“Oʻzbekkino”da bolajonlar uchun antiqa avto-moto koʻrgazma va ekskursiya uyushtirilmoqda 

14:07 04 Yanvar 2020 Madaniyat
832 0

“Oʻzbekkino” Milliy agentligida Yangi yil bayrami hamda qishki taʼtil munosabati bilan kam taʼminlangan hamda mehribonlik uylari bolalari uchun ekskursiya va bayram tadbirlari uyushtirilmoqda.

Bugungi kunda bolalar va yoshlar tarbiyasiga qaratilgan sanʼat turlarining zimmasiga qoʻyiladigan vazifa boshqalarga qaraganda ham bir necha barobar masʼuliyatlidir. Yosh avlod tarbiyasidagi eng taʼsirchan sanʼat sanalmish multiplikatsiyaning xarakteri, uning funksiyalari, qolaversa animatsiya sanʼati oldiga qoʻyiladigan maqsad va vazifalar mazmuni endilikda oʻzgardi, yangilandi. Hayotimizga kompyuter texnologiyasining kirib kelishi esa bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirdi. Bolalar televizor orqali multfilm koʻrar ekan, olamni shu tarzda idrok eta boshlaydi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yuksak maʼnaviyatli yoshlarni tarbiyalashimiz uchun biz avvalo eʼtiborni kichkintoy bolalarimizga, bogʻcha yoshidagi bolalarga qaratishimiz kerak. Chindan ham endilikda yangi jamiyatning ertangi kuni uchun qaygʻurish bugungi farzandlarimiz tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq. Ularda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga ehtirom, xalqimizga mos yuksak insoniy tuygʻularga sodiqlik hissini kichikligidanoq tarbiyalamoq lozim.

Shu maʼnoda 2020-yil 4-yanvar kunlari “Oʻzbekkino” Milliy agentligida kam taʼminlangan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va maktab-internat bolalari uchun 77 ta avto va mototransport vositasi koʻrgazmasi tashkil etildi, kino sanʼati muzeyiga sayohat uyushtirildi, bolajonlar uchun maʼnaviy yuksaltirish, ezgulik va yaxshilikka yetaklovchi yangi ishlab chiqilgan multfilmlar namoyish etildi va bayram sovgʻalari topshirildi. Tadbirlar davom etmoqda.

Xususan, 6-yanvar kuni soat 11:00da Yunusobod tumanida joylashgan 21-mehribonlik uyining, 7-yanvar kuni shu vaqtda esa Chilonzor tumanida joylashgan 22-mehribonlik uyining 50 nafar tarbiyalanuvchisi bayram tadbirlariga tashrif buyurishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?