Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi: “Oʻzbekiston neʼmatlariga Janubiy Osiyo bozorlarida talab yuqori”

14:02 30 Iyul 2019 Iqtisodiyot
194 0

Mamlakatimizning faol tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, mazkur jarayonda Oʻzbekiston — Pokiston munosabatlari, ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishda yangi surʼat bilan rivojlanayotganini koʻrishimiz mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi

Furqat SIDIQOV ana shunday mustahkam hamkorlik hamda aloqalarimizning istiqbollari haqida muxbirimizga quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat uchun barcha zarur imkoniyat va zaxiralar yaratilyapti. Natijada Pokistondagi salohiyatli importchilar bilan koʻp qirrali va uzoq muddatli munosabatlarning yangi davri boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Misol uchun, 2018-yildan ikki mamlakat oʻrtasida faol biznes aloqalarining yanada kengayishi va oʻzaro manfaatli tijoriy operatsiyalar salmogʻi ortishi bosqichi kuzatilmoqda.

Oʻtgan yili Pokistonga mamlakatimiz eksporti hajmi 220 foiz oʻsib, 32,4 mln. AQSH dollarini tashkil etgani buning tasdigʻidir. Vaholonki, mazkur koʻrsatkich 2017-yilda 10 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan, xolos. Oʻz navbatida, 2018-yilda Pokiston bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ham 190 foiz oʻsib, 98,4 mln. AQSH dollariga yetganini alohida qayd etish joiz.

Yurtimizda keyingi ikki-uch yilda qishloq xoʻjaligi sohasida klasterlar tashkil qilishga alohida kirishilganidan barchamiz yaxshi xabardormiz. Bunday ezgu tashabbus fermer xoʻjaliklari faoliyatining kuchayishiga turtki berishi barobarida, yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini katta miqdorda eksport qilishga imkoniyat yaratyapti. Masalan, Pokiston bozorlarida Oʻzbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarga talab tobora ortmoqda. Buning natijasida 2018-yilda ushbu mamlakatga 22,2 mln. AQSH dollarilik, yaʼni 30 ming tonna meva-sabzavot sotildi. Qolaversa, Pokiston mamlakatimizdan meva-sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yirik davlatlar oʻntaligi (7-oʻrin)dan joy oldi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yanada kengaytirish maqsadida 2018-2019-yillarda yurtimizda Pokiston ishtirokida 20 dan ortiq savdo kompaniyalari va agrofirmalar tashkil qilindi. Hozir ular Oʻzbekiston meva-sabzavotlarini Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazish, shuningdek, Pokistonning Karachi porti orqali Fors koʻrfaziga olib chiqish bilan shugʻullanmoqda.

Joriy yilning besh oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Pokiston savdo aylanmasida eksport hajmi 363 foiz oʻsishi hamda importning 45 foiz qisqarishi kuzatildi. Chunonchi, joriy yil yanvar — may oylarida eksport 25 mln. AQSH dollarini (2018-yilda — 9,8 million dollar) va import 14 million AQSH dollari (2018-yilda — 37 mln. dollar)ni tashkil qilgani eʼtiborga molik.

2019-yilda ham mamlakatimizning Pokistonga asosiy eksport nomenklaturasi meva-sabzavot tovarlari boʻlib turibdi. Shu yilning yanvar — may oylarida Oʻzbekistondan Pokistonga 17 ming tonna, yaʼni 19,7 mln. AQSH dollari qiymatida shunday mahsulotlar eksport qilindi. Mosh, noʻxat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar hamda gilos, olma, oʻrik kabi hoʻl va quritilgan mevalar, qulupnay, qalampir, pomidor, qovun singari sabzavotu poliz neʼmatlari Pokiston bozorlarida eng xaridorgir boʻlmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mamlakatning isteʼmol bozori Oʻzbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarni oliy sifat belgisi, deb qabul qilayotir va zaminimizda pishib-yetilgan neʼmatlar Eron, Kanada, Myanma va Avstraliyadan keltiriladigan shunday tovarlar bilan toʻliq raqobatlashmoqda. Pokistonlik isteʼmolchilarning fikriga koʻra, respublikamiz mevalari betakror mazasi, turli darmondorilar, xususan, temir moddasiga boyligi bilan ajralib turadi.

Qisqacha aytganda, bundan keyin ham zaminimiz neʼmatlariga nafaqat Pokiston, balki butun Janubiy Osiyo davlatlari bozorlarida talab yuqori boʻladi. Zero, quyosh nuriga toʻyingan, bobodehqonlarimiz mehri bilan oziqlangan sarxil meva-sabzavotlarimiz nafaqat dasturxonlarga oʻzgacha koʻrk va fayzu baraka baxsh etadi, balki inson ruhiyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Omonulla FAYZIYEV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?