“Oʻzbekkino” Milliy agentligiga yangi direktor tayinlandi

17:16 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
204 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov “Oʻzbekkino” Milliy agentligining direktori etib tayinlandi.

Firdavs Abduxoliqov ayni paytga qadar bir qator hujjatli filmlarga prodyuserlik qilgan. Uning rahbarligida OʻzEOAVMA tomonidan Rossiya telekanallari bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston – qumliklar javohiri”, “Qoraqalpogʻiston vaqt qumliklari oralab”, “Oʻzbekiston. Qoʻlga kiritilgan kashfiyotlar”, “Nukus. Nomaʼlum kolleksiya” singari hujjatli filmlar suratga olingan.

Shuningdek, Firdavs Abduxoliqov BBC, EURONEWS, CNBC va boshqa bir qator xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda koʻplab media-loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda efirga uzatilgan “Katta Langar Qurʼoni: sirlar va haqiqatlar” hujjatli filmi shular jumlasidan. Joriy yilning avgust oyida “Rossiya-Kultura” telekanalida “Oʻzbekiston. Sevgi haqida afsonalar” hujjatli filmi namoyish qilindi.

Firdavs Abduxoliqov shuningdek, 2018-yilda Sankt-Peterburgda “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida oʻtkazilgan II Xalqaro kongressda 300 dan ortiq jahon olimlari tashabbusi bilan tuzilgan Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining raisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?