Oʻzbekistonning urbanistik kelajagi. Bunda qaysi mezonlarga tayaniladi?

18:00 12 Fevral 2019 Jamiyat
626 0

Illyustrativ foto

“Tarixiy anʼanalar va ilgʻor tajriba ­Oʻzbekiston ­aholisiga ham, oilaviy va ijtimoiy qadriyatlardan voz kechmagan holda, sekin-asta zamonaviy shahar hayotiga oʻtish imkonini ­beradi. Oʻshanda Oʻzbekistonning shahar ­markazlari ham boshqa, yaʼni tez surʼatlar ­bilan ­rivojlanish natijasida muayyan ­muammolarga duch kelgan mamlakatlar uchun ­namuna boʻla oladi”, deb hisoblashadi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, ­professor Frederik STARR hamda “Calatrava Grace” ­korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Maykl SЕLLMAN.

Shu yilning 10 yanvarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan ­takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi ­Farmonga imzo chekdi. Quyida mazkur hujjatdan kelib ­chiqib, AQSHlik taniqli ekspertlar mamlakatimiz ­shaharlari 20 — 30 yildan keyin qanday qiyofaga kirishi hamda urbanizatsiya jarayoniga xos boʻlgan ­salbiy oqibatlar, masalan, chekka joylarda ­xarobalar paydo boʻlishi va jinoyatchilik, korrupsiyaning ortishi kabi holatlarni Oʻzbekiston qanday chetlab oʻtishi mumkinligi toʻgʻrisida fikr yuritishadi. Eʼtiborlisi, mazkur tahliliy maqola ilk bor “Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilinmoqda.

Oʻzbekistonda urbanizatsiyaga intilish qator omillarga bogʻliq

Masalan, tugʻilish koʻrsatkichining yuqoriligi qishloq joylarda aholi koʻpayib ketishiga olib keladi. Toʻgʻri, 2017 yilda dunyoga kelgan bolalar soni undan avvalgi yildagiga nisbatan 10 700 nafar kam va shu davrda tugʻilish koʻrsatkichi har ming nafarga 22,8 dan 22,1 gacha pasaygan. Shunga qaramay, ­tadqiqot oʻtkazilgan 226 ta mamlakat orasida Oʻzbekiston 71-oʻrinni egallab turibdi. Yirik aholi punktlarining ­aksariyatida daromad yuqori va bu holat ham qishloq joylarda yashovchilarni ­ohanrabodek oʻziga tortib keladi.

Omillardan yana biri — taʼlim olish va mansab pillapoyalaridan koʻtarilish imkoniyatini koʻpchilik, ayniqsa, yoshlar, asosan, Toshkentda hamda boshqa yirik shaharlarda koʻrishadi. Shuningdek, transport tarmogʻi rivojlanganligi poytaxtga intilishni ­orttiradi.

Markazga tortish kuchi Oʻzbekiston oʻz oldiga oʻrta darajadagi daromadli mamlakatlar safiga kirishni maqsad qilib qoʻygan. Unga erishish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev faqat soʻnggi yilning oʻzida koʻplab dasturlarni taʼsis etdiki, oʻndan ortiq erkin iqtisodiy zonalar va ellikka yaqin sanoat zonalarini yaratish, eks­portni ragʻbatlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlik oldidagi toʻsiqlarni bartaraf etish shular jumlasidan. Bir vaqtning oʻzida qishloq tumanlarida uy-joylar qurish davom etmoqda. Oʻrta darajadagi daromadli mamlakat maqomiga erishish boʻyicha bunday yangi tashabbuslar urbanizatsiya jarayonini ­mustahkamlaydi.

