Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi bahosi oʻzgarishsiz VV- (barqaror) darajada saqlab qolindi

16:37 10 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
332 0

2020-yilning 9-oktyabr kuni “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi boʻyicha navbatdagi hisobotini chop etdi.

Hisobotga koʻra, mamlakatimizning suveren kredit reytingi bahosi oʻzgarishsiz VV- (barqaror) darajada saqlab qolindi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

"Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, agentlik, joriy yilning mart oyidan boshlab 65 foizdan ortiq qayta koʻrib chiqilgan hisobotlarida reyting koʻrsatkich baholarini pasaytirgan.

Mustahkam Hukumat balansi, moʻtadil davlat qarzi darajasi va oʻsish surʼatlari mamlakatimiz suveren kredit reytingini qoʻllab-quvvatlovchi omillar sifatida sanab oʻtilgan. Shu oʻrinda, institutsional va boshqaruv darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

COVID-19 global pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi reytingining barqarorligi davlatning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralarning mavjudligida, diversifikatsiyalangan tovarlar eksporti bazasida hamda tashqi moliyaviy manbalardan foydalanish imkoniyatlarida aks etadi. Oltinning yuqori narxi eksport, davlat moliyasi va xalqaro zaxiralar hajmiga ijobiy taʼsir etdi. Agentlikning fikricha, mustahkam tashqi va fiskal buferlar joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va oʻsib borayotgan davlat qarzi bilan bogʻliq xatarlarni kamaytiradi.

Agentlik kutilmalariga koʻra, Oʻzbekiston boshqa mamlakatlardan farqli oʻlaroq, 2020-yildagi iqtisodiy tanazzullardan holi boʻladi. Oʻsish surʼatlarining 2020-yil 1-chorak yakunlari boʻyicha 0,2 foizga pasayishidan soʻng, oʻsish surʼatlarning 0,5 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, fiskal choralar orqali iqtisodiyotda isteʼmol va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish va asosiy savdo sheriklarimiz iqtisodiyotining tiklanishi evaziga 2021-2022-yillarda respublikada iqtisodi oʻsish 5-5,5 foizni tashkil etadi.

Mamlakatimizning yosh aholisi, investitsiyalarning yuqori darajasi hamda nazorat ostida olib borilayotgan tizimli islohotlar dasturi inqirozdan keyingi ijobiy oʻsishga olib kelishi hisobotda alohida taʼkidlangan.

Agentlik ekspertlarining fikricha, 2017-yildan beri amalga oshirilib kelinayotgan islohotlarga Hukumat tomonidan eʼtibor katta boʻlib, ular makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilash, oʻsish istiqbollariga erishish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish, institutsional va boshqaruv sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishni taʼminlaydi. Agentlik Hukumatning 2025-yilgacha moʻljallangan bank sektorini isloh qilish strategiyasi va 2020-2021-yillarda davlat korxonalarini xususiylashtirish rejalari haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, agentlik Jahon banki boshqaruv indikatorlarining ulushi suveren kredit reyting bahosida yuqoriligini aytib oʻtib, Oʻzbekistonning mazkur indikatorlardagi oʻrni pastligi va bu institutsional salohiyatning yetarli emasligi, qonun ustuvorligining notekis qoʻllanilishi va korrupsiya darajasining yuqoriligidan dalolat berishiga urgʻu berdi.

Agentlikning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston suveren kredit reytingi  (shu jumladan reyting prognozi) quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

- makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlagan holda yuqori iqtisodiy oʻsishga erishilganda;

- “qonun ustuvorligi”, “aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik”, “tartibga solish sifati” va “korrupsiyani nazorat qilish” kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;

- davlat moliyasining fiskal va tashqi zaxiralari sezilarli oshganda" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?