“Oʻzbekkino” MA: “Joʻjalar sanaldi”, ammo...

14:25 01 Noyabr 2018 Jamiyat
153 0

Bugun Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi: 2 oyda — 10 ta premyera” mavzuida Agentlik buyurtmasi asosida suratga olingan oʻn film treyler va tizerlarining matbuot xodimlari uchun taqdimoti hamda filmlar ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Ochigʻi, bu shakldagi anjuman debyut boʻlgani boismi, tadbirda jurnalistdan koʻra filmlar ijodkorlari, aktyorlar, kino sohasi mutaxassislari koʻpchilikni tashkil qildi. Shunga qaramay, tadbir qiziqarli, qizgʻin savol-javoblarga boy, jonli tarzda kechdi, filmlar haqida batafsil maʼlumot berilib, mulohazalar bildirildi.

— Oʻtgan yil 3 avgust kuni Prezidentimiz Oʻzbekiston ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda zimmamizga kino sohasini yanada taraqqiy toptirish, oʻzimizning milliy kinofilmlarni koʻpaytirish, zamonamiz qahramonlari qiyofasini yaratishdan tashqari, ajdodlarimiz haqida xolis va haqqoniy axborot bera oladigan tarixiy badiiy-publitsistik filmlarni suratga olishni yoʻlga qoʻyish kabi aniq vazifalarni yuklagan edi, — dedi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori oʻrinbosari Shuhrat Rizayev jurnalistlarga intervyu berarkan. — Oradan koʻp oʻtmay, yaʼni 2017 yilning 7 avgust kuni davlatimiz rahbarining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, joriy yil 24 iyul kuni esa “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi. Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustda imzolangan PQ-3176-sonli qarorida “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga aniq topshiriqlar berilib, xususan, davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlari prognoz koʻrsatkichlari belgilandi. Unga koʻra, 2018 yilda 20 ta toʻliq metrajli badiiy film, 40 qismdan iborat 20 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar, 15 ta multiplikatsion film va yosh kino ijodkorlarning 10 soatdan iborat qisqa metrajli filmlarini, bolalar uchun yumoristik kinojurnallarni ishlab chiqarish hamda suratga olishimiz kerak edi. Biz hozirgacha yosh rejissyor Jahongir Ahmedovning “Islomxoʻja” tarixiy-publitsistik badiiy filmini, mahoratli kinorejissyor Hilol Nasimovning vatanparvarlikni tarannum etuvchi “Hayot” kinokartinasini tomoshabinlar hukmiga havola qildik. Bugungi taqdimotni esa bizga Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan mazkur yuksak vazifa nechogʻli uddalangani xususida oʻziga xos hisobotimiz, deyish ham mumkin.

Tadbirda yosh va umidli rejissyorlardan Sarvar Karimovning taniqli adib Chingiz Aytmatov asari asosida qirgʻizistonlik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olingan “Sarviqomat dilbarim”, Umid Hamdamovning “Issiq non”, Akbar Bekturdiyevning “Tinchlik ortida”, Abduvohid Gʻaniyevning “Elparvar”, Doniyor Shokirovning “Shashmaqom” (badiiy-publitsistika janrida), Ilhom Muhammadibrohimovning “Parvoz” kinokartinalari bilan bir qatorda, el ardogʻidagi kinorejissyorlar Zulfiqor Musoqovning Ikkinchi jahon urushining xalqimiz taqdirida tutgan oʻrni va urush asoratlariga bagʻishlangan “Berlin — Oqqoʻrgʻon” badiiy filmi, kinorejissyor Nozim Abbosovning adib Said Ahmad hamda uning rafiqasi, shoira Saida Zunnunovaning chigal va murakkab hayot yoʻli haqida hikoya qiluvchi “Said va Saida” kinokartinasi, shuningdek, rejissyor Abduxalil Mingnorovning badiiy-publitsistika janrida tayyorlangan “Abu Iso Muhammad at-Termiziy” filmining treyler hamda tizerlari namoyishi boʻlib oʻtdi.

Bir qarashda, hammasi joyida, olam guliston, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi zimmasiga yuklangan vazifani yil yakuniga yetmasdan sharaf bilan uddalab turibdi (garchi barcha premyeralarni qoʻshganda ham joriy yilga belgilangan prognoz koʻrsatkichi toʻliq bajarilmagani koʻrinib turgan boʻlsa-da). Ammo taqdimot jarayonida ayon boʻlishicha, bu oʻnta filmning faqat bittasi mukammal yakuniga yetkazilgan, qolgan toʻqqizta film hali yoki montajda yoki ovozlashtirish va grafika yumushlarini bajarish jarayonida. Toʻgʻri, balki oldinda turgan ikki oy mobaynida barcha vazifa uddalanib, ketma-ket premyeralar guvohiga aylanarmiz. Ammo hali toʻliq oxiriga yetkazilmagan, ayni paytda ham mehnat jarayoni ketayotgan filmlarni koʻz-koʻz qilishdan koʻzlangan muddao nima edi?! “Bizlar ishlayapmiz, plan vaqtida bajariladi”, deyishmi? Mabodo yil yakuniga qadar shu oʻnta filmning birontasi chala qolib ketsa-yu, 1 yanvargacha premyerasi oʻtkazilmasa-chi? “Oʻzbekkino” bugungi taqdimot bilan qanoatlanib, “yuqori”ga beradigan hisobotida oʻsha filmni ham koʻrsatib oʻtishi uchunmi bugungi taqdimotdan koʻzlangan asl maqsad?

Joʻjani kuzda sanagan yaxshi, biroq “joʻja”lar hali “yetilmagan” bir paytda ularni “sanash”, toʻydan oldin nogʻora chalish kimga va nima uchun kerak?!

Hasan TOSHXOʻJAYEV, sanʼatshunos.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?