanyapmiz, deb ayta olmaymiz. Prezidentimizning Buxoroni “Sayohatlar chorrahasi”ga aylantirish borasidagi topshiriqlari shu nuqtai nazardan ishga tanqidiy-tahliliy yondashuvni talab qilmoqda. 

— “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida ishlash aholini oʻylantirayotgan muammolar yechimida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu boradagi ishlar haqida ham toʻxtalsangiz.

— 2018 yilda viloyat davlat xizmatlari markazining barcha qulayliklarga ega zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Markazda fuqarolarga 100 dan ziyod turdagi xizmatlar koʻrsatilmoqda. Bu dalilni keltirishimiz boisi shundaki, asosiy maqsad aholini davlat idoralari faoliyatidan rozi qilishdan iborat. Binobarin, har qanday oʻzgarishu yangilanishlarning qadr-qimmati odamlarning oʻz turmushi, hayotidan, davlatdan rozi boʻlib yashashlarida koʻrinadi.

Odamlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning oʻy-tashvishlarini tinglash yuzaga kelayotgan muammolar kalitini topish imkonini beradi. 2018 yil davomida joylarda oʻndan ziyod sayyor qabullar oʻtkazildi. Shu qabullar davomida 955 nafar jismoniy va yuridik shaxsning murojaatlari koʻrib chiqildi. 702 fuqaroning murojaati qanoatlantirildi. 254 fuqaroga huquqiy tushuntirishlar, 8 nafar fuqaroga esa huquq-tartibot organlariga murojaat etish boʻyicha tavsiya berildi.

Joriy yilda bu masalaga eʼtibor yanada ortdi. Gʻijduvon, Shofirkon, Peshku tumanlarida oʻtkazilgan sayyor qabullar natijasida 150 nafardan ziyod fuqarolarning muammolari oʻrganildi. 80 fuqaroning murojaati qanoatlantirildi. 2018 yilda viloyat hokimligiga jami 4722 ta murojaat tushganini ham aytish oʻrinli. Ularning aksariyati qanoatlantirilgan boʻlsa, qolganlari boʻyicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Shu yilning oʻtgan davrida sektorlar rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruhlar tomonidan viloyatdagi 99 ming 500 tadan ziyod xonadonlarga uyma-uy kirilib, aholi muammolari aniqlandi. Ularning 62,7 foizi shu kungacha hal etilgani quvonarlidir.

Prezidentimiz tomonidan viloyat aholisining bandligini taʼminlash, tomorqadan samarali foydalanish, har bir oila va yoshlar tadbirkorligiga qaratilgan loyihalar ijrosi uchun 500 milliard soʻm mablagʻ ajratilganligi xalqimiz daromadini koʻpaytirib, turmush sharoitini yanada yaxshilaydi. Sir emas, bandlik odamlarni tashvishlantirayotgan asosiy masalalardan biridir. Ishli odamning roʻzgʻori tinch, uyi, oilasidan koʻngli xotirjam boʻladi. Shu bois Bandlik dasturi ijrosiga alohida eʼtibor qaratilib, oʻtgan yil davomida 91806 ta oʻrniga 95613 ta yangi ish joyi yaratildi. Lekin hali bu yoʻnalishda ham qiladigan ishlarimiz koʻp.

— Suhbatimiz mavzui ijtimoiy sohaga kelib taqaldi. Prezidentimizning 2018 yildagi tashriflari chogʻida bu borada ham bir qator topshiriqlar berilgan va shu asosda dasturlar qabul qilingan edi. Xoʻsh, ularning ijrosi qanday?

— Bilasizmi, davlatimiz rahbarining tashrifi viloyatimiz uchun barakali keldi. Yoʻllarni taʼmirlash, kommunal sohadagi ishlarni jadallashtirish, aholini ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlash maqsadida uch yil davomida amalga oshirish uchun 1,3 milliard AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratiladi. Jumladan, 600 million dollar ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlariga, 700 million dollar xalqaro va ichki yoʻllarni qurishga sarflanadi.

Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash dasturi doirasida 1874 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Buxoro shahrida 10 ta yetti qavatli ana shunday turarjoy barpo etildi. Natijada 420 ta ehtiyojmand oila uy bilan taʼminlandi. Investitsiya dasturiga asosan, 37 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 30 ta qishloq aholi punktida yashovchi 34,6 ming fuqaroning ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi. Yoʻl qurish, qayta qurish va taʼmirlash ishlariga bultur 345,2 milliard soʻm sarflandi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bu borada ishlar koʻlamini yanada kengaytirmoqda. Chunki ushbu dasturlar doirasida 6 ta umumtaʼlim maktabi rekonstruksiya qilindi, 17 tasi mukammal taʼmirlandi, 2 ta maktabgacha taʼlim muassasasi yangidan qurildi, 13 tasi mukammal taʼmirdan chiqarildi. 15 ta sogʻliqni saqlash obyekti foydalanishga topshirildi. Bu kabi ishlar joriy yilda ham jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, shaharda “Bukhara city” majmuasi barpo etilsa, Kogon, Qorakoʻl va Gʻijduvonda zamonaviy shahar markazlari qad rostlaydi.

Bugungi kunda viloyatimiz aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 53,5 foizni tashkil etmoqda. Aholining 46,5 foizi suvni muqobil manbalardan va suv tashish texnikalari bilan tashib isteʼmol qiladi. Ichimlik suvi tarmoqlarining 40 foizi taʼmirtalab ahvolda. Shu masalalarni hal etish maqsadida Investitsiya dasturi doirasida 62,5 milliard soʻm miqdorida markazlashgan mablagʻlar ajratish belgilangan. Bularning barchasi pirovardida aholi farovonligiga xizmat qiladi.

— Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturi asosida ishga tushiriladigan korxonalar masalasiga ham toʻxtalsangiz. Negaki, zamonaviy sanoat korxonalarisiz iqtisodiyotni ravnaq toptirish, aholi turmush darajasini oshirish mushkul.

— Ochigʻi, Buxoro yaqin yillargacha agrar vohaligicha qolib kelayotgandi. Ammo endilikda ahvol butkul oʻzgarmoqda. Buni tasavvur qilish uchun Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilganini eslashning oʻzi kifoya. Yoki boʻlmasa, bundan atigi ikki yil muqaddam viloyatda xorijiy investorlar ishtirokidagi 86 ta qoʻshma korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, 2019 yilning 1 yanvariga kelib, ular soni 163 taga yetkazildi. Joriy yilning dastlabki ikki oyida esa 28 ta yangi qoʻshma korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Kichik biznes sohasida ham xuddi shunday ijobiy manzarani kuzatish mumkin.

Bu boradagi saʼy-harakatlar aholi bandligini taʼminlash, odamlar turmush darajasini yaxshilash, pirovardida iqtisodiyotni rivojlantirish imkonini bermoqda. Bunga Prezidentimiz tashrif paytida tanishgan “Parvoz Humo Ravnaq Trans” hamda “Ekvatorial chodak group” korxonalarini misol tariqasida keltirish mumkin. Gʻijduvon tumanidagi sobiq ip yigiruv fabrikasining bino va inshootlari uzoq yillar davomida foydalanilmay qarovsiz holda yotgandi. Bunga biz, mahalliy rahbarlarning ham maʼlum bir maʼnoda loqaydligimiz sabab boʻldi, deb oʻylayman.

Davlatimiz rahbari bundan ikki yil muqaddam bu yerdagi holat bilan tanishib, ahvolni oʻnglash yuzasidan topshiriqlar berdi. Natijada xorijning eng zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan “Parvoz Humo Ravnaq Trans” korxonasi ish boshladi. Korxonada loyihaning 2-bosqichi foydalanishga topshirilishi bilan ish oʻrinlari soni 1250 taga yetadi. Vobkent tumanida faoliyat koʻrsatayotgan “Ekvatorial chodak group” korxonasida esa hozir 500 nafarga yaqin xotin-qizlar ish bilan band. Loyiha quvvati toʻliq oʻzlashtirilgach, bu raqam salkam 1000 tani tashkil etadi. Umuman, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish hisobiga 2023 yilga borib yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishni 2 baravar, sanoat mahsulotlarini 3 baravar koʻpaytirish imkoniyati tugʻiladi. Viloyatning eksport salohiyati esa 7 baravar oshishi kutilyapti. Sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati qariyb 25 trillion 353 milliard soʻm boʻlgan 625 ta yirik va oʻrta investitsiya loyihalari dasturi ishlab chiqildi. Bu salkam 30 mingta doimiy ish oʻrinlari yaratilishiga imkon beradi. Aytmoqchi, tashrif chogʻida “Parvoz Humo Ravnaq Trans” korxonasining klaster usulida ishlash tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

— Bilamizki, klaster usulida ishlash borasida Buxoroda muayyan tajriba toʻplangan. Oʻtgan davrda ushbu yoʻnalishda bajarilgan ishlar tahlil qilinganda, klasterning afzalliklari nimalarda namoyon boʻlyapti?

— Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi bilan Romitan tumanida “BCT Cluster” xorijiy korxonasi oʻz faoliyatini boshlagandi. Prezidentimiz kuni kecha shu korxonaga tashrif buyurib, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Chigit ekishdan tortib yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirishgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga olgan klaster usuli oʻzini toʻla oqladi. Hisob-kitoblarga koʻra, korxonaga ajratilgan sakkiz ming gektar maydonda yetishtirilgan paxtani qayta ishlash evaziga koʻriladigan daromad 61,5 million dollarni tashkil etyapti. Qiyoslash uchun aytish lozimki, ilgari shu maydonlardan olingan hosilni tola sifatida sotishdan atigi 12 million dollar daromad koʻrilgan. Qolaversa, avval shu hududdagi fermer xoʻjaliklarida ishlovchilar soni 436 nafarni tashkil etgan boʻlsa, “BCT Cluster”da hozir 3500 nafar kishi doimiy ish va daromad manbaiga ega. Binobarin, davlatimiz rahbarining “Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Eng katta maqsadimiz shu”, deganlari bejiz emas.

Joriy yil oxirigacha paxtachilikda klasterni joriy qilish darajasini 70 foizga yetkazish moʻljallanmoqda. Viloyatda ekin maydonlarining shoʻrlanish darajasi yuqori. Suv taqchil. Iqlim oʻzgaruvchan. Shunday boʻlishiga qaramay, oʻtgan yilda dehqonlarimiz har gektar yerdan oʻrtacha 29,6 sentnerdan paxta, 60 sentnerdan gʻalla yigʻishtirdilar. Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik boʻyicha ham muayyan yutuqlar qoʻlga kiritilyapti. Uch ming gektar yerda bogʻ barpo qilindi. Yaqin istiqbolda ular hajmi besh ming gektarga yetkaziladi. Bu sohalarda ham klaster usulini keng joriy qilish asosiy vazifalarimizdan biridir.

Biz Buxoroda dehqonchilik madaniyatini jahon andozalari darajasiga koʻtarishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ham katta samara beradi, ham oʻziga xos tajriba maktabi vazifasini oʻtaydi, degan umiddamiz. Qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan, respublikada yagona hisoblanmish mazkur erkin iqtisodiy zonada ayni damda investorlar tomonidan issiqxonalar barpo etish ishlari boshlangan. 9 ta loyihaga 19,4 million AQSH dollari miqdorida bank kredit mablagʻlari ajratilgan.

Prezidentimiz tashrif paytida oldimizga juda katta vazifalarni qoʻydi. Zimmamizdagi masʼuliyatni chuqur his etgan holda, ushbu topshiriqlarni bajarishga kirishdik. Bu keng qamrovli ishlar xalqimizning turmush darajasini yanada yaxshilaydi, odamlarning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashlariga mustahkam poydevor boʻladi.

Istam IBROHIMOV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?