Oʻzbekistonning toʻrtta shahrida VII Yevropa kinosi festivali boʻlib oʻtadi.

09:14 11 Oktyabr 2019 Madaniyat
103 0

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan birga, Oʻzbekiston Elektron Ommaviy Axborot vositalari Milliy Assotsiatsiyasining (EOAVMA) koʻmagida, 11-oktyabrdan 10-noyabrgacha VII Yevropa kinosi festivali boʻlib oʻtadi.

Bu yilgi festival dasturida Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzax shaharlaridagi katta ekranlarda Yevropaning yetakchi rejissyorlari tomonidan yaratilgan filmlar namoyish etilishi koʻzda tutilgan.

Ochilish marosimi 11-oktyabr kuni Toshkentda, EOAVMA “Media-xoll” binosida soat 18:00da boʻlib oʻtadi. Tantanali ochilish marosimidan soʻng “Belgiyaliklar Qiroli” badiiy filmi namoyish etiladi. Festival Toshkentda joriy yilning 18-oktyabr kuniga qadar davom etadi.

VII Yevropa kinosi festivali doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida – 24-26-oktyabr, Xorazm viloyatining Urganch shahrida – 1-3-noyabr va Jizzax viloyatining Jizzax shahri kinoteatrlarida – 8-10-noyabr kunlari namoyish etiladi.

Festival doirasida Yevropaning 12 mamlakati: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiyaning taniqli rejissyorlari tomonidan yaratilgan 10 ta film taqdim etiladi.

Bular: “Belgiyaliklar Qiroli” komediya janrida suratga olingan drama, “Qishdagi Luiza” animatsion filmi, “Stefan Sveyg: Yevropa bilan xayrlashuv” hujjatli filmi, “Imtihon” va “Kichik fermer” dramalari, biror bir inson kadrga tushmagan “Xomo sapiyens” filmi, “Uzoqdagi kuchuklar hayqirigʻi” hujjatli filmi, kriminal elementlariga ega “Chyambra” dramasi, “Hayotdagi eng baxtli kun” nomli quvnoq hujjatli film va “Jannat 89” badiiy filmlaridir.

Yevropa kinosi festivali mintaqaning madaniy rang-barangligini yorqin jilolarda aks ettirish orqali Yevropa kinosi sanoati yangiliklarini taqdim etish barobarida Oʻzbekiston tomoshabinlarining madaniy maʼrifatini oshirishga salmoqli hissa qoʻshadi.

Barcha filmlar rus va oʻzbek tilidagi subtitrlar bilan asliyat tilida namoyish etiladi. Barcha kinoseanslarga kirish – bepul.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?