Xoʻsh, “oʻrta darajadagi daromadli mamlakat” tushunchasi nimani anglatadi? Jahon banki talqiniga koʻra, bu — aholi jon boshiga 1 006 dollardan 12 235 dollargacha toʻgʻri keladigan yalpi milliy daromad (YAMD)ga ega davlat. Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) har bir kishiga 1 500 dol­lardan, yalpi milliy daromadi (YAMD) esa 7 130 dollardan toʻgʻri keladi. Jahon banki yana “past darajadagi daromadli mamlakat” va “oʻrtadan yuqori darajadagi daromadli mamlakat” tushunchalarini alohida ajratadi. Ular orasidagi farq aholi jon boshiga 3 995 dollarni tashkil etadi. Yaʼni 109 ta oʻrtacha daromadli mamlakatdan 56 tasi — oʻrtadan yuqori darajadagi daromadli mamlakat, qolganlari — oʻrta darajadagi daromadli mamlakat.

BMTning urbanizatsiya istiqbollari haqidagi maʼruzasida qayd etilishicha, oʻrta darajadagi daromadli mamlakatlar 2020 yilga borib 53,7 foizga urbanizatsiyalashadi va 2030 yilda urbanizatsiya koʻrsatkichi 59 foizga, 2050 yilda esa — 68,3 foizga teng boʻladi. Oʻrtadan yuqori darajadagi daromadli mamlakatlar uchun bashorat koʻrsatkichlari balandroq. 2020 yilga borib ularda urbanizatsiya 68,2 foizni, 2030 yilda 75 foizni, 2050 yilda esa 82,6 foizni tashkil etadi.

Agar Oʻzbekiston 2030 yilga borib, oʻrta darajadagi daromadli mamlakatlarda kuzatiladigan urbanizatsiya darajasiga erishsa, unda shahar aholisining soni 34,44 million kishidan iborat boʻladi yoki hozirgiga nisbatan 17,67 million ortiq kishini tashkil etadi. Bu degani — shaharda yashovchilar yiliga oʻrta hisobda 1,47 million nafarga yoki 283 173 uy xoʻjaligiga koʻpayadi. Agar 2030 yilda oʻrtadan yuqori darajadagi daromadli mamlakatlarning urbanizatsiya darajasiga erishsa-chi? Unda shahar aholisi 36,06 million kishiga yetadi yoki hozirgidan 19,29 million nafarga koʻp boʻladi.

Deylik, yangi shahar aholisining yarmi Toshkentda yashaydi. U holda 2030 yilga borib, Oʻzbekiston poytaxti aholisi 12,125 million nafarga yetadi, bu esa hozirgidan deyarli besh baravar koʻp. Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida aholi soni 27,15 millionga ortadi. Mabodo, kelgusida oʻsish surʼati oʻrtadan yuqori darajadagi daromadli mamlakatlarniki singari boʻlsa, kutilayotgan raqamlar yanada kattalashadi.

Oʻzbekiston ana shu toifaga kiruvchi mamlakatlardagi sxema asosida rivojlansa, yaqin oʻn yilliklar ichida u mislsiz yuqori urbanizatsiyaga erishadi. Bu esa hozirning oʻzidayoq yiliga millionlab yangi shahar uylari qurish zaruratini koʻrsatib turibdi.

Lekin bularning barchasi prognoz, xolos. Real hayotda koʻplab muqobil yechimlar topilishi ham mumkin. Misol uchun, mamlakat rahbariyati ikkilamchi shahar markazlarini rivojlantirishda ularni tenglashtirish siyosatini tanlashi mumkin. Toshkent yoki unga yaqin joylashgan ikkinchi darajali katta shaharlar atrofida yoʻldosh-shaharchalar bunyod etish ehtimoli ham shu bilan bogʻliqdir.

Milliylikmi yoki “global yakkahokimlik”?

Oʻzbekistonda fuqarolar ehtiyojini taʼminlash uchun qaysi turdagi uy-joylarni qurgan maʼqul? Ular qay darajada milliy oʻzlikni va aholi mentalitetini namoyon etishi kerak?

Koʻplab xorijliklar Oʻzbekistondagi anʼanaviy hovlilarda hukm suradigan mehmondoʻstlik va iliq muhitdan hayratlanishadi. Toʻgʻri-da, oilaning bir necha avlodi birga, bitta uyda yashaydi, shunga qaramay, har bir avlod vakilining oʻziga yarasha mustaqilligi ham bor. Mahalla boʻlsa qoʻshnilar orasidagi ahil munosabatni shakllantiradi. Har bir hovlida, albatta, mevali daraxtlar va ishkom borligi aholining tabiatga oshnoligidan darak ­berib turadi.

