Oʻzbeklar afrikaliklarga quduq qazib berishdi

17:33 09 Fevral 2019 Jamiyat
880 0

Chikagodagi oʻzbek-amerika uyushmasi faollari yordamida Afrika davlatlarida 3 ta ichimlik suvi qudugʻi oʻrnatildi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Gap shundaki, Chikagodagi oʻzbek-amerika uyushmasi faollari Kamerun aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlashga yordam berdilar.

Chikagoda yashovchi, oʻzgalar muammosiga befarq boʻlmagan oʻzbeklar “Buloq-3” nomli xayriya loyihasini moliyalashtirish uchun mablagʻ toʻplash boʻyicha marafonni ishga tushirdilar. Loyiha orqali Afrika mintaqasida suv chiqarish inshootini oʻrnatish belgilangan edi.

2018 yilning avgust oyiga kelib, xayriyachilar 4500 AQSH dollari miqdorida mablagʻ toʻplashga muvaffaq boʻlganlar. Burgʻulangan quduq Kamerundagi Bardap aholi punktiga oʻrnatilgan.

Bu uyushma koʻmagida Afrika mamlakatlarida oʻrnatilgan uchinchi quduqdir. Xususan, oʻtgan yil may oyida chuqurligi 4,5 ming metr boʻlgan artezian qudugʻi Chad respublikasining Vassi qishlogʻida paydo boʻlgandi. U yerda 1700 kishi istiqomat qiladi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, butun dunyoda 750 million kishi toza ichimlik suviga muhtoj, ularning 37 foizi Afrikada yashaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?