Oʻzbekistonning eng mashhur universitetlari shahar tashqarisiga koʻchirilishi mumkin

16:23 15 Fevral 2019 Jamiyat
1344 0

Arxiv foto

Oʻzbekistoning eng mashhur oliygohlaridan biri sanalgan Oʻzbekiston Milliy universiteti shahar tashqarisiga koʻchirilishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Tursun Ahmedov 15 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani vaqtida maʼlum qildi.

“Xalq soʻzi“ muxbirining maʼlum qilishicha, Ahmedov, shuningdek, Milliy universitet yonida joylashgan Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti ham shahar tashqarisiga koʻchirilishi mumkinligini bildirgan.

“Hozirda shahar meʼmorchiligi boʻyicha jahon tajribasini oʻrganyapmiz. Maqsadimiz – yirik shaharlarda oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari joylashuvini toʻgʻri tashkil etish. Oʻrganishlarimizdan maʼlum boʻlishicha, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida universitetlar va ilmiy institutlar odatda shahar tashqarisida yoki atrofida joylashtirilgan.

Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti ham, balki 5 yil, balki 10 yildan keyindir, shahar tashqarisiga koʻchirilishi mumkin.

Talabalar shaharchasi yaqinda obod qilindi, bu albatta quvonarli hol. Lekin mazkur hudud obod qilindi degani universitetlar koʻchirilmaydi degani emas“, degan Ahmedov “Xalq soʻzi“ muxbiri bilan suhbatda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?