Oʻzbeklar, oʻzbekcha gaplashaylik!

13:16 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
128 0

Esimda, 1989-yil 21-oktyabr. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun! Bu yillar davomida kutilgan onlar edi!

Oʻsha kuni biz uchun katta bayram boʻldi. Bir-birlarimizni koʻzda yosh bilan tabriklagandik... Tasavvur qilyapsizmi, sobiq ittifoqi tasarrufida turib bunday jurʼat, albatta hammani quvontirgan.

Oradan yillar oʻtdi... 30 yildan ortiq vaqt!

Shu davr ichida, oʻzbek tili rivojlanish oʻrniga biroz orqaga ketganday boʻldi. Endi biz chet tillarni oʻrganishga ruju qoʻya boshladik. Bolalarimizni xorijiy tilli maktablarga berdik. Natijada ular boshqa tilda fikrlab, miyasida oʻzbekchaga tarjima qilib gapiradigan boʻldilar. Shunday qilib, farzandlarimizni qiynadik: oʻzbekcha gapiray desa, bilmaydi, ammo qoni oʻzbek, ruhi oʻzbek!..

Ayrim qatlamlarda hamon chet tillariga mahliyolik yetakchilik qilmoqda. Goʻyo chet tilni bilsa, yaxshiroq yashaydigandek. Toʻgʻri, “Nechta tilni bilsang, shuncha karra odamsan”, degan gaplar ham bor. Ammo, ona tilimiz bir daraxt boʻlsa, boshqa tillar ularning shox va barglari emasmi?!

...Shu fursatda bir dugonamning afsus-nadomati esimga tushdi: “Otasidan keyin yolgʻiz qizimni maqtalgan rus maktablaridan birida oʻqitdim, keyin til bilsin, deb, Gyote nomidagi nemis tili maktabiga berdim. Aʼlo baholar bilan tugatdi. Keyin Germaniyada oʻqishni davom ettirdi. Yolgʻiz qolsam ham, moddiy tomondan qiynalsam ham yordam qildim, sabr qildim. Keyin... U bu yerga qaytib kelmadi. Bir keldi ham, koʻz yoshlarimga chidolmay. Ammo turolmadi, chunki u nemis boʻlib boʻlgan edi. Dunyoqarashi, feʼli, tutumlari... Mana, yoshi qirqdan oshdi, yaxshi olima, yaxshi xodim, biroq, oilasi yoʻq. “Nima keragi bor?” deydi, u hayron boʻlib. Men ham bu yoqda hayratdaman. Bolamda ayb yoʻq, bu mening xatolarim!”...

Xullas, shuncha yillar davomida xatolar va muammolarga botib ketdik. Tilimizning bor tarovatini, sehru jozibasini koʻrsata olmadik. Eng yomoni, tilshunos, adabiyotshunoslar jim turib berdilar. Natijada, koʻcha-koʻylarimizdagi deyarli barcha ishxonalarning peshtoqi chet elcha nomlar bilan bezandi... Ish yuritish qogʻozlari hamon rus tilida...

Soʻz mulkining sultoni Hazrat Navoiy davrida 120 000 dan ortiq turkiy soʻz boʻlgan ekan. Hozir-chi, 5 tomlik «Oʻzbek tilining izohli loʻgʻati»da jaʼmi boʻlib 81 000 ta soʻz bor. Ularning ham 30 000 tasi rus va chet tillari orqali kirib qolgan soʻzlar. Sal kam 600-yil ichida boyligimiz boʻlmish tilimizdagi soʻzlarning teng yarimini yoʻqotgan boʻlsak, 30 yil ichida 81 000 soʻzimizning yarmini ham isteʼmol qilmay qoʻydik, yaʼni ishlatmaymiz.

Hayriyatki, Oʻzbekiston yangilandi, gʻoyalar va maqsadlar yangilandi. Oxirgi uch yil ichida milliylikka qarashlar oʻzgardi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlishimiz va Prezidentimizning u sammitlarda soʻzlagan nutqlari olamshumul muddao boʻldi. Kirill yozuvidan lotin yozuviga oʻtishdan maqsad ham barcha turkiy xalqlar bir-birini tarjimonsiz yozadigan, oʻqiydigan va tushunadigan boʻlish edi.

Endi biz uni nafaqat bayram qilishimiz, balki, millatning qiyofasi boʻlmish tilimizning nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlarini koʻrishimiz, uning sofligi va umrboqiyligiga jiddiy qaygʻurishimiz kerak. Bu har bir Oʻzbekning, Oʻzbekistonlikning ilmiy, madaniy, maʼnaviy saviyasi va insoniy or-nomusiga havola!

Farida BOʻTAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?