“Oʻzbekkonsert” rep yoʻnalishi va repperlarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi

14:36 15 May 2019 Madaniyat
373 0

14 may kuni “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasida rep va shu kabi yoʻnalishlarda ijod qiluvchi yoshlar bilan “Rep va shu kabi yoʻnalishlarda milliy qadriyatlar uygʻunligi” mavzusida ijodiy uchrashuv oʻtkazildi.

Manbalarga qaraganda RAP – bu “Rhythmical African poetry”, yaʼni “Ritmli Afrika poeziyasi (sheʼriyati)” soʻzlarining qisqartma shakli hisoblanadi.

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan mazkur uchrashuvda rep va shu kabi yoʻnalishlarni rivojlantirish, bu yoʻnalishlarda ijod qilayotgan ijodkorlar bilan samarali hamkorlik qilish, ularni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Chunki rep yoʻnalishida ijod qilayotgan koʻpchilik yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjudligi, shu bois bu yoʻnalishda ijod qilayotganlar borasida turli fikrlar yuzaga kelgani ham sir emas. Mana shu sabablarni bartaraf etish, bu yoʻnalishda tarbiyaviy ahamiyatga ega ijod namunalarini koʻpaytirish orqali, uning foydali tomonlarini koʻrsatib berish, shuningdek, bu sohada ijod qilayotgan aksariyat yoshlar faoliyatida talabchanlik va masʼuliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuygʻusini oshirishga ham uchrashuvda ahamiyat qaratildi.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, joriy yilning 16-17-18 avgust kunlari Toshkent shahrida Rep va Didjeylarning Xalqaro festivalini oʻtkazish belgilangan.

Shu bois ushbu uchrashuv orqali “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi kelgusida rep ijrochilarini saralash, ularning ijodini baholash, master-klasslar oʻtkazish, original qoʻshiqlar yaratishlariga koʻmaklashish kabi tizimli ishlarni ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “Rep yoʻnalishi” boʻyicha lebel, telegram bot, instagram tarmoqlarida yangi rukn ochish va ularni yangiliklar bilan toʻldirib borish, yaxshi ijro mahoratiga ega rep ijodkorlarini saralash hamda ular orqali Vatanni ulugʻlovchi qoʻshiqlar tayyorlash va ularga klip suratga olish, telekanallarda namoyish etish, konsert dasturlariga tavsiya etish kabi koʻplab imkoniyatlar ham yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?