“O‘zeltexsanoat” tizimidagi korxonalarda import hajmi qachon kamayadi?

17:13 04 Iyul 2018 Iqtisodiyot
838 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Keyingi bir yarim yil ichida mamlakatimizda eksportni rag‘batlantirish, bu borada qo‘shimcha qulaylik va imtiyozlar berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Natijada tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish hajmi ortmoqda. Ammo import ko‘rsatkichlari ham o‘sib borayotgani sanoat tarmoqlari, shu jumladan, elektrotexnika jabhasida mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirishni taqozo etayotir.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ekspertlarning fikricha, bu import tarkibini o‘rganish va importni optimallashtirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani oqibatidir. Shu bois Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida eksport-import masalasi muhokama qilinib, importni optimallashtirish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani jiddiy tanqid qilingan edi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ayni paytda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tizimda shu kabi salbiy holatlarning oldini olish, mahalliylashtirish darajasini oshirish orqali importni kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan milliy mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonida mahalliy xom ashyo resurslaridan samarali foydalanishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar ham ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Soha mutaxassislarining aytishicha, yurtimizda hali elektrotexnika sanoatining xom ashyo bazasi yetarli darajada shakllanmagan. Bu esa tarmoq korxonalarining zarur xom ashyo va butlovchi buyumlarga bo‘lgan ehtiyojini ichki resurslar bilan ta’minlash imkonini bermaydi. Shuning uchun ham respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyolar chetdan olib kelinmoqda.

— 2017 yili tizim korxonalari tomonidan umumiy qiymati 244,7 million AQSH dollarilik, joriy yilning yanvar-may oylarida esa 103,7 million dollarlik xom ashyo va butlovchi qismlar import qilindi, — deydi “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Alisher Abdullayev. — Tabiiyki, buning uchun katta mablag‘ sarflanadi, unga yana logistika xarajatlari ham qo‘shilib, oxir-oqibat mahsulot tannarxiga “o‘tiradi”. Bu esa uning raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunga qaramasdan, tegishli korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda importni optimallashtirishga doir aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, shu yili importni 30 foiz qisqartirish, maishiy texnikalar eksportini esa 4 barobar oshirishni oldimizga bosh maqsad qilib qo‘yganmiz.

Ko‘rgazmali seminar doirasida “O‘zeltexsanoat” AK tarkibidagi korxonalar tomonidan import qilinayotgan butlovchi qismlar taqdimotlari ham tashkil etildi.
Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?