“Oʻzbekoziqovqatzaxira”: Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yoʻl qoʻyilmaydi

17:33 02 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
1135 0

Shamsiy yil taqvimiga koʻra, hozir — ayni mezon. Koʻp yillik kuzatishlarga qaraganda, ushbu oy baʼzi yillarda issiq kelsa, baʼzida yomgʻirli kunlar boshlanib ketadi. Shu bois uni “Yoz va qish oʻrtasidagi arosat” ham deyishadi.

Nuroniylar bu oy boshlanishi bilan “Mezon kirdi, hisobingni top” degan ibrotamuz oʻgitni yodga olishadi. Sababi bu oy dehqonchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik uchun sarhisob davri boʻlib, meva-cheva, poliz-sabzavot mahsulotlari mezon shamoli esgandan keyin yigʻishtiriladi-da, qish uchun gʻamlab qoʻyiladi. Shunday ekan, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, narx-navo keskin oshib ketishining oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar koʻrilyapti?

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, bu yilgi mavsumda muhim oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligiga, ular narxining asossiz oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Xususan, 2018 — 2019 yil qish-bahor mavsumida yurtimiz aholisini muhim isteʼmol tovarlari bilan kafolatli taʼminlash uchun 140 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsuloti, shu jumladan, 50 ming tonna kartoshka, 20 ming tonna piyoz, 40 ming tonna sabzi va 30 ming tonna guruch zaxirasini yaratish belgilangan.

Buning uchun uyushma tizimidagi korxonalarning sigʻimi 99 ming 800 tonnalik quruq, 63,5 ming tonnalik sovitkichli omborlari xatlovdan oʻtkazildi. Oʻtgan qisqa davrda ushbu obyektlarning holatidan kelib chiqqan holda, taʼmirlash ishlari bajarilib, mahsulot saqlash uchun tayyor holga keltirildi. Shu bilan birga, joriy yilda tizimdagi 16 ta korxona tomonidan qiymati 18,5 milliard soʻmlik 10,5 ming tonnalik sovitkichli sigʻimlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Boshqacha aytganda, 8,3 ming tonnalik yangi omborlar qurilib, 2,2 ming tonnalik mavjud omborlarning modernizatsiya qilinishi evaziga infratuzilma obyektlari yanada takomillashtirilmoqda. Bu esa dehqonu sohibkorlarning mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan meva-sabzavotlarni to bahorgacha sifatli saqlab, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilish imkonini beradi.

Mutaxassislarning aytishicha, oʻtgan yilgi tajribadan kelib chiqib, mahsulot yetishtirishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Yaʼni qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil olish, muhim oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish maqsadida dehqon va fermer xoʻjaliklari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotir. Masalan, kartoshka yetishtirish hajmini oshirish, aholining “ikkinchi non”ga boʻlgan ehtiyojini barqaror taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida tizim korxonalari tomonidan xorijdan qariyb 3 ming tonna urugʻlik kartoshka olib kelindi. Bundan tashqari, takroriy ekinlardan yetishtiriladigan 277,9 ming tonna mahsulotlarni sotib olish boʻyicha shartnomalar tuzilib, boʻnak mablagʻlari bahor-yoz oylarida fermer va dehqon xoʻjaliklarining hisob raqamlariga oʻtkazib berildi. Natijada ayni kunlarda pishib yetilgan mahsulotlar peshma-pesh yigʻib olinib, gʻamlanmoqda.

Oʻtgan yili qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bevosita yetishtiruvchilardan xarid qilib, yil davomida ularning maqbul narxlarda savdosini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan “Xizmat — beminnat” chakana savdo pavilonlari tashkil etilgan edi. Ayni paytda yengil konstruksiyalardan foydalangan holda, bunyod etilgan 73 ta shunday pavilon respublikamizdagi dehqon bozorlari hamda aholi gavjum joylarda faoliyat yuritmoqda. Shaxsiy tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklaridan mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilish uchun esa respublikamiz boʻyicha 100 ta maxsus punkt tashkil etilgani diqqatga sazovor.

Bu kabi saʼy-harakatlar xalqimiz dasturxonining sarxil mevalar, sifatli va arzon mahsulotlar bilan toʻkin boʻlishi, qish-bahor mavsumining koʻngildagidek oʻtishiga xizmat qiladi, albatta. 

Xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, qor osmonda qishlamaydi. Ostonada tabiatning injiq mavsumi eshik qoqib turibdi. Uning har bir kuni — sinov. Qish faslini betalafot oʻtkazish esa uning “imtihon”lariga qanchalik puxta hozirlik koʻrilganiga bogʻliq. Buni nafaqat mutasaddi idoralar masʼullari, balki har birimiz bir zum boʻlsa-da, yoddan koʻtarmasligimiz, tadorikni puxta qilishimiz kerak. Ana shunda qish oʻchogʻi tor boʻlib qolmaydi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?