«Oʻzbekneftgaz» tomonidan talabalar uchun stipendiya joriy etildi

11:17 11 Iyul 2020 Jamiyat
380 0

«Oʻzbekneftgaz» AJ I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalari uchun “Boshqaruv raisining stipendiyasi”ni joriy etdi. Bu haqda «Oʻzbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Stipendiya “talabalarni ragʻbatlantirish va motivatsiya qilish, ularni bilim olishga va ilmiy-tadqiqot faoliyatga jalb qilish hamda intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish maqsadida” joriy etildi.

«Oʻzbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisining stipendiyasi fuqarolik mansubligidan qatʼiy nazar, oʻquv, ilmiy va ijtimoiy faoliyatdagi muvaffaqiyatli natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirishga hissa qoʻshgan kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun beriladi.

Stipendiya har oʻquv yili uchun har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 3 tagacha talabaga, 1-sentyabrdan boshlab, 1 yil muddatga har oyda toʻlanadi.

Stipendiya Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (MHEKM)ning 1 barobarida belgilangan boʻlib, uchinchi kursdan boshlab, boshqa stipendiyalarni olishidan qatʼi nazar, soʻnggi ikki sessiyani “aʼlo” baholarga topshirgan talabalarga toʻlanadi.

Shuningdek, stipendiatlarga «Oʻzbekneftgaz» AJ tomonidan Sertifikat beriladi va oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng neft-gaz tizimi korxonalariga ishga joylashishlari uchun qoʻshimcha imtiyozga ega boʻladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?