Oʻzbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi — demokratik saylovlar oʻtkazishlar asosi

13:34 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
96 0

2019-yil 3-oktyabr kuni “Poytaxt” biznes markazida “Oʻzbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi — demokratik saylovlar oʻtkazishning asosi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tashabbusi bilan Markaziy saylov komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyada parlament quyi palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, Markaziy saylov komisciyasi, YEXHT va BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, xorijiy davlatlar va mamlakatimiz ekspertlari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Mazkur konferensiya xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokida yangilangan saylov qonunchiligi asosida saylovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish maqsadida oʻtkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Akmal Saidov “Saylov kodeksi – demokratik saylovlar oʻtkazishning asosi” mavzusida maʼruza qildi. Unda saylov qonunchiligidagi yangiliklar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, parlament Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti saylov qonunchiligidan chiqarib tashlandi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish tartibi qonun bilan mustahkamlandi. Shuningdek, saylovlarni oʻtkazish yoki tashkil etishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilandi.

Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi huquqi berildi. Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish tartibi joriy etildi. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga saylovda ishtirok etish huquqi berildi. Saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladigan boʻldi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 nafardan 5 nafarga koʻpaytirildi. Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, yaʼni, ularni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi belgilandi.

Konferensiya ishida saylovlar boʻyicha xalqaro ekspertlar Renata Levovski va Georgiy Baratashvili maʼruza bilan ishtirok etdi. Ularning maʼruzalarida demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha xalqaro tajriba va amaliyot toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar oʻz chiqishlarida Oʻzbekistonda saylovlarni demokratik prinsiplar asosida oʻtkazishda Saylov kodeksining qabul qilingani hamda saylovlar bilan bogʻliq qonun hujjatlarining takomillashtirilgani muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdilar.

Shundan soʻng, xalqaro anjuman oʻz ishini ikki yoʻnalishda davom ettirdi. Birinchi yoʻnalish — “Saylov kodeksi — partiyalararo raqobatni taʼminlashning kafolati” mavzusida yangilangan saylov qonunchiligi talablari asosida partiyalarning saylovlardagi ishtiroki va partiyalararo raqobat masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ikkinchi — “Saylov kodeksi — saylov ochiqligini taʼminlashning kafolati” mavzusidagi yoʻnalishda esa, saylovlar jarayonlarini yoritishda OAVning ishtiroki hamda mazkur jarayonlarni yoritishda saylov va axborot qonunchiligi talablariga rioya qilish masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir soʻngida muhokamalar davomida ishlab chiqilgan, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq takliflar tahlil etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?