O‘zbekistonning Silikon vodiysidagi elchisi tayinlandi

14:43 26 Mart 2018 Jamiyat
1024 0
Foto: «Muic.uz»

AQShning internet to‘lov tizimiga ixtisoslashtirilgan “Openbucks” kompaniyasi asoschisi Mark Rochman “Mirzo Ulugbek Innovation Senter” innovatsiya markazi(MUIC)ning Silikon vodiysi va jahon IT-uyushmasidagi elchisi etib tayinlandi. 

Mamlakatimizdagi innovatsiya markazi direktori Farhod Ibrohimov amerikalik tadbirkor, elektron tijorat bo‘yicha mutaxassisga shu bo‘yicha maxsus sertifikat topshirdi, deyiladi “Infokom” axborot manbasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Mark Rochman O‘zbekistonga tashrifi davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, “UZINFOCOM” yagona integratori mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar hamda MUIC rezidentlari bilan norasmiy tarzda uchrashib, mamlakatda AKT sohasida mavjud imkoniyatlardan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘z shaxsiy tajribasi hamda kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ayni chog‘da mehmon Inha, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida ma’ruzalar qildi. 

Mark Rochman mamlakatimizda jabhada yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, “Openbucks” kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga olib kirish istiqbollariga jiddiy qiziqish bilan qarayotganini ta’kidladi. Shuningdek, uning “UzMobile” aloqa operatori vakillari bilan qilgan muloqoti ham qiziqarli kechdi. Ekspert mazkur mahalliy brend bilan amaliy hamkorlik qilish ehtimoli borligini yashirmadi.

Mark Rochman MUICning Silikon vodiysi hamda jahon IT-uyushmasidagi elchisi sifatida ushbu innovatsiya markazi rezidentlarini AQShda ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Unga tegishli kompaniyaning Kaliforniyadagi ma’muriy binosida tez kunlarda “Uzbekistan Work Space” hududi paydo bo‘ladi. Bu yerda yurtimiz rezidentlari Silikon vodiysiga ish yuzasidan tashrifi chog‘ida vaqtincha to‘xtab o‘tishi imkoniyati yaratiladi.

Qolaversa, biznesmen o‘z kompaniyasi sheriklari hamda mijozlarini O‘zbekistonda faoliyat yuritishga jalb etish hamda respublikamizni “PayPal”, “App Store”, “Play Market”, “Google Pay” va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari hamda savdo maydonlarining ruxsat etilgan ro‘yxatiga kiritishga ko‘mak berishni rejalashtirayapti.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?