“Oʻzbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda — Bosh prokuratura

22:19 10 Oktyabr 2020 Jamiyat
561 0

Bosh prokuratura tomonidan «Oʻzbekkino» Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

"Mazkur jinoyat ishi qoʻzgʻatilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan «Oʻzbekkino» Milliy agentligida oʻtkazilgan tekshiruv hujjatlari asos boʻlgan.

Tergov jarayonida,«Oʻzbekkino» Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.

Aniqlanishicha, 22.06.2018-yilda «Oʻzbekkino» Milliy agentligi hamda“Best organaizer” MCHJ oʻrtasida “Menman, Jaloliddin”nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln. soʻm mablagʻ toʻlab berilgan.

Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman, Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish xarajatlari byudjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, «Oʻzbekkino» Milliy agentligidan ajratilgan mablagʻlar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda byudjetga qaytarilgan.

Shuni alohida qayd etish joizki, tergov harakatlari davomida 2020-yil 03-oktyabr kuni taqdimot marosimi boʻlib oʻtgan “Mendirman, Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarni jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yoʻq" deyiladi Bosh prokuraturaning rasmiy bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?