Xoʻp, shunday ekan, Oʻzbekistondagi bu anʼanalardan oʻtmish sarqiti sifatida voz kechish kerakmi? Axir, bugungi zamonaviy dunyoda shahar hayoti va shaharsozlik puxta rejalashtirilgan, u fransuz sotsiologi Klod Levi-Stross bergan taʼrif — “global yakkahokimlik” asosida xalqaro andozalarga yaqinlashmoqda. Yo boʻlmasa, oʻzbeklarning turmush tarzini bebaho qadriyat sifatida qabul qilib, uni faqat zamon talabiga mos holda oʻzgartirsa boʻldimi? Bu masala nihoyatda dolzarb, ayniqsa, yirik megapolislarda. Negaki, byudjet har bir kvadrat metr yerni aniq hisobga olishni ­talab qiladi, tayyor bloklar yordamida tez quriladigan koʻp qavatli uylar esa masalaning oson yechimidek, goʻyo.

Dunyodagi “eng puxta rejalashtirilgan” shaharlar ham meʼmorlarning chiroyli gʻoyalariga hamisha mos kelavermagan. Brazilia, Sankt-Peterburg, Nyu-Dehli, Vashington, Islom­obod, Pekin — bu ayrim ­misollar, xolos. U yerlarda ham aholining chuqur tarixiy ildizga ega ijtimoiy anʼanalari sekin-asta savdo ehtiyojlari yoki muayyan hududdan kutilmagan tarzda foydalanish zarurati paydo boʻlishi tufayli oʻzgargan. Shaharlar tabiiy ravishda, izchil rivojlangan, reja tuzuvchilar esa davr bilan hamnafas boʻlish uchun oʻz loyihalarini oʻzgartirishga majbur boʻlganlar. Oʻzbekiston uchun ­shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish va loyihalashtirishda xalqning uy qurish ­anʼanalari, oʻziga xos urf-odatlari hisobga olinishi muhim.

Xoʻsh, loyihachi va meʼmorlar tarixiy, madaniy merosni qay darajada hisobga olishlari ­kerak? Bu — xalqaro konstruksiyalarga sof oʻzbekona, betakror naqshlarni shunchaki “yopishtirib qoʻyish”, degani emas. Madaniy va ijtimoiy anʼanalarga shunday koʻz bilan qarash lozimki, yangicha namunadagi uylar qadimiy qadriyatlarni inkor etmagan holda, ularga asoslansin. Oʻzbekistonlik va xalqaro darajadagi meʼmorlar lo­yihani amalga oshirishga kirishishdan avval keng jamoatchilik fikrini oʻrgansinlar. Mamlakatda hokimiyatning barcha boʻgʻinida xalq ­bilan muloqot ­tamoyili ilgari surilayotgani ham bejiz emas, axir.

Energiya tejamkorligi, maqbul narx, qulayliklar

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda qurilish sohasidagi ­loyihalarga juda katta sarmoya kiritilmoqda. Bunyodkorlik koʻlamini kengaytirish uchun ­ragʻbat ham mavjud. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida 34 mingta koʻp qavatli uyning ahvolini oʻrganish va ularni rekonstruksiya qilish uchun aniq chora-tadbirlar koʻrish ­vazifasini qoʻydi. Renovatsiya dasturi ishlab chiqil­yapti. Yangi uylarni qurish va ­eskilarini rekonstruksiya qilishda asosiy shartlar energiya tejamkorlik, maqbul narx, qulayliklardan iborat. Aholi bandligini taʼminlash ham ­muhim jihatlardan biridir. Hukumatning prognoziga koʻra, uy-joy qurilishini kengaytirish hisobiga har yili 100 mingdan ziyod ish oʻrinlari ­yaratiladi.

Oʻzbekiston arxitektura va qurilish sohasiga tegishli ana shunday muammolarga duch ­kelayotgan birinchi davlat emas. Rivojlanayotgan mamlakatlarning aksariyati oʻzlarida mavjud holat va madaniy qadriyatlarni, aholining urbanizatsiyalashuvini oʻrganish uchun sotsiolog, tarixchi, psixolog, iqtisodchi olimlar va mutaxassislarni jalb qilish oʻrniga, boshqa davlatlarda ishlab chiqilgan modellarni mexanik ravishda koʻchirib olib, umumiy qarorlar qabul qilgan.

Oʻzbekistonda esa yangi, innovatsion yoʻnalishlarni tanlash imkoniyati bor. Buning uchun bosh­qa mamlakatlarning urbanizatsiya jarayoni va uy-joy qurish sohasidagi yutuq hamda kamchiliklarini puxta oʻrganish lozim boʻladi. Shundagina chinakam “oʻzbekona ruh”da bunyod etilgan yangi shahar va tumanlar, ­mikrorayonlar paydo boʻladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilar komandasi oldidagi vazifa — urbanistik kelajak uchun eng maqbul yechimlarni topish maqsadida ham mamlakat ichkarisiga, ham tashqariga sinchkov nazar solish.

Qurilish sohasidagi ilgʻor texnologiyalar, ularni qoʻllash bilan bogʻliq jarayonni chuqur oʻrganish ham muhim omillardan biri sanaladi. Oʻzbekis­tonda uy-joy qurish odatdagi usullarga asoslanadi. Baland binolar yogʻochdan sinch qoʻyib, gʻisht devor terish yoki beton bloklarni oʻrnatish yoʻli bilan barpo etiladi. Agar bunda murakkab beton qorishmalar ishlatilsa, binolar yanada pishiq va xavfsiz boʻladi. Narx muammosini hal etish uchun esa, beton asosida tayyorlangan modul kons­truksiyalardan foydalanish mumkin. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilayotgan betonning universalligi bir qarashda bilinmasa-da, hayron qoldiradi. Masalan, konstruktiv maqsadda ishlatilishi bilan bir payt­da tayyor tekis yuzani hosil qila oladi, uni esa keramik plitaga oʻxshagan pardozlash materiallari bilan osongina bezash mumkin. Bundan tashqari, issiq beton qorishmasini har mavsumda, harorat darajasi turlicha boʻlganda ham ishlatish imkoni bor.

Qurilishning modul usuli

Xoʻsh, u qanday afzalliklarga ega? U xavfsizlik masalalarini hal etadi. Modul kons­truksiyalar eng qatʼiy qurilish meʼyorlari va qoidalariga baʼzan toʻla mos keladi, baʼzan esa hatto ulardan oʻzib ham ketadi. Bundan tashqari, modulni yigʻish zavod sharoitida, sifat va samaradorlik nazorati ostida amalga oshiriladi (yosh bolalar yaxshi koʻradigan oʻyinchoq — “Lego” konstruktorini tasavvur qiling-a!) Modul konstruk­siyaning har bir detali temir yoʻl yoki avtotransportda oldindan aniqlab qoʻyilgan qurilish maydonchasiga yetkaziladi. Ular biri birining ustiga “teriladi”. Ayrim hollarda shu yoʻl bilan balandligi 40 qavatgacha boʻlgan binolar barpo etiladi. Mazkur jarayonda “detallar kutubxonasi” yuzaga keladi. Natijada esa toʻla muvofiqlashgan ­tizimga guvoh boʻlamiz.

Tayyor bloklar bir-biri bilan turlicha kombinatsiyada birlashtirilishi mumkin. Uy egalari oʻz xohishiga koʻra, mavjud konstruksiyaga yangi boʻlaklar qoʻshish yoʻli bilan xonalarni kengaytira oladilar. Modul konstruksiya tijoratchilar uchun ham qulay. Masalan, namunaviy vitrinalar savdo maydonining hajmi, ishlatilish maqsadi, qisqasi, zaruratga qarab osongina oʻzgartiriladi. Modul usuli bugungi kunda urbanizatsiya jarayoni jadal davom ­etayotgan Oʻzbekistonda keng foydalanilishi mumkin.

Qoʻshimcha afzalliklari shundan iboratki, ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar kam boʻladi, qurilish maydonida xalaqit beruvchi omillar ham deyarli yoʻq, shuningdek, binolarni zichroq joylashtirish mumkin. Xom ashyo qayta ishlanadi, jihozlar himoya ostida boʻladi. Demak, hamma narsa qatʼiy kuzatuv chegarasida. Havo buzilmaydi, aksincha, sifati yaxshilanadi. Negaki, yigʻish jarayonida quruq materiallar ishlatiladi. Qurilish davomida ­namlik kam sarflanadi, natijada esa ifloslanish ham ­kamayib, tuproq eroziyasini, suv yoʻllarini va havodagi chang miqdorini nazorat qilish ­imkoniyati vujudga keladi. ­Nazorat yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, baxtsiz hodisalar xavfi ham kamayadi.

Modellarning standartlarga mosligi “Plug-and-play” (“Ishlatgin-da, oʻyna”) qurilmalaridan, shuningdek, mebel, santexnika va elektr jihozlaridan foydalanishga imkon beradi. Chunki ularni arxitektura kompozitsiyasiga kiritish oson. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning oxirida Oʻzbe­kistondagi mavjud qurilish ­tuzilmalarini qayta koʻrib ­chiqish tashabbusini bildirganini hisobga oladigan boʻlsak, bu juda muhim.

Tez surʼat — modul kons­truksiyalar usulining yana bir afzalligidir. Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan ulkan maqsadga erishish uchun qurilish jarayonini jadallashtirish masalasini koʻrib chiqishi maqsadga ­muvofiq. Modul binolarni barpo etish va qurilish may­donchasidagi ishlar bir vaqtning oʻzida davom etadi, yaʼni anʼanaviy usullarga qaraganda ish ikki baravar tez bitadi. ­Ob-havo ham xalaqit bermaydi, chunki qurilish ishlarining ­asosiy qismi zavod ichida ­bajariladi.

Masalaning muhim jihati, yangicha shaharsozlikning estetik va ijtimoiy qimmatini oshirish bilan ham bogʻliq. Agar modul jarayonlar bosh rejaga asoslanmas ekan, uning samarasi boʻlmaydi. Bunday holatda monolit bloklar hamma yerni egallab oladi, bu esa oʻzbek ­xalqining ehtiyojlari, qiziqishlariga mos kelmaydi. Demak, Oʻzbekiston strategiya va taktika oʻrtasidagi, yaʼni madaniyat haqidagi fundamental tafakkur, jamiyatning turmush tarzi va ularni roʻyobga chiqarish usullari oʻrtasidagi muvozanatni topishi lozim. Ishchan taktika minglab kishilarni tezda yaxshi uy-joylar bilan taʼminlash uchun zarur boʻlsa, puxta oʻylangan strategiya esa madaniy qadriyatlar va ijtimoiy jihatdan toʻgʻri yondashuvni talab etadi.

Bir xil oʻlcham hammaga toʻgʻri kelmaydi

Muvaffaqiyatli strategiya sari olib boradigan yoʻl — umumiy tamoyillarni amaliy rejalarga tatbiq etishga imkon beruvchi dizayndir. Uni ishlab chiqish uchun, goʻyoki “oʻzbekona” hisoblangan, odatda, bir xillikka va qotib qolgan “andoza”larga asoslangan shakllarni bir oz chetga surib, insoniyat asrlar davomida qanday ­yashagan, bugun va ertaga qanday yashamoqchi — ana shu madaniy va ijtimoiy voqeliklarga intilish kerak boʻladi. Bu masalani koʻrib chiqishda esa, “bir xil oʻlcham hammaga toʻgʻri kelaveradi”, degan yondashuvdan voz ­kechish lozim. Oʻzbekiston — turlicha landshaftga ega boʻlgan juda rang-barang hudud. Davrlar oʻtgani sayin har bir hududda oʻziga xos, alohida uslublar vujudga kelgan. Endi ulkan ­miqyosdagi shaharsozlikni amalga oshirishda oʻsha eski, mexanik shakldagi qoliplarni almashtirishga kirishsa-yu, uning oʻrniga faqat yangicha milliy standartlashtirish yuzaga kelib qolsa-chi? Bu juda achinarli boʻlgan boʻlardi. Oʻzbekistonning butun hududi boʻylab turlicha yondashuvlar oqilona tarzda tanlanishi uchun imkoniyat bor. Lekin ushbu jarayonda meʼmorlar, texnologlar hamda mahalliy aholi oʻrtasida oʻzaro ­kelishuv va hamkorlik talab etiladi.

Oʻzbekistonning urbanistik yoxud “shaharcha” kelajagi muvaffaqiyat qozonadimi, yoʻqmi? — bu uning oddiy fuqarolar hayot sifatiga qanchalik taʼsir koʻrsatishiga bogʻliq. Shaharlarning yangi bosh rejalari piyoda yoʻlovchilar harakatini boshqara oladimi? Jamoat joylari barcha avlod vakili rohatlanadigan, jinoyatchilikni kamaytiradigan, ijodkorlik va tijorat uchun birdek ragʻbat uygʻotadigan maskanlarga aylanadimi? Bosh rejalar mavjud topografiya, shuningdek, mahalliy va chetdan keltirilgan manzarali daraxtlardan unumli foydalanishni hisobga oladimi? Savollar koʻp. Qisqasi, urbanizatsiya jarayoniga shunday yondashgan maʼqulki, u jahon tajribasidagi ayrim urbanistik ­loyihalar va yangi qurilish ­texnologiyalarini oʻzlashtirish bilan bir qatorda, tez surʼatlar bilan “shaharlashish”ning universal muammolari, uy-joyga boʻlgan talabning ortishi, yoʻllardagi tirbandliklar, ­kutilayotgan natija bilan ­mavjud zaxiralar oʻrtasidagi tafovut kabi omillarga oʻzbek jamiyatining munosabatini ham aks ettirsin.

Koʻpgina mamlakatlarda shahar rejasini tuzuvchi meʼmorlar “LEED” (“Energetik va ekologik dizaynda yetakchilik”) tamoyiliga tayanadilar. Oʻzbekistonda esa hech bir ilgʻor tashabbusdan koʻchirma olish yoʻlidan foydalanib boʻlmaydi. Lekin ular asosida yotgan tafakkur tarzi, yaʼni odamlarning oʻzaro ­muloqotini yaxshilash uchun “jonli ­tizimlar” yaratish maqsadi Toshkent va boshqa shaharlarda oʻzgarishlarni amalga oshirishga ilhomlantira oladi.

Oʻzbekiston urbanizatsiya masalasida yuqori pogʻonalarga chiqishi uchun demografiya, iqtisodiy baza, kelajakka qaratilgan dadil siyosat, boy tarix va madaniyat mavjud. Asrlar davomida koʻplab shaharlar bu borada muvaffaqiyatga erishib kelgan. Bu shaharlar nafaqat mamlakat ichidan, balki tashqaridan ham iqtidorli shaxslarni ohanrabo singari oʻziga tort­gan va sayyohlarni jalb qilgan. Goʻzallik shahar hayotining ­sifatiga ijobiy taʼsir ­koʻr­satishini inkor qilib ­boʻla­dimi, axir!

Oʻzbekiston yuqorida keltirilgan masalalar boʻyicha qaror qabul qilmay qoʻymaydi, albatta. Xoʻsh, hukumat buni qanday amalga oshiradi — shunchaki “inersiya orqali”, beixtiyor, oʻz-oʻzidanmi? Yo boʻlmasa, mahalliy va xorijiy arxitektorlar, reja tuzuvchilar hamda Oʻzbe­kistonning oʻziga xos madaniyati, jamiyati va iqtisodiyoti boʻyicha ekspertlar ishtirokida keng muhokama natijasidami? Nazarimizda, rahbariyat ikkinchi yoʻlni tanlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?