“O‘zbekkonsert” juz’iy kadrlarni to‘g‘rilash sharti bilan efirga uzatishga tavsiya bergan kliplar ro‘yxatini ma’lum qildi

16:46 17 Iyul 2018 Madaniyat
317 0

"O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi Qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” DM matbuot xizmati “Xalq so‘zi online”ga ma’lum qildi.

Foto: instagram

Badiiy kengashda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Ahmedovaning “Erka desam”, “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura Yuldashevaning Ozarbayjon tilida kuylangan “Man bir ayri”, xonanda Xurshid Rasulovning “Yoshligimga qaytgim keladi”, xonanda (Shahzoda) Zilola Musayevaning “Jajji qizaloq” hamda xonanda Navro‘z  Sobirovning “Bu tuproq” deb nomlangan qo‘shiqlariga ishlangan kliplari muhokama etilib, ushbu ijrochilarga kliplardagi ba’zi juz’iy kadrlarni to‘g‘rilash sharti bilan efirga uzatish uchun tavsiya berildi.

Bundan tashqari, Xonanda Nodir Niyozov tomonidan ijro qilingan “Ona” qo‘shig‘i matni yaxshi yozilgani e’tirof etilib, klipdagi tushunarsiz kadrlarga e’tiroz bildirildi. Mazkur kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng, xonandaning videoklipi Badiiy Kengashda qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Xonanda Elvira Yusupova (“Ko‘k choy” guruhi) ijro etgan “I love you, Bukhara” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipdagi ayrim juz’iy kamchilik ya’ni yigit tomonidan qizni ko‘tarish raqsi olib tashlash tavsiya etildi. Xonanda tomonidan joyida to‘g‘rilanganligi uchun ruxsat berildi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?