Oʻzbekiston jahonning 50 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishi uchun amaliy saʼy-harakatlar boshlandi

15:44 04 Dekabr 2018 Siyosat
195 0

Prezidentimizning 2018 yil 4 iyuldagi qarori asosida davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari tuzilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida ham shunday kengash jadal faoliyatga kirishdi.

Kengash raisi, Mirzo Ulugʻbek xalqaro fondi rahbari Oqil Salimov boshqargan yigʻilishlarda tizim faoliyatini yanada yuksaltirish, fuqarolarga yaqindan koʻmaklashish, innovatsion loyihalarni hayotga izchil tatbiq etish va boshqa muhim yoʻnalishlar koʻrib chiqilmoqda. Shu maʼnoda, vazirlik oʻtgan qisqa muddat ichida fuqarolarimiz uchun ochiq davlat organiga aylandi. Jumladan, vazirlik oʻz faoliyati toʻgʻrisida OAV, veb-saytlar orqali muhim maʼlumotlar olish imkoniyatini yaratib berdi. Qolaversa, “Ilm-fan va innovatsion rivojlanish” hamda “XXI asr texnologiyalari” jurnallari chop etilib, ularda tizim faoliyatiga doir eng dolzarb va qiziqarli maʼlumotlar taqdim etib borilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, 2030 yilgacha innovatsion rivojlanishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Shu asosda har uch yilda bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladi. Shuningdek, yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, ular faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va texnik, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi fan yoʻnalishlari boʻyicha “Yosh olim” respublika tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish, joriy etish hamda ularni yanada rivojlantirishni taʼminlovchi normativ-huquqiy bazani yaratish maqsadida vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Fan toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.

Shu oʻrinda muhim bir maʼlumotni keltirib oʻtish lozim. Yaʼni 2018 yil birinchi choragida “Fan toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga www.regulation.gov.uz portalida fuqarolar tomonidan juda katta qiziqish bildirildi. Ushbu qonun loyihasi 2 210 ta izoh kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi sifatida yetakchilik qildi.

Vazirlar Mahkamasining “Aqlli shahar” konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi asosida “Aqlli transport”, “Elektron militsiya”, “Elektron taʼlim”, “Elektron sogʻliqni saqlash tizimi”, “Aqlli energetika”, “Suv taʼminoti”, “Aqlli uy-joy va kommunal xoʻjaligi” kabi mezonlarni oʻz ichiga olgan “Aqlli shahar” konsepsiyasi tayyorlandi.

Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan hozirgi kunga qadar 21 nafar yosh olimning chet elga ilmiy stajirovkalari tashkillashtirildi.

Bugungi kunda vazirlik qoshida “Innovatsion ishlanmalarni tatbiq etishning ilmiy-amaliy markazi”, “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi”, “Yashnobod innovatsion texnoparki direksiyasi”, “Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi” tashkil etilgan va ular mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

Innovatsion tuzilmada ilmiy va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirishni qoʻllab-quvvatlash uchun biznes-inkubatorga asos solingan. Hozirgi paytda texnoparkda 7 nafar rezident faoliyat yuritib, ular tomonidan 245 ta ish oʻrni yaratildi hamda 24,3 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi.

Prezidentimizning “Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent shahri, Andijon, Fargʻona, Namangan, Jizzax viloyatlarida innovatsion loyihalar-startaplarini ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va oʻzlashtirish, natijalarini transfer qilish hamda tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etish ustida ishlar olib borilyapti.

Sogʻliqni saqlash tizimida kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, oʻz vaqtida va samarali davolash imkonini beruvchi ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida poytaxtimizda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida “Doktor Maqsudova” innovatsion klinikasi ochildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham xuddi shunday shifoxona ochilishi kutilmoqda.

Masalan, changtutqich loyihasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati mablagʻlari hisobidan tijoratlashtirilib, dastlabki ikki bosqichi yakuniga yetdi. Oʻzbekiston hududidagi seysmik xavfni baholash dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tijoratlashtirildi. Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti va “Nikofarm” MCHJ oʻrtasida farmatsevtika sohasiga oid “Flanorin” va “Ferulen” substansiyalarini ishlab chiqarish boʻyicha litsenziya shartnomasi imzolanib, natijada ayni paytgacha 440 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilganini mamnuniyat bilan taʼkidlash lozim.

Agrar sohaga innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish, ekinlarning yangi seleksiya navlarini yaratish boʻyicha Xalqaro urugʻchilik federatsiyasi va boshqa urugʻchilik assotsiatsiyalari bilan aloqalar oʻrnatilgani ham alohida eʼtiborga molik. Davlat-xususiy sherikligi “Qoʻqon klaster” va “Qarshi klaster” urugʻchilik korxonalarini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihalari tayyorlandi. Endilikda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham urugʻchilik klasterlarini tashkil qilish boʻyicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq qilish uchun har bir klasterga 10 million AQSH dollaridan, jami 60 million dollar ajratilgan. Turkiyaning “Agrobest” va Yaponiyaning “Musashino Seed Co., Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda ypygʻchilik klasterlarini tuzishga kelishilgani ayni muddao boʻlmoqda.

Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida joriy yilda jami 1 748 loyiha 193,4 milliard soʻm miqdorida moliyalashtirilib, ushbu loyihalar ustidan doimiy monitoring oʻrnatilgan.

Mamlakatimizda robototexnika sohasini rivojlantirish borasida manfaatdor idoralar bilan tegishli chora-tadbirlar rejasi tayyorlangan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek xalqaro fondi bilan birgalikda vazirlik tasarrufida robototexnikani rivojlantirish uchun Innovatsion markaz tashkil qilish va unga yetuk mutaxassislarni, qobiliyatli yoshlarni jalb etish nazarda tutilgan. Bundan buyon robototexnika yaratadigan mutaxassislarni ragʻbatlantirish maqsadida 2 milliondan 6 million soʻmgacha miqdorda mukofotlar bilan taqdirlanadigan doimiy tanlov oʻtkaziladi.

Prezidentimizning shu yil 21 sentyabrdagi “2019 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida yurtimizning 2030 yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish moʻljallangan. Ishonamizki, ushbu muhim vazifalar ijrosini taʼminlash ana shu marrani zabt etishga xizmat qiladi.
Soyibjon NЕGMATOV,
OʻzRFA akademigi, Islom Karimov nomidagi TDTU
“Fan va taraqqiyot” DUK ilmiy rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?