Oʻzbekistonning oltin eksporti rekord darajaga yetdi

11:20 20 Avgust 2019 Iqtisodiyot
151 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston boshqa mamlakatlarga 3,4 mlrd. dollarlik oltin sotdi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 1,5 mlrd. dollar boʻlgan edi. Oʻsish 2,2 barobarni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi xabar berdi.

Oxirgi besh yilda mamlakatimiz oltin eksporti bir necha marotaba oʻzgargan. Masalan, mazkur koʻrsatkichlar 2015-yilda 823,9 mln. dollar, 2016-yilda 738,2 mln. dollar, 2017-yilda 1,6 mlrd. dollarni tashkil etgan.

Umumiy eksport tarkibida oltinning ulushi 31 foizga yetgan. Bunday natija oxirgi besh yilda kuzatilmagan edi(2015-yilda 12,1 foiz boʻlgandi).

Oʻzbekiston oltin sotish hajmlarini narx oʻsishi asnosida koʻpaytirib boryapti. Masalan, iyun oyi oxirida oltin uchun fyucherslar 1 unsiya uchun 1397,7 dollarga baholangan. Oxirgi marta bunday holat 2013-yilda kuzatilgan.

Aynan iyul oyida oltin eksporti oshdi. Iyun yakuniga kelib umumiy sotish miqdori 2 mlrd. dollarga yetgan boʻlsa, bir oy oʻtib esa unga yana 1,4 mlrd. dollar qoʻshildi.

World Gold Council(Oltin boʻyicha jahon kengashi) maʼlumotlariga koʻra, Markaziy bank oʻtayotgan yilning II choragida asosiy oltin sotuvchilardan biriga aylangan.

Oltin eksporti oshishi mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi qisqarishi davriga toʻgʻri keldi.

Maʼlumot uchun, 1-avgust holatiga koʻra rasmiy zaxiralar 27,72 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilgan boʻlsa, shundan 12,28 mlrd. dollari chet el valyutasidagi zaxiralar va 15,08 mlrd. dollari oltin boʻldi. Umumiy zaxiralar hajmi bir oy davomida deyarli oʻzgarmadi – 27,74 mlrd. dollar. Biroq undagi oltin hajmida kuchli oʻzgarish kuzatilgan. Agar iyulda ushbu miqdor 11,3 mln. troya unsiyasini tashkil etgan boʻlsa, avgustda bu 10,5 mln. troya unsiyasiga tushdi.

Eslatib oʻtamiz, troya unsiyasi banklar va zargarlar tomonidan qoʻllaniladigan ogʻirlik oʻlchov birligi boʻlib, 31,1034768 grammga teng. Shu asosda oltin zaxirasini tonnaga oʻgirsak, iyulda 351 tonna, avgustda 326 tonna boʻldi.

Oʻzbekiston har yili 70-80 tonna oltin sotadi. 2016-yilda 70 tonna, 2017-yilda 80 tonna, 2018-yilda yana 70 tonna eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda 80 tonnaga qayta koʻtarish rejalashtirilgan.

Prognozlarga koʻra, joriy yilda oltinning dunyodagi narxi 1 unsiya uchun 1320 dollar boʻladi. Mazkur narxlar mos ravishda 2018-yilda 1268 dollar, 2017-yilda 1258 dollar va 2016-yilda 1248 dollar boʻlgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?