Oʻzbekistonning Pokistondagi “Ziyorat turizmi” elchisi tayinlandi

21:28 19 Oktyabr 2020 Dunyo
222 0

Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari Ravalpindi shahrida Pokistondagi Naqshbandiya tariqati yetakchisi Pir Muhammad Naqib ur-Rahmonning oʻgʻli - Pir Muhammad Xasib ur-Rahmonga Oʻzbekistonning “Ziyorat turizmi” elchisi guvohnomasini topshirdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Marosim 500 dan ortiq Naqshbandiya taʼlimoti izdoshlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizning Pokistondagi “Ziyorat turizmi”ning yangi elchisi Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan respublikada buyuk islom merosini asrab-avaylash, maʼrifiy islomni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni yuksak baholadi. Shuningdek, Pokistonda “Ziyorat turizmi”ni targʻib qilish kabi xayrli ishlarda unga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi. U bunday sharafli vazifani bajarish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar etishini taʼkidladi.

“Ziyorat turizmi” elchisi joriy yil bahorida Oʻzbekistonga tashrifi yuqori darajada tashkil etilganini mamnunlik bilan esladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli islohotlar, shu jumladan, mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar oʻz samarasini berayotganini qayd etdi. Oʻzbekiston islom olami uchun diniy taʼlim, maʼrifiy islom va uning umuminsoniy qadriyatlarini targʻib qilish sohasida izchil oʻzgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda, degan fikr bildirdi.

Pir Muhammad Xasib ur-Rahmonga koʻra, Oʻzbekistonga “Ziyorat turizmi”ning oʻziga xosligi shundaki, ziyoratchilarga nafaqat Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa tarixiy shaharlar bilan tanishish, balki buyuk Imom Buxoriy, Bohouddin Naqshbandiy, Muhammad Xorazmiy kabi mutafakkir va allomalar merosini oʻrganish imkoniyati ham taqdim etiladi.

“Ziyorat turizmi” elchisi Pokistondan ziyoratchilarni “Umra plyus” maxsus dasturi boʻyicha Oʻzbekistonga yuborish istagini bildirdi.

Tadbir Pokiston ommaviy axborot vositalari, jumladan “Daily Jang”, “Ahsas News”, “Haq News”, “Jahon Pakistan”, “Daily Nai Baat”, “Daily Osaf”, “Daily Sama”, “Daily Islam” axborot agentliklari va nashrlarida hamda “PTV” markaziy telekanalida keng yoritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?