“O‘zbekko‘mir” AJga yil oxiriga qadar 59,22 million dollar ajratiladi

14:37 27 Iyul 2018 Iqtisodiyot
167 0
Illyustrativ foto

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 iyundagi “2017-2021 yillar davomida ko‘mir sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish to‘g‘risida“gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida umumiy qiymati 585,1 million AQSH dollari bo‘lgan 8 ta investitsion loyihani amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihalar doirasida yangi tog‘ texnologiyalari, og‘ir yukli avtotransport vositalari va mavjud texnikalar uchun butlovchi qismlar xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “Angren shaxtasi” qurilishi investitsion loyihasining amalga oshirilishi natijasida “Angren” ko‘mir koni “Shimoliy” bortining o‘zida yiliga 4 million tonna hajmda ko‘mir qazib olish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yil oxiriga qadar investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida 59,22 million AQSH dollari qiymatida pul mablag‘lari jalb qilinadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ko‘mir sanoatida geologiya-qidiruv va kon yuzini ochish ishlarini jadallashtirish orqali ko‘mir qazib olish imkoniyatlarini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida 1 603,4 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi qazib olingan. O‘z navbatida, ko‘mir yetkazib berish ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102 foiz o‘sish sur’ati qayd etildi. 6 oy davomida iste’molchilarga 2 096,1 ming tonna ko‘mir yetkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?