Oʻzbekistonning yangi sayyohlik brendi ishlab chiqiladi, Buxoro deklaratsiyasi imzolanadi

17:29 21 Fevral 2019 Jamiyat
368 0

Said Rahmonov, Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi online” xabar qiladi. I Xalqaro ziyorat turizmi forumi ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Buxoro shahrining tarixiy obidalari, madaniy-meros obyektlari, ziyorat turizmi markazlari bilan yaqindan tanishdilar.

— Hindistonda Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish juda katta, — deydi “Haieny Herchants” sayyohlik kompaniyasi rahbari Vikas Xanduri. — Ayniqsa, keyingi paytda turizmni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan ishlar yurtingiz jozibadorligini tobora oshirmoqda. Bizning kompaniyamiz tomonidan mamlakatingizga ilk bor 2009 yilda dastlabki sayyohlar joʻnatilgan. Lekin oʻzim birinchi marta kelib turibman.

Bugungi forumda yuqori saviyada tashkil etilgan. Uning doirasida Buxoro viloyatida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik. Ayniqsa, zamonaviy infratuzilma obyektlari bunyod etilayotgani eʼtiborga molikdir. Hindiston aholisining 12 foizii islom diniga eʼtiqod qiladi. Bu 23 million ortiq kishi, deganidir. Biz ularni yurtingizga ham sayohat, ham ziyorat qilish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Buxorining asl holida saqlanib qolgan tarixiy qismida oʻzimni oʻtmishga tushib qolgandek his qildim. Va yurtingizda madaniy meros obyektlari, tarixiy obidalarni oʻz holida saqlash qolish, muqaddas qadamjolarni obod etish borasidagi ishlariga qoyil qoldim.

Taʼkidlash kerakki, forum doirasida turizm sohasidagi xorijiy kompaniyalar hamda davlat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida davra suhbatlari va B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etiladi. Uchrashuvlar natijasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolash koʻzda tutilgan.

Ular orasida kutilayotgan eng muhim hujjat bu Buxoro deklaratsiyasidir.

Gap shundaki, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Buxoro viloyati hokimiyati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va forumning boshqa ishtirokchilari bilan birga “Oʻzbekistonni ziyorat-turizmining markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisida” gi Buxoro deklaratsiyasini imzolash marosimi boʻlib oʻtadi.

Shu bilan birga, respublikaning ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida jahon hamjamiyatini xabardorlik darajasi oshirish, Oʻzbekiston yangi sayyohlik brendini ishlab chiqish, ziyoratchilar talablaridan inobatga olgan holda, mavjud turistik marshrutlarni takomillashtirish ham kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?