Oʻzbeklar orasida ilk bor Kolumbiya universitetining professorlik lavozimini olgan yosh olima Toshkentga keldi

15:17 07 Mart 2020 Jamiyat
256 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi va Prezident administratsiyasi bilan hamkorlikda oʻzbeklar orasida birinchi bor Kolumbiya universitetining tenure track pozitsiyasi, yaʼni umrbod professorlikka yetaklovchi lavozimga qabul qilingan Aziza Shanazarova Toshkentga 6-mart kuni tashrif buyurdi. A.Shanazarova 9-11-mart kunlari qator tadbirlarda ishtirok etib, keng jamoatchilik vakillari, olimlar, yoshlar bilan uchrashadi.

Xususan, A.Shanazarova Toshkent davlat sharqshunoslik instituti jamoasi va yosh ilmiy xodimlari, shuningdek Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari hamda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan. Aziza, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi xodimlari bilan ham koʻrishadi.

Yoshlarning ilm-fanga mehrini oshirish, ularni yuqori marralarni egallashlariga targʻib qilish maqsadida professor Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati oʻquvchilari bilan uchrashuv oʻtkazishi ham koʻzda tutilgan.

10-mart kuni Poytaxt biznes markazida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkaziladi. Tashrifi yakunida olima Toshkentdagi Yodju texnika instituti yosh olim va talabalari bilan muloqot qiladi.

Aziza Shanazarova 2007-yil, Toshkent davlat sharqshunoslik institutini Sharq falsafasi yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan. 2011-yil AQSHning Indiana-Blumington universiteti magistraturasini imtiyozli diplom bilan bitirdi.

2019-yil Aziza Shanazarova Indiana universitetining ikki yoʻnalishi boʻyicha PhD doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Uning ilmiy ishi soʻfizm, gender tarixi va ayollarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan oʻrni boʻlib, shu mavzuda bir necha yillardan beri izlanish olib bormoqda. Hozirda AQSHda joylashgan Pittsburg Universitetining Islomda gender va ayollar masalasi boʻyicha postdoktorantura izlanuvchisi. Pittsburg universitetida bahorgi semestrda dars berishni tugatishi bilan, Oksford universitetiga boradi. U yerda maʼruzalar berish bilan bir qatorda, 2020-yilda BRILL nashriyotida birinchi kitobi ustida ishni davom ettiradi.

Aziza ilmiy ish bilan birga chet ellik talabalarga dars beradi. Dastlab Indiana universitetida dars berish faoliyatini boshlagan, keyin Stenford universitetida lektor darajasida oʻz faoliyatini davom ettirdi. Dunyoning eng qadimgi universitetlaridan biri hisoblangan Oksford universitetining Islomshunoslik markazining ilmiy tadqiqotchisi hisoblanib, u yerda ham maʼruzalar oʻqiydi.

AQSH, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi bir qancha yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan ilmiy hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. Shu jumladan, Manchester universiteti, Varshava universiteti, Ogayo universiteti, Illinoys universiteti, Stenford universiteti, Sorbonna universiteti, Bonn universiteti, Pekin universiteti va AUCA (Bishkek)ni sanab oʻtish mumkin.

Aziza Shanazarova Markaziy Osiyodagi soʻfi ayollarning yirik vakilasi boʻlgan Hazrat ogʻoyi buzurg (Hazrat Qizbibi) va Hofiz Basirning unga bagʻishlab yozgan “Mazhar al-Ajoyib” asarining chop etish ustida ish olib bormoqda.

Darvoqe, Azizaning Toshkentga kelishi yaqinlari uchun “syurpriz“ boʻldi. U aeroportdan toʻgʻri onasi faoliyat yuritayotgan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 20-oilaviy poliklinikaga bordi. Xotin-qizlar bayrami arafasida bu onasi uchun eng katta sovgʻa boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

“Xalq soʻzi“


